KOMIL XORAZMIY

KOMIL XORAZMIY

KOMIL XORAZMIY (taxallusi; asl ismi Paqlavon Muhammadniyoz Abdulla Oxund oʻgʻli) (1825 — Xiva — 1899) — oʻzbek shoiri, xattot, musiqashunos, tarjimon va davlat arbobi. Jahon madaniyatining Xorazmdagi ilk targʻibotchilaridan biri. Xiva madrasasida oʻqigan. Arab va fors tillarini mukammal bilgan. Sharq adabiyoti namoyandalari ijodini, mumtoz musiqani, xattotlik sirlarini qunt bilan oʻrgangan. 25—30 yoshlarida shoir sifatida tanilgan. Ogahiy uning nomini oʻzining «Gulshani davlat» kitobiga kiritgan. Xiva xoni Sayd Muhammadxon saroyida kotiblik qilgan. Muhammad Rahim II uni mirzaboshilik vazifasiga koʻtargan. Rossiya bilan Xiva xonligi oʻrtasida imzolangan sulh shartnomasi (Gandimiyon shartnomasi) K. X. qoʻli bilan yozilgan (1873). Soʻngra saroyda devonbegi (1873—80), mirzaboshi lavozimlarida ishlagan (1880-y. dan). Xorazmda birinchi boʻlib bosmaxona tashqil etgan (1880—81).

Ensiklopediya.uz
Komil Xorazmiy