KONSTRUKTIVIZM

KONSTRUKTIVIZM

KONSTRUKTIVIZM (lot. constructs — qurish, yasash) — 20-a. ning 20-y. lari sanʼat va adabiyotda vujudga kelgan oqim. Dastlab meʼmorlikda kurilish texnikasi va texnologiyasi yutuqlari taʼsirida yuzaga keldi va rivojlandi. Konstruktivizm badiiy loyihalash (dizayn) ni shakllanishiga har taraflama imkon yaratdi. Konstruktivizm tarafdorlari atrof muhitni «kurish» vazifasini ilgari surdilar. Qurilgan bino va yaratilgan buyumlarni sodda va ixcham, qulay va maqsadga muvofiq boʻlishini eʼtirof etdilar. Meʼmor va rassomlar hamkorlikda odamlar yashaydigan muhitni yaratib, ularning kayfiyati, mehnat faoliyatiga taʼsir etish mumkin deb bildilar. Konstruktivizm nazariyotchilari ingliz J. Reskin, U. Morris, amerikalik X. Grinua, L. X. Salmiv, avstriyalik O. Loza, fransuz O. Perre, Le Korbyuzye, nemis meʼmorlari V. Gropius, X. Meyer, rossiyalik aka-uka Vesninlar, M. Ginzburg va b. ning amaliy va nazariy qarashlarida shu yoʻnalish gʻoyalari oʻz aksini topdi. Yevropa, Amerika, Osiyoda keng yoyilib «xalqaro uslub» darajasiga koʻtarildi. Oʻzbekistonda meʼmorlardan G. P. Bauer, G. M. Svarichevskiy, S. N. Polupanov va b. K. uslubini keng qoʻllashga harakat qilishgan.

Ensiklopediya.uz
KONSTRUKTIVIZM

Оставьте комментарий