Kosmik sayohatlar to’liq malumot oling
Avvallari insonlar shunchaki parvoz qilishni orzu qilishardi. Koinot haqidagi bilimlar rivojlanib, boshqa osmon jismlarining hamda umumiy fazoning tuzilishi borasida olimlarda muayyan ilmiy faktlar paydo boʻlar ekan, endilikda odamzod shunchaki havoda parvoz qilishni emas, balki boshqa sayyoralarga, boshqa galaktikalarga ham uchishni orzu qilib qoldi. Koinotga parvoz va kosmik sayohatlar haqidagi ilk mulohazalar, albatta, fantastik adabiyotlarda paydo boʻlgan. Chunonchi, 1865-yilda nashrdan chiqqan ʼʼYerdan Oygaʼʼ asarida mashhur fantastik yozuvchi Jyul Vern Oyga sayohat haqida yozadi. Muallif bu asarda fizika qonunlarini deyarli inobatga olmagan holda, asosan, erkin badiiy toʻqimalar orqali syujetni ifodalaydi. Lekin Edvard Xeylning ʼʼgʻisht oyʼʼ nomi hikoyasi haqida bunday deya olmaymiz. Mazkur hikoyada muallif orbitaga gʻishtdan yasalgan sferaning uchirilishi haqida yozadi. Hikoya gʻoyasiga koʻra, muhandislar tomonidan yasalgan gʻisht sfera, aslida, Yer orbitasiga chiqarilishi va u Yer sharining hamma joyidan koʻrinib turadigan obyektga aylanishi kerak boʻladi. Loyihachilar ushbu sferadan navigatsiya signali sifatida foydalanishni koʻzda tutishadi. Lekin uni uchirish paytida qilingan xato tufayli odamlar gʻisht sfera ichida qolib ketadi va ular koinotga parvoz qilishadi. Aslida, shunchaki badiiy-fantastik hikoya boʻlgan ushbu asarda tarixda ilk bora Yerning sunʼiy yoʻldoshi va kosmik-orbital stansiya haqida soʻz boradi. Unda muallif koinotda yashash shartlari va kosmik parvozlarga oid bir necha muhim fizik-texnik tamoyillarni bayon qilgan. Kosmik sayohatlar haqidagi soʻnggi muvaffaqiyatli badiiy asarlardan biri, shubhasiz, Ridli Skotning ʼʼMarslikʼʼ filmi boʻldi. Unda Marsda faoliyat olib borayotgan ilmiy ekspeditsiya tarkibidagi bir xodim sheriklaridan ajralib sayyorada qolib ketadi va qutqaruvchilar qaytguncha oʻsha yerda yashashga majbur boʻladi.
Albatta, katta miqdorda fantastika aralashgan ushbu filmda ham haqiqatga yaqin ayrim jihatlar yoʻq emas. Koinotga parvoz uchun amaliy harakatlar tarixiga nazar tashlasak, quyidagi qiziqarli maʼlumotlarni koʻrishimiz mumkin: Manbalarga qaraganda, tarixda ilk fazogir xitoylik Van Xu ismli tavakkalchi boʻlgan emish. XVI asrda yashab oʻtgan bu odam kresloga 47 ta poroxli raketani mahkamlab, oʻzi oʻrnashib oʻtirib olgan va sheriklariga raketalarni oʻt oldirishni buyurgan. Raketalar oʻt olgach, Van Xu oʻtirgan joyda kuchli quyuq tutun hosil boʻlgan va uni qaytib hech kim koʻrmagan. Ushbu hodisani zamonaviy rekonstruksiyaga koʻra xulosa qiladigan boʻlsak, Van Xu koinotga uchishga qaror qilgan ʼʼkosmik kemaʼʼ, ʼʼstart maydonchasiʼʼning oʻzida portlab parchalanib ketgan boʻlsa kerak. Aslida, raketa texnologiyasi paydo boʻlgan davrlarda u, asosan, faqat harbiy maqsadlarda, dushmanga qarshi qurolli hujum uyushtirish uchun ishlatilgan. Ushbu jihat hatto AQSh milliy madhiyasida ham oʻz ifodasini topgan.
AQSh madhiyasidagi ʼʼthe rocketʼs red glareʼʼ satri Britaniya harbiy floti kemalarining 1812-yilda Amerika portlarini Kongriv raketalari bilan oʻqqa tutgani haqidagi yodnomadir. Oʻsha zamonlarda harbiy maqsadlarda qoʻllangan raketalar mohiyatan ulkan feyerverklar boʻlib, zarba kuchini koʻpaytirish uchun raketa kallagini metall qoplama bilan mustahkamlashgan. Raketa texnikasidan foydalanib koinotga parvoz qilish mumkinligi haqidagi ilk gʻoyalarni rus oʻqituvchisi Konstantin Eduardovich Siolkovskiy ilgari surgan. U yerning oʻz oʻqi atrofida aylanish tezligi 8 km/soniya ekanini bilgan holda endilikda ʼʼSiolkovskiy formulasiʼʼ deb nomlanuvchi mashhur fizik formulani keltirib chiqargan. U bunday tezlikka suyultirilgan kislorod va vodorodda harakatlanuvchi raketa orqali erishish mumkinligini ham isbotlab bergan edi (zamonaviy kosmik raketalarning aksariyatida aynan shunday yoqilgʻidan foydalaniladi). Siolkovskiyning 1903-yilda nashrdan chiqqan mashhur “Olam fazosini reaktiv asboblar bilan tadqiq qilish” nomli kitobida kosmik parvozlarning koʻplab tafsilotlarini juda aniqlik bilan bayon qilib bergan. Hali oddiy samolyotlar ham boʻlmagan bu davrda Siolkovskiyning koinot apparatlari haqidagi bu darajada mukammal fikrlar bildirgani hayratlanarlidir. Chunonchi, u kosmik kemaning tashqi qoplamasini qoʻshqavatli qilish kerakligini, odamning vaznsizlik holatiga tushgandagi jismoniy va fiziologik ahvoli qanday boʻlishini real voqelikka juda katta yaqinlik bilan ifodalaydi. Raketaning koʻp bosqichli boʻlishi kerakligini, balandlik ortgan sari va yonilgʻi tugashi paytida raketaning maʼlum qismlari asosiy bortdan uzilib tushib ketishi orqali uning vaznini yengillatib borish mumkinligini ham aynan Siolkovskiy taʼkidlagan. U bu turdagi raketa uchirish usulini “raketa poyezdi” deb nomlagan. Inson tomonidan boshqariladigan kosmik kema tamoyilini ham ilk bora 1911-yilda aynan Konstantin Siolkovskiy taklif qilgan edi. Unga koʻra, fazogir kabinasi raketaning eng yuqori qismiga joylashtiriladi. Oʻshanda Siolkovskiy fazogirning raketa maydonchadan start olib, orbitaga chiqib olgunicha koʻtarishi kerak boʻlgan jismoniy zoʻriqishlar haqida ham mukammal hisob-kitoblarni keltirib oʻtgan.
Konstantin Eduardovich Siolkovskiy oʻzi loyihalagan raketa modellari bilan. 1919-yil.
Albatta, Siolkovskiy gʻoyalari amalga oshishi uchun koʻp vaqt va ulkan mablagʻ kerak boʻldi. Fazoga ilk marta inson uchirilishi 1961-yilda amalga oshdi. Unda rus fazogiri Yuriy Gagarin, “Vostok-1” kosmik kemasida Boyqoʻngʻir kosmodromidan fazoga uchib, tarixdagi ilk fazogirga aylandi. Yerdan tashqaridagi osmon jismiga uyushtirilgan ilk kosmik parvoz esa 1969-yilda amerikalik astronavtlar — Nil Armstrong, Bazz Oldrinlar tomonidan Apollon–11 koinot kemasida bajarildi. Hozirda Yer orbitasida Xalqaro kosmik stansiya ishlab turibdi. U muddatini oʻtab boʻlgan “MIR” orbital stansiyasining oʻrniga chiqarilgan edi. Ushbu orbital stansiyalarda koʻplab fazogirlar faoliyat yuritib kelishdi. Hozirgi kunda (30.01.2016) Xalqaro kosmik stansiyada komandir Skot Kelli boshchiligidagi 5 nafar fazogir faoliyat yuritmoqda.
Maqola orbita.uz saytidan olindi. Original maqola → Kosmik sayohatlar
Muqova surat: freepik.com
Boshqa mavzular
Kosmik sayohatlar