Koreya Respublikasi ta’lim tizimi
Koreya Respublikasi ta’lim tizimi
DO`STLARGA ULASHING:
1894-yili shaxsiy bilim maskanlari birlashtirilib, mamlakat ta’lim tizimini boshqaruvchi institut tashkil etildi. Shu bilan birga 1895-yildan boshlang‘ich maktablar va maktab uchun kadrlar tayyorlaydigan pedagogika maktablari tuzildi. Bundan tashqari bir qancha xususiy maktablar ochilib, 1900-yilda ular faoliyatini tartibga solib turadigan «Xususiy maktablar to‘g‘risidagi qonun» qabul qilindi. 1910-yili Koreya va Yaponiya o‘rtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq Koreya Yaponiyaning rasman mustamlakasiga aylantirildi. Natijada bu mamlakat ta’lim tizimiga ham katta ta’sir ko‘rsatdi. Yapon mustamlakachilari Koreyaning ta’lim tizimini keskin o‘zgartirish yo‘lidan bordi va xususiy maktablar faoliyati cheklab qo‘yildi. Bu davrda 1911-yil 23-avgsutda qabul qilingan «1-Choson ta’lim buyrug‘i» amal qildi.
Unga ko‘ra, koreys va yapon fuqarolarining farqli ta’lim siyosati olib borildi. Ya’ni, mahalliy xalq faqat
4 yil mobaynida boshlang‘ich ta’lim olar, o‘rta va oliy ta’lim berilmas edi. Bu yapon mustamlakachiligining uzoq o‘ylangan rejalari qatoriga kirardi. Ammo 1919-yili boshlangan norozilik harakatlari oqibatida Yaponiya hukumati biroz yon berishga majbur bo‘ldi va buyruqqa o‘zgartirish kiritib, boshlang‘ich ta’lim 4 yildan 6 yilga uzaytirildi. 1922-yil 4-fervralda «3-Choson ta’lim buyrug‘i» qabul qilindi. Bu buyruqqa ko‘ra, ta’lim muddatlari uzaytirildi. Ya’ni, oddiy maktablarda ta’lim 6 yil, ayollar maktablarida esa 5 yil etib belgilandi. Shuningdek, asta-sekinlik bilan universitetlar ham paydo bo‘la boshladi. Jumladan, 1924-yili Kyongson Davlat Universiteti ochildi.Oddiy maktablar va boshlang‘ich maktablar, yuqori va o‘rta maktablar birlashtirildi. Koreys tili fanlari kamaytirilib, imperiya xalq demokratiyasi fani kiritildi. 1943-yil 3-avgustda «4-Choson ta’lim buyrug‘i»imzolandi va yapon mustamlakachiligining ta’lim sohasidagi zo‘ravonligi kuchadi. Jumladan, o‘rta va yuqori maktablarda ta’lim 4 yilgacha kamaytirilib, koreys tili fani dasturdan olib tashlandi. Uning o‘rniga yapon tili darslari kiritildi. Koreyani yoppasiga savodsizga aylantirish siyosati natijasi o‘laroq, 1944yilgi Koreya Umumiy Arxiv qo‘mitasi ma’lumotlariga qaraganda o‘sha paytda Koreyaning savodxonlik darajasi bor-yo‘g‘i 13,8%ni tashkil etgan. 1945-yili Ikkinchi Jahon urushi bilan birga Koreyadgi Yaponiya mustamlakachiligi ham tugadi. Endilikda Koreyada tabiiyki boshqa sohalar qatori ta’lim tizimini o‘zgartirish vazifasi turardi. Eng avvalo «Ta’limni rivojlantirish qo‘mitasi» tashkil etildi va qo‘mita oldiga darsliklar yaratish majburiyati qo‘yildi. Ta’lim tizimi tadqiq etilishi davom ettirilib, axloq, etika, texnikaga oid fanlar kiritildi. 1963-yillardan boshlab esa ta’lim tizimida tabiiy va ijtimoiy fanlarga e’tibor kuchaydi. 1981-yili Prezident Chon Du Xvan mamlakatda shaxsiy ta’lim berish va xususiy ta’lim maskanlari faoliyatini qonunan ta’qiqlab qo‘ydi. Lekin maktabda mustaqil shug‘ullanish uchun imkoniyatlar yaratib berdi. 1992-yilga kelib esa boshlang‘ich maktablar faoliyati yanada rivojlanishi uchun hukumat tomonidan bir qancha imtiyozlar yaratildi.
Manba: www.ziyouz.com/index.php?option=com_content&task=view&id=2826
Koreya Respublikasi ta’lim tizimi