Kitob haqida taqriz
Kitobman – bu kitobxonlar uchun maydon. Ro’yxatdan o’tgan har bir foydalanuvchi o’z kutubxonasiga ega bo’ladi. Bu orqali u hozirda o’qiyotgan, o’qib bo’lgan va o’qimoqchi bo’lgan kitoblarni belgilab qo’yishi va kitobxonlarni shu orqali kitobxonlikga targ’ib ham qilishi mumkin.
Yuridik Maslahat Portali
“Bir hikoyam bor… Yo‘nilgan qoyalar orasidan telbalarcha ko‘pirib toshgan bir tomchi suvda g‘arq bo‘lganim haqida… O‘zim ham bilmaydigan bir baliqning qornidan so‘zlayapman senga. Bu yer zimiston va xilvat joy. Men esa qorong‘ilikdan juda qo‘rqaman… Senga do‘stlarcha qo‘l uzatyapman: sening hikoyangda senga poyabzalimni tuhfa qilish uchun, mening hikoyamda meni tushuna olishing uchun. Iltimos, menga yaxshi qaragin…”
“Alfido” kitobidan.
Inson dunyoga kelar ekan, ikki yo’lga duch keladi, biri yaxshilik, boshqasi yomonlik. Alloh taolo bandasiga aql berib, unga shu ikki yo’lni taklif qildi. Ba’zi bandalari aqlini ishlatib yaxshilik yo’lini tutishi kerakligini angladilar, yana ba’zilari aqlni ishlatib yaxshilik yo’lini o’zi uchun yaxshiligini bilib, ammo nafsiga yengilish natijasida u yo’ldan yura olmadilar, lekin taslim ham bo’lmadilar, aksari bo’lsa aqlni ham ishlatmasdan nafsga yoqqan yo’l bo’lmish yomonlik yo’lini tutdilar. Kitob aynan ikkinchi yo’l – aqlni ishlatganu, lek nafsiga yengilgan, ammo taslim bo’lmagan bir qizning hayoti haqida.
Kitobni o’qir ekansiz yozuvchining tamsil va tashbehlarining go’zalligiga maftun bo’lasiz. Kitob ko’rinishidan kichikkina bo’lishiga qaramay, yaxshilab mushohada qilib o’qiyman desangiz ancha vaqtingizni oladi. Men ba’zi kunlar kitobni o’qiy ham olmadim, yozuvchi shu darajada muroqabaga* chorlaydiki o’zingizdan uyalib ketasiz. Aynan shu joylarida kitobga bor diqqatingizni qarating, u yerlarni kichik sanamang, zero kitobning mag’zi aynan o’sha yerlardadir.
*Ibn Qoyyim rohimahulloh: «Muroqaba bandaning davomli ravishda Alloh subhanahu va taolo uning zohiri va botinidan xabardor bo‘lib turganini bilishi va ishonishidir», degan. (islom.uz saytidan)
Kitobning muqovasiga kelsak, muqovada qizning suratini ko’rgan yigitlar, qizlarga atalgan kitob ekan deb, batafsil qiziqmasdan turib o’qimaslikka qaror bermang. Kitob o’smirdan tortib qariyagacha jins tanlamaydi. Har kim kitobdan o’ziga yaxshi xulosa chiqaradi.
Tarjimaga kelsak, o’qishlik tarjima bo’lgan. “MISBAH” jamoasi tarjimoni Abror aka Adham o’g’li tarjimani shu darajada qilganlarki, bu tarjimalari tufayli iste’moldan chiqib ketgan so’zlarimiz qaytadan hayotimizga kirib kelsa neajab… O’qiyotganingizda izohli lug’atga 5-10 marotaba ishingiz tushishi mumkin..
Kitobning muqovasi yumshoq, qog’oziga kelsak, juda ham sifatli. O’zbekcha kitoblar ichida bunday muqovali kitobni ilk bora ko’rdim.
Kitob foydadan holi bo‘lmaydi deb umid qilaman.
Do’stlarga ulashing
- Click to print (Opens in new window)
- Click to share on Twitter (Opens in new window)
- Click to share on Facebook (Opens in new window)
- Click to share on Telegram (Opens in new window)
- Click to share on Pinterest (Opens in new window)
- Click to share on WhatsApp (Opens in new window)
- Click to share on Skype (Opens in new window)
- Click to share on LinkedIn (Opens in new window)
- Click to share on Pocket (Opens in new window)
- Click to share on Reddit (Opens in new window)
- Click to share on Tumblr (Opens in new window)
Kitob haqida taqriz
Kitobman – O’zbekistondagi ilk onlayn kitobxonlar hamjamiyati. Bu yerda siz so’nggi chop etilgan kitoblarni, ularga bildirilgan taqrizlarni kuzatib borishingiz va shu bilan birga o’z fikrlaringizni bildirishingiz mumkin. Kitoblardan tashkil topgan katta ma’lumotlar ombori sizga istalgan kitoblar haqida ma’lumotlar topishga yordam beradi.
Albatta bu faqatgina kitoblarni to’playdigan yoki ularga taqriz qoldiradigan platforma emas. Bu haqiqiy kitobxonlar uchun suhbat qurish uchun ajoyib maskan. Siz taqrizlarga izohlar qoldirishingiz, ularni baholashingiz va shu orqali fikr almashishingiz mumkin bo’ladi.
Kitobman loyihasi boshlanishi.
Kitob – umr yo’llarini yorituvchi so’nmas nur, inson hayotiga mazmun baxsh etuvchi saodat manbai, unga har qanday vaziyatda ham hamroh bo’luvchi sodiq do’st. Insonning ma’naviy kamolotini ta’minlashda kitob singari kuchli qudratga ega vosita yo’q. Shu bois azal-azaldan ma’rifat peshvolari, ahli donishlar butun insoniyatni kitob o’qishga, undan ilmu-odob sirlarini o’rganishga chorlab kelishgan.
Lekin hozirda kunda jahonda bo’layotgan raqamlashtirish albatta har bir sohaga o’z ta’sirini o’tkazmay qolmadi. Ijtimoiy tarmoqlar, onlayn kitoblar bularning barchasini kitobxonlik madaniyatini o’zgartirib yuboryapti desak mubolag’a bo’lmaydi. Mana shunday texnologiya rivojlanayotgan vaqtda farzandlarimiz, yosh avlodni kitobga yanada targ’ib etish maqsadida ochiq bir platforma tashkil etish va uni kitobxonlar uchun ijtimoiy tarmoq ko’rinishida amalga oshirish fikri keldi. Shundan so’ng, g’oyalar o’rtaga tashlandi va ish boshlab yuborildi.
Mutolaani sevasizmi? Unda bizga qo’shiling.
Kitobman – bu kitobxonlar uchun maydon. Ro’yxatdan o’tgan har bir foydalanuvchi o’z kutubxonasiga ega bo’ladi. Bu orqali u hozirda o’qiyotgan, o’qib bo’lgan va o’qimoqchi bo’lgan kitoblarni belgilab qo’yishi va kitobxonlarni shu orqali kitobxonlikga targ’ib ham qilishi mumkin.
Nima o’qisam ekan, hali hech ham kitob o’qib ko’rmaganman?
Bunda sizga taqrizlar ko’maklashadi. Platformada har bir kitob uchun taqriz yozish imkoniyati mavjud. Ayni kitobni o’qigan kitobxonlar, kitobdan olgan taasurotlarini ulashish orqali shu kitobni o’qimoqchi bo’lgan yoki o’qishni reja qilgan kitobxonlarga yordam berishadi.
Annotatsiya: Mazkur obzor maqolada mustaqillik davrida oʻzbek adabiyotshunosligida yaratilgan taqrizlarning adabiy jarayondagi oʻrni, yutuq va kamchiliklari, taqriz va kitobxon muammosi haqida fikr yuritiladi.
Annotatsiya: V etoy obzornoy statye obsujdayetsya retsenzii kotoriʼe sozdanniʼe v uzbeksoy kritike v period nezavisimosti, pokazana ix mesta v literaturnom protsesse, dostoinstva i nedostatki, problemiʼ “retsenziya i chitatel”.
Annotation: In this article are discussed resensis which formed in usbek critisism in period independence of Usbekistan. Their places fre showed in the process of succes and luck of problem, problems of literature “resensis and reader”.
Adabiy jarayonda paydo boʻlgan yangi asarni birinchi boʻlib baholaydigan hozirjavob taqriz janrida ilmiy-estetik tahlil ixcham, siqiq shaklda, ommaga tushunarli tarzda oʻz ifodasini topadi. Shuning uchun taqriz birgina asar tahlili orqali adabiy jarayondagi yangi tamoyillarni baholay oladigan xususiyatga ega. Taqriz muayyan asarning tahlili orqali ijodkorning hayot haqiqatini toʻgʻri yorita olganligi, kitobxonga badiiy asarning qanday boʻlishi haqida tasavvur bera oladi.
Bugungi adabiy jarayonda ham taqrizchilik maʼlum darajada rivojlanib bormoqda. Ammo u qay darajada taraqqiy etmoqda, bu sohada qanday yutuq va nuqsonlarga yoʻl qoʻyilmoqda degan savollar tugʻilishi, tabiiy. Shu jihatdan, 2006–2009 yillar oraligʻida “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasida bosilgan ayrim taqrizlarni koʻzdan kechirdik. Mustaqillikning dastlabki davrlarida taqrizlar koʻpincha “Kitobingizni oʻqidim”, “Doimiy hamroh”, “Nigoh”, “Vaʼda” ruknlari, baʼzan esa toʻgʻridan toʻgʻri “Taqriz” rukni ostida bosilar edi. Keyingi yillarni kuzatganda, “Nigoh” va “Vaʼda” ruknlari kam koʻrinadi. “Doimiy hamroh” ruknida esa taqrizdan koʻra, yangi kitob haqida maʼlumotnomalar berilmoqda.
“Kitobingizni oʻqidim” ruknida bosilayotgan taqrizlar rang-barangligi bilan eʼtiborni tortadi. “Tuygʻular musavviri” deb nomlangan taqriz (2008, №41) shoir Tursun Alining “Oy yaprogʻi” toʻplamiga bagʻishlangan. U oʻquvchi diqqatini tortadigan soʻzlar bilan boshlanadi: “Sokin kuz oqshomida oyning koʻkdan ming bir hayoda anhorga inganini va suv betida iymanibgina yuzaganini koʻrganmisiz?”. Taqrizchi Sh. Subhon modern sheʼrlari bilan oʻzbek sheʼriyatida oʻz oʻrniga ega shoirning sheʼrlaridagi oʻziga xoslikni ochib bera olgan, tahlillardan oʻquvchi qoniqadi. Shu bilan birga, toʻplamning kamchiliklari ham koʻrsatilgan. Ijodkor keyingi sheʼrlarida bu nuqsonlarni takrorlamaslikka harakat qiladi, deb oʻylaymiz. Haqiqatan ham samimiy dil izhorlaridan iborat taqriz oʻquvchini “dilkashu dardkash shoir bilan suhbat”ga chorlay oladi. Uni oʻqigan oʻquvchi shoir sheʼrlariga xolislik bilan berilgan bahodan shunday xulosa chiqaradi.
A. Koʻchimovning “Koʻzlarimning qarogʻidasan” sheʼriy toʻplamiga adabiyotshunos Q. Qahramonov taqriz yozgan (2006, №49).”Sermavj tuygʻular” deb atalgan taqrizda shoir sheʼrlaridan eng saralari tahlilga tortilgan. Shuning uchun shoirning bu toʻplami oʻquvchida qiziqish uygʻota oladi, ammo toʻplamning kamchiliklari haqida fikr yuritilmagan.
Taqrizning vazifasi, u yoki bu janrdagi badiiy asarning tahlili orqali uning adabiy jarayon va yozuvchi ijodidagi oʻrnini aniqlash, yutuq va kamchiligini koʻrsatish, fikrini isbotlash va baholashdan iborat. Yangi asarni birinchi boʻlib baholaydigan taqrizda ilmiy-estetik tahlil ixcham, siqiq shaklda, ommaga tushunarli tarzda oʻz ifodasini topadi. Shuning uchun taqriz ayrim tanqidchilar aytayotganidek, faqat “kutib oluvchi janr” emas. Balki u bir asar tahlili orqali adabiy jarayondagi yangi tamoyillarni koʻrsatadigan, uning yozuvchi ijodida tutgan oʻrnini tezlik bilan baholay oladigan estetik xususiyatga ega. S. Sayyidning “Soʻz yoʻli” ikki jildli saylanmasiga shoir Mahmud Toirning (2009, №14) “Yogʻdu ichra gullagan soʻz” deb nomlangan taqrizida buni koʻrish mumkin. Taqrizchi, eng avvalo, sheʼrdan olgan taassurotlarini ifodali tarzda bayon etadi. Taqriz sarlavhani izohlash bilan boshlanadi: “Yogʻdu ichra gullagan soʻz – sheʼr boʻladi. Bunday sheʼrning mazasi dardingga malham boʻladi… Sheʼrdagi otash – soʻzdagi otash. Ochiq koʻz bilan otashga oʻzini otgan odam – shoir boʻladi”. Sheʼrdan taʼsirlangan bunday qalb izhorlarini oʻqigan kitobxon beixtiyor shoir sheʼrlariga qiziqib qolganini sezadi. Taqrizda “Saylanma”ning mundarijasi haqida soʻz yuritilmaydi, balki S. Sayyid sheʼrlari oʻziga xos sharhlanadi, tahlil etiladi, shu orqali baholanadi. Shoir uslubining oʻziga xos tomonlari ochiladi. Masalan: “Sirojiddin siylagan soʻzlarning bittasi – ayvon…”. (Keyin ayvon soʻzi izohlanadi – Sh. A.) “Uyingizning ayvoni – umringizning ayvoni… Shoir bejizga “Onam ayvonidan keldingmi, bahor?” deya entikmaydi. Yoki ota uyining devorlarini dil bilan oqlab berishni xayol qilish shoirona jununlik emas. Balki ota-ona oldidagi farzandlik masʼuliyatini his qilishning yorqin eʼtirofidir”. Ijodkor sheʼrlariga ana shunday shoirona baho berish bilan taqriznavis ikki muddaoga erishgan: birinchidan, oʻquvchiga yangi va yaxshi kitob haqida yetarli maʼlumot berib, uni sheʼriyatga oshno etmoqda, ikkinchidan, taqrizning vazifalarini toʻliq boʻlmasa-da, bajarmoqda.
Tilga olingan taqrizlarda, birinchidan, yangi eʼlon qilingan asar tahlilining mavjudligi, ikkinchidan, mazkur asarga adabiy-badiiy jarayon nuqtai nazaridan turib berilgan baho oʻz aksini topganligi ularning ijobiy xususiyatlaridir. Uchinchidan, asarning yozuvchi ijodida qanday oʻrin egallashi: bu – uning yutugʻimi, ijodiy gʻalabasimi yoki avvalgi asarlariga qaraganda orqaga chekinishmi, bu haqida fikr bildirilganda, taqrizlarning yanada mukammalligi taʼminlangan boʻlur edi.
Shu bilan birga, taqriznavislikda bir xillik, maʼlum qoliplarga boʻysunish, baho berishdan koʻra maqtash, syujet voqealarini bayon etish kabi qusurlar ham uchraydi. Gazetaning (2004) 25-sonida birdaniga uchta taqriz bosilgan. Birinchisi, O. Sharafiddinovning “Ijodni anglash baxti” kitobiga taqriz boʻlib, u tanqidni tanqid ruhida yozilgan. Ikkinchisi, X. Sultonning “Boburiynoma” asariga bagʻishlangan “Maʼrifatning badiiy talqini” deb nomlangan taqrizda bu maʼrifiy romanning yutuqlari haqida soʻz yuritilgan. Uchinchi taqriz, shoir Mirpoʻlat Mirzoning “Saylanma”si bosilib chiqishi munosabati bilan yozilgan, adabiyotshunos olim E. Ochilov qalamiga mansub, “Hassos koʻngil mavjlari” deb nomlanadi. Unda shoir sheʼrlariga baho beriladi, baʼzilari tahlilga tortiladi, shoirning “serqirra isteʼdod sohibi ekanligi” koʻrsatiladi, baʼzan maqtovlar haddan oshiriladi: shoir ijodining “beqiyos samimiyati” haqida soʻz yuritilganda kitobxonda “hamma sheʼrlaridami?” degan ishtiboh uygʻonadi yoki shoirni “goʻzal va hassos ishqiy sheʼrlar muallifi sifatida mashhur” deb hisoblagan taqrizchi shunday sheʼrlarining nomlarini keltiradi, xolos. Nazarimda, fikr dalillar yordamida isbotlanishi kerak edi. Yoki shoir Salim Ashurning “Sensiz” deb nomlangan kitobiga shu ruknda “Hijrondek yaqin, visoldek olis” deb nomlangan taqriz (2004, № 42) eʼlon qilingan. Taqriz muallifi A. Mengqobilov shoir sheʼrlarining tahliliga kirishishdan oldin shunday daʼvoni ilgari suradi: “… yangi kitob shoir ijodiy mahoratining sheʼrdan sheʼrga, kitobdan kitobga yuksalayotgani dalilidir”. Nazarimda, fikr dalillar yordamida isbotlanishi kerak edi.
Taqrizda bevosita tahlildan tashqari, ijodkorga munosabat masalasi ham muhim. Taqriz hajmi katta-kichikligidan qatʼi nazar, yangi asar haqida oʻquvchida maʼlum taassurot uygʻotsin, rost soʻzlasin. Baʼzan shunday boʻladiki, taqrizchining vaʼdalari, maqtovlariga ishonib, qoʻlingizga olgan kitob sizni oʻziga tortmaydi, yolgʻon aldovlarga uchib qolmasligi uchun adabiyot ham, adabiyotshunos ham kitobxonga rost gapirishi kerak.
Adabiyotshunos olim H. Karimov qalamiga mansub taqriz “Ziddiyatlar talqini” deb atalgan (2004, №32). Isteʼdodli yozuvchi A. Yoʻldoshning “Timsohning koʻz yoshlari” qissalar toʻplamiga yozilgan taqrizni oʻqir ekansiz, adib ijodiga qiziqishingiz oshadi. Taqrizda, garchand, qissalar mazmunini soʻzlab berishga koʻp oʻrin ajratilgan boʻlsa-da (aslida, V. Belinskiydan qolgan bu usulni akademik M. Qoʻshjonov oʻzbek tanqidchiligiga olib kirib, tahlilning yaxshi usullaridan biri sifatida koʻrsatgan edi), kitobxon asar qahramonlarining hayoti, taqdiriga qiziqadi. Ayniqsa, “Otchopar yoxud 13–uy” qissasi tahlilida Nozima obrazi birmuncha aniq tahlil etilgani yaxshi.
Olim taqrizning oʻqishli chiqishi, kitobxonning diqqatini tortish, oʻz fikrlarini isbotlash uchun Belinskiy maqolalariga murojaat qiladiki, oʻquvchi taqriznavis daʼvolarining asosli ekanligiga shubha qilmaydi. Ammo yozuvchi qissalari adabiyotimizda yaratilayotgan qissalardan qaysi jihatlari bilan farq qiladi, adibning oʻziga xos uslubi qay tarzda namoyon boʻlgan, degan savollar ochiq qoladi. Adib yoʻl qoʻygan kamchiliklar ham koʻrsatilsa edi, taqrizning butunligi taʼminlangan boʻlur edi.
Shuni unutmaslik zarurki, asarga birinchi boʻlib baho berish, uning yozuvchi ijodi va adabiy jarayondagi oʻrnini koʻrsatish; baholashdagi tezkorlik va hozirjavoblik; tashviqiy mohiyatga ega ekanligi; kitobxonga yangi asar haqida maʼlumot berib, uning estetik tasavvurini boyitish hamda oʻsha asarni oʻqishga daʼvat qilish jihatidan adabiy tanqidda taqriz ayricha oʻrin kasb etadi. Taqrizda asarning qisqa tahlili orqali uning mohiyati hamda badiiyatiga berilgan baho asosiydir.
Olimjon Xoldor Qamchibek Kenjaning ikki jildli “Saylanma”siga yozgan “Ehtiros va eʼtirof” deb nomlagan taqrizida (2009, № 3), asosan, ikki jildlikning mundarijasi haqida soʻz yuritilgan. Muallif oʻz fikrlarini isbotlash uchun koʻchirma keltiradi. Bu – yaxshi usul. Ammo kichik bir taqrizda T. Toʻla, O. Yoqubov, M. Shayxzoda va yana qaysidir adabiyotshunos (nomi berilmagan)ning fikrlarini keltirish oʻquvchini taqriznavisning oʻz soʻzlari yoʻq ekanmi, degan ishtibohga olib bormaydimi?
Keyin taqrizda sanoq koʻpligi bois tahlilga kam oʻrin berilgan, ammo taqrizchi “Saylanma”ning qusurlarini ham birma-bir koʻrsatadi. Shunisi qiziqki, adib hikoyalarida “xulosa chiqarish esa koʻpincha oʻquvchining oʻziga qoldiriladi” deya, bu xususiyatni ham nuqson sanaydi. Holbuki, modern yoʻnalishga mansub asarlarning koʻpchiligida olimlar ayni xususiyatni yutuq hisoblaydilar. Shu bois oʻquvchi nazariga havola etiladigan har bir tanqidiy asar, u taqrizmi, maqolami, suhbatmi – qaysi janrda boʻlishidan qatʼi nazar, masʼuliyat bilan yozilmogʻi, kitobxonda shubha emas, ishonch uygʻotishi lozim. Ayniqsa, taqrizchilikda bu juda muhimdir. Baʼzan shunday boʻladiki, asarni oʻqimasdan oldin u haqidagi taqrizni oʻqib qolasiz. Samimiy, ortiqcha maqtovlarsiz, xolislik bilan bitilgan taqriz sizni tezroq oʻsha asarni topib oʻqishga undaydi. Shuning uchun ham adabiy jarayonda, kitobxon qiziqishlarida doimo taqrizning oʻrni muhim boʻlib kelgan.
Agar eʼtibor qaratsak, bosilayotgan taqrizlarning koʻpchiligi dabdabali va juda yuksak pafosga ega sarlavhalar bilan chiqadi. Ularning baʼzilari shu sarlavhani oqlasa, baʼzilari “usti yaltiroq, ichi qaltiroq” ekanligi sezilib qoladi. Shuning uchun sarlavha tanlanganda ham masʼuliyat va eʼtibor juda zarur ekan. Asarga sarlavha topish uning mazmun-mohiyatini ochib berishga xizmat qiladi. M. Qoʻshjonovning “Adashganlar fojiasi” deb nomlangan taqrizi A. Qahhorning “Sarob”iga bagʻishlangan. Unda ortiqcha dabdaba ham yoʻq, ammo u asarning bor mazmunini oʻzida aks ettira olganligi bilan diqqatni tortadi. O. Sharafiddinovning “Sheʼr koʻp, ammo shoir-chi?” maqolasi nomidanoq ayovsiz tanqid ruhida ekanligi seziladi. Biz nazardan oʻtkazayotgan taqrizlarning koʻpchiligida sarlavha oʻquvchiga koʻp narsa vaʼda qiladi, ammo ichidagini oʻqisangiz, vaʼdaga vafo yoʻqligiga amin boʻlasiz.
“Doimiy hamroh” rukni ostida bosilayotgan taqrizlar koʻpincha janr talabiga javob bermaydi, chunki materiallarning baʼzilari yangi asar haqida qisqacha maʼlumot beradi, baʼzilarida qisqa tahlil koʻrinadi, baʼzilari faqat xabar berish vazifasini bajaradi, xolos. Masalan, gazetaning (2005) 44-sonida berilgan maʼlumotnoma – taqriz emas. Ularni yangi asarlar (T. Joʻrayevning “Arvohlar tunda izgʻiydi” romani, A. Hamroning “Xayol ranglari” toʻplamlari) haqidagi xabar-taqriz, deyish mumkin. Chunki xabar-taqrizning bosh maqsadi, koʻpincha xabar berish va qisqa baholashdan iborat. Uning hajmi juda qisqa boʻladi. Demak, bunday taqrizlarning asosiy xususiyati darak berish, tashviq etishda namoyon boʻladi.
Gazetaning (2009) 17-sonida yana shu ruknda A. Otaboyning “Otalar hikoyati” M. Xudoyqulovaning “Dadam haqida hikoyalar” kitobiga yozilgan taqrizi haqida ham shu mulohazalarni aytish mumkin. U ham xabar-taqriz hisoblanadi. Shu ruknda (2005, № 33) berilgan ikkita maʼlumotning bittasi muallif nomidan, bittasi muallifsiz berilgan. Bundayam bir xillikka erishish kerakmi?
“Taqriz” ruknida bosilayotgan asarlarda masʼuliyat yanada oshadi, chunki ular janr talablariga javob bera olishi zarur. Masalan, “Taassurot” degan rukndan taqriz janri vazifalarini talab qilishning hojati boʻlmasa kerak. Chunki nomi bilan asardan olingan taassurotlar kitobxon bilan baham koʻriladi. Shuning uchun tahririyatlar ham ana shu masalaga diqqat qaratsa, ayni muddao boʻlur edi.
“Soʻqmoqlarda toblangan muhabbat” deb nomlangan taqriz (2005, № 51) R. Bobojonning “Muhabbat mezoni” romaniga bagʻishlangan ekan. Toʻgʻrisi, men ham shu taqrizdan keyin shoir R. Bobojonning roman yozganidan xabar topdim. Viloyatlarga hamma kitoblar ham yetib kelavermaydi-da. Taqrizda romanda tasvirlangan davr, asar qahramonlari haqida fikr yuritiladi. Ammo bu qahramonlar qaysi jihatlari bilan xarakter darajasiga koʻtarilgan, qaysi tomonlari bilan bugungi kun oʻquvchisining ongu tafakkurini oʻzgartirishga xizmat qiladi, degan savollarga javob ololmaymiz. Shu bilan birga, unda asardan olingan his-hayajon, kechinmalar taʼsiri sezilmaydi. Oʻrtamiyona taqrizda romanning adabiy jarayondagi, romanchilikdagi oʻrni koʻrsatilmagan.
“Tabiiy tuygʻular talqini” deb nomlangan L. Boʻrixonning “Jaziramadagi odamlar” romaniga bagʻishlab yozilgan taqrizda (2007, № 3) taqriznavis X. Hamroqulova romandan olgan taassurotlarini nihoyatda samimiyat bilan bayon etgan. Roman qahramonlarining, asarning original jihatlarini koʻrsatib bergan. Bu asar oʻzbek romanchiligida “yangi bir toza nafas boʻldi”, deyiladi taqrizda. Ammo qaysi fazilatlari bilan? “Lolaxon. Ergash, Samad kabi kichik taqdir egalari orqali ularning ulkan ruhiy olamlarini yorita olish, omma oʻrtasidagi shaxs darajasiga chiqqan obrazlarni yaratish yosh adibning ijodiy yutugʻidir” soʻzlari bilan tugallangan taqrizda asarning birorta nuqsoni koʻrsatilmaydi. Bu mulohazalardan taqrizlarda kamchilik koʻrsatilishi qatʼiy qilib qoʻyilgan ekan-da, degan xulosa kelib chiqmasligi lozim. Shunday sanʼat asarlari boʻladiki, ular badiiyligi, tabiiyligi va jozibasi bilan oʻquvchi qalbini tezda rom eta oladi, ulardan chiroq yoqib izlasangiz ham nuqson topolmaysiz. Ammo ular koʻp emas. Shu bois ana shunday asarlar koʻpayishini istagan taqrizchi soʻzga masʼuliyat bilan qarashi, oʻzi tahlil etayotgan asardan ham shuni talab qilishi zarur boʻladi.
Boshqa ruknlarda ham taqrizlar berilmoqda. Masalan, “Oʻquvchi fikri” ruknida “Bir asar quvonchi”, degan kichik taqriz (2006, № 29) berilgan, muallifi Axtamqul Karim. U dastlab Luqmon Boʻrixonning ijodi adabiy gurunglarda bahs-munozaralarga sabab boʻlayotganligi haqida gapirib, adibning “Tahlika” qissasiga munosabat bildiradi. Asarda “yorqin obrazlarni” koʻrgan, bundan “huzurlangan” taqrizchi qissadagi har bir detal, har bir manzara tasviri oʻz oʻrnida, maʼlum bir maqsadni koʻzlab qoʻllanilganligini uning yutugʻi sifatida koʻrsatadi, shu bilan birga, ayrim juzʼiy nuqsonlarga ham toʻxtaladi. Ammo negadir uning fikrlarida chalkashlik seziladi. Masalan, qissani “qiziqish bilan oʻqigan” muallif shunday yozadi: “Tahlika” detektiv janrning unsurlariga tayangan boʻlsa-da, meningcha, u koʻproq lirik asarlar sirasiga kiradi”. Balki buni isbot qilish kerakdir yoki taqrizchi asarda lirizm kuchli demoqchimi? Chunki yozuvchi bir jinoyatning sodir etilishi va fosh qilinishi jarayonini tasvirlar ekan, aslida, qalam quvvatini oʻsha jinoyat tevaragidagi qahramonlarning xarakterini, ruhiyatini ochishga qaratadi”. Nazarimizda, bu lirik asarlarga xos xususiyat emas.
“Nigoh” ruknida berilgan taqriz “Yaxshi odamlar sogʻinchi” deb nomlangan (2007, №31). Shoira Oʻktamoy Xoldorova ijodiga bagʻishlangan taqriz muallifi prof. H. Qudratullayev ijodkorning “Sogʻinch qushlari”,”Oqqush izlari”, “Sabrga suyanib” kitoblari haqida fikr yuritib, sheʼrlarni mutolaa qilish jarayonida undan olgan taassurotlarini kitobxon bilan oʻrtoqlashadi. Bu taqrizda ham maqtov haddan ziyod. Shoiraning baʼzi sheʼrlaridan namunalar keltirib tahlil qilgan taqrizchi ularda biror bir kamchilik koʻrmaydi. Albatta, har bir shoir ijodida muvaffaqiyatli chiqqan sheʼrlar, quyma misralar, original tashbehlar boʻlishi, tabiiy. Koʻpincha, taqrizchilar ayni shunday satrlar yoki parchalarni misol sifatida keltiradilar. Shu bois bunday taqrizlarni oʻqiganda, hamma ijodkorlar zoʻr yozishar ekan-da, degan xulosa kelib chiqadi. Holbuki, bunday toʻplamlarni qoʻlga olib varaqlab koʻrsangiz, ularda oʻrtamiyona sheʼrlar tiqilib yotgan boʻladi.
“Taqriz ham sanʼat, shuning uchun uni shunday yozish kerakki, kitobxon taqrizchi bilan muloqotda boʻlganidan qoniqish his etsin”, deb yozgan edi rus olimi V. Yanovskiy. Darhaqiqat, ham keng jamoatchilikning yangi asarni qanday qabul qilishi, maʼlum jihatdan, uni baholagan, tahlil qilgan taqrizga ham bogʻliq. Bu qonuniyat tusiga kirgan hodisa boʻlmasa-da, haqqoniy taqriz yangi asar haqida jamoatchilik fikrining shakllanishiga muayyan darajada taʼsir koʻrsatadi. Negaki, taqrizchi asarning mohiyatini ilmiy-estetik tahlil vositasida yoritish orqali kitobxon dunyoqarashiga taʼsir qilib, tasavvurini boyitishga xizmat qiladi, estetik didini oʻstirishga koʻmaklashadi. Mana shu nuqtai nazardan qaraganda, matbuotda bosilayotgan hamma taqrizlar ham bu xususiyatlarni oʻzida jamlamaganligi koʻrinadi. Bu esa adabiy tanqid va adabiyot rivojiga maʼlum darajada taʼsir koʻrsatishini unutmasligimiz lozim. Adabiy tanqidning bosh vazifasi esa adabiyotni yuksaklikka koʻtarishga koʻmaklashishdan iborat.
Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati:
- 1. Rasulov Abdugʻafur. Isteʼdod va eʼtiqod. – T.: Sharq, 2000.
- Abdulla Qahhor. Yoshlar bilan suhbat. – T.: Yosh gvardiya, 1968.
- Said Ahmad. Yoʻqotganlarim va topganlarim. – T.: Sharq, 1999.
Shoira AHMEDOVA
“Sharq yulduzi”, 2014–2
Qiziqarli malumotlar
Kitob haqida taqriz