KOLORIT

KOLORIT

KOLORIT (ital. colorito, lot. color — rang, boʻyoq) — tasviriy sanʼat asarlari (koʻpincha rangtasvir) voqelikni real va ifodali tasvirlashda ranglarning oʻzaro mutanosibligi. Voqelikni taʼsirli tasvirlash vositasining tarkibiy qismi boʻlgan Kolorit asarning gʻoyasi, mazmuni, davri, uslubi hamda muallifning shaxsiga bogʻliq. Tarixda voqelik tasvirida mahalliy ranglar ozmi-koʻpmi cheklanib, ramziy ranglardan koʻproq foydalanish (oʻrta asrlar sanʼatida) va voqelikni barcha boʻyoklarda (uning rangi, tusy, nursoya va b. dan foydalanib) rangdor ifodalash anʼanasi shakllangan. Kolorit ranglar uygʻunligiga koʻra, iliq (qizil, sariq, zargʻaldoq) yoki sovuq (koʻk, yashil, binafsha), sokin va jiddiy, yorugʻ yoki toʻq, rangdorligiga koʻra, yorqin, xira va b. boʻlishi mumkin. Ranglar uygʻunligi, uning toʻldirilishi va keskinligiga amal qilib, betakror va murakkab Kolorit yaratiladi (Velaskes, Titsian, V. I. Surikov, I. Ye. Repin, Oʻzbekistonlik rassomlardan P. Benkov, Oʻ. Tansiqboyev, 3. Kovalevskaya, Ch. Ahmarov va b. ning asarlari).

Ensiklopediya.uz
KOLORIT