KOLLAPS

KOLLAPS

KOLLAPS (lot. collapsus — behol, majolsiz) — toʻsatdan keskin roʻy beradigan qon tomirlar yetishmovchiligi, kishi hayotini xavf ostida krldiradigan ogʻir holat; arterial va venoz qon bosimining keskin kamayishi, markaziy nerv sistemasi faoliyatining izdan chiqishi, moddalar almashinuvining buzilishi, qon tomirlar devori tonusining toʻsatdan susayishi, harakatdagi qon mikdori (massasi)ning kamayishi bilan ifodalanadi. Bosh miyadagi tomir harakatlanuvchi markaz faoliyatining susayishi sababli, asosan, qorin boʻshligʻidagi aʼzolar tomirlari qonga toʻlib ketadi, ayni vaktda eng muhim hayotiy aʼzolar (miya, yurak, teri, muskullar)ga qon kam boradi. Birdaniga koʻp qon yoʻqotish, shok, kislorod tanqisligi, infeksion va boshqa ayrim kasalliklar (terlama, zotiljam, pankreatit va h. k.), zaharlanish, shikastlanish va b. da roʻy beradi, shunga koʻra, Kollapsning gemorragik, gipokse-mik, infeksion kardiogen, ortostatik, pankreatik, toksik va b. turlari farq qilinadi. Belgilari: daqiqa ichida bemorning toʻsatdan rangi oʻchib, badani koʻkaradi, sovuq ter bosadi, koʻzi ich-ichiga tushib, qorachigʻi kengayadi, yuz qiyofasi oʻzgaradi, nafasi yuzaki boʻladi. Qon bosimi keskin pa-sayib, tomir urishi butunlay sezilmay qolishi ham mumkin. Gavda t-rasi 35° ga, baʼzan undan ham pastga toʻshadi. Bemor majolsiz, esi kirar-chiqar boʻlib qoladi, ayrim hollarda hushdan ketadi. Kollapsda darhol vrach chaqiriladi, u kelguncha bemor boshiga yostiq qoʻymay yotqiziladi, oyogʻiga grelka qoʻyiladi, issiq choy ichiriladi, u yotgan uyga sof havo kirib turadigan qilinadi. Davo tadbirlari Kollapsga sabab boʻlgan omillarni bartaraf etishga qaratilgan boʻlishi lozim. Oʻz vaqtida koʻrsatilgan yordam yaxshi naf beradi.

Ensiklopediya.uz
KOLLAPS

Оставьте комментарий