KOʻNCHILIK

KOʻNCHILIK

KOʻNCHILIK — hayvon terisidan charm (koʻn) tayyorlash kasbi; hunarmandchilikning qad. turlaridan biri. Ibtidoiy odamlar hayvon terisidan charm tayyorlash sirlarini bilishmagan; ular, asosan, xom terilarni yopinib yurishgan. Bunday hol uzoq davom etishi mumkin emasdi, chunki tabiat injiqliklari odamlarning yaxshiroq oʻranib-chirmanib yurishlarini taqozo qilardi. Neolitning soʻnggi bosqichi va jez davri boshlarida chorvachilik yuzaga keldi. Shundan soʻng Koʻnchilikning ilk madaniy uchqunlari paydo boʻldi. Terini qayta ishlash usullari vujudga kelaboshladi. Insoniyat asta-sekin hayvon terisini oshlab koʻn olishni va undan kiyimbosh tikishni bilib oldi. Keyinchalik odamlar tolali oʻsimliklar tolasidan dagʻal matolar toʻqishni oʻrganib olgach, Koʻnchilikga boʻlgan ehtiyoj biroz susaydi. Koʻnchilik hunarmandchilik kasbi sifatida, asosan, 19-a. 2-yarmidan shakllana boshladi. 20-a. boshlarida Oʻzbekistonda koʻplab Koʻnchilik doʻkonlari boʻlgan. Bu yerda chorvachilik taraqqiy etganligi hamda teri va charmga ehtiyoj kattaligi tufayli Koʻnchilik hunarmandchilikning asosiy sohalaridan birigaaylandi. Bu davrda rus kapitali taʼsirida oldin Xorazm (Xonqa)da, keyin Toshkentda koʻn z-dlari qurilgan. Shu tariqa Koʻnchilikning sanoat usullari paydo boʻldi. Ayni paytda Oʻzbekistonning barcha hududlarida kichik-kichik xususiy Koʻnchilik korxonalari, koʻnchilar oilalari paydo boʻldi. Mas, Toshkentda butun boshli koʻnchilar mahallalari boʻlgan. Koʻnchilik z-dlari bilan birga ayrim joylarda xususiy koʻnchilar ham faoliyat koʻrsatmoqda. Terini oshlash texnologiyasi deyarli oʻzgarishsiz qolmoqda. Bunga doir barcha ishlar, asosan, qoʻlda bajarilgan (aksar holdarda hozir ham shunday). Jihozlar tezob (oshlash) idishi yoki hovuzchasi va dud oʻchogʻidan iborat boʻlgan. Tezob (kul aralashtirilgan ohak suvi), tuz va oshlovchi moddalar b-n ish koʻrilgan. Oʻzbekistonda, asosan, qoramol, qoʻy, echki, tuya terisidan turli navlardagi teri (charm) tayyorlangan. Koʻnchilik doʻkonlari va yakka koʻnchilar koʻnning biror navi boʻyicha ixtisoslashgan. Mas, tagcharm ishlab chiqaruvchilar — charmgar, yumshoq koʻn (sahtiyon) ishlab chiqaruvchilar saxti-yongar, mesh ishlab chiqaruchilar meshgar deb atalgan. Keyinchalik koʻn z-dlarida koʻp ishlar mexanizatsiyalashtirilgan va tezobning tarkibi oʻzgartirilgan.

Ensiklopediya.uz
KOʻNCHILIK