KLESTIL

KLESTIL

KLESTIL Tomas (1932.4.11, Vena) — Avstriya federal prezidenti. Vena iqtisodiyot va ishbilarmon maʼmurlar un-tini tugatgan (1956). Avstriya federal kansleri byurosida iqtisodiyot va tijorat departamenti (1957—59), Parijdagi Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot boʻyicha tashkilot huzurida Avstriya missiyasi (1959—62), Avstriyaning AQSHdagi elchixonasi (1962 — 66) xodimi, Avstriya federal kanslerining iqtisodiy siyosat va tashqi savdo boʻyicha byurosi direktori assistenti (1966—69), Los-Anjeles sh. da Avstriyaning Bosh konsuli (1969—74). Avstriya tashqi ishlar vazirligida BMT departamenti rahbari (1974—78). 1978—82 y. larda Avstriyaning BMTdagi, 1982— 87 y. larda AQSH va Amerika davlatlari tashkilotidagi elchisi. 1987—92 y. larda Avstriya federal tashki ishlar vazirligining bosh kotibi, 1992-y. maydan Avstriya Respublikasi federal prezidenti.

Ensiklopediya.uz
KLESTIL