KINOCHILAR UYI

KINOCHILAR UYI

KINOCHILAR UYIkino sanʼati arboblarining ijodiy uyi. Teatr va kino xodimlari uyi bazasida 1966-y. ochilgan. Yangi binosi (meʼmorlari R. A. Xayrutdinov, V. N. Breusenko; binoni bezashda rassom V. Gan, haykaltarosh R. Avakyan katnashgan) 1982-y. Toshkentda ochilgan kinofestival arafasida ishga tushirilgan. Bosh tomosha zali (900 oʻrinli), 230 va 50 oʻrinli yana 2 kichik tomosha zali bor. Bino meʼmorligida quyosh nuridan asraydigan konstruksiyalar va milliy meʼmoriy elementlardan foydalanilgan; boʻlar bino loyihasi va shakli, oʻrnida oʻz aksini topgan. Bosh zal ellips shaklda, 4 ustunga tayangan, chapdan maʼmuriy bino, oʻngdan klub bilan tutash. Loyihalashda tashqi koʻrinishi bilan ichki koʻrinishi oʻzaro bogʻlangan. Umumiy yechimi binoga mutanosib boʻlgan restoran (zali — 100 oʻrinli) hovli orqali bosh tomosha zaliga tutashgan. Bino milliy meʼmoriy qismlar, kichik meʼmoriy shakllar va favvoralar bilan jozibalashtirilgan. Bezagida Gʻozgʻon marmari, granit, ganch oʻymakorligidan foydalanilgan. Interyeridagi B. Jalolov ishlagan devoriy rasmlarda oʻzbek kino sanʼati rivoji aks ettirilgan. Kinochilar uyida yangi filmlar koʻrigi, yubileylar, tomoshabinlar bilan ijodiy uchrashuvlar va b. oʻtkazib turiladi. Kinochilar uyi «Oʻzbekkino» davlat aksionerlik kompaniyasiga qaraydi.

Ensiklopediya.uz
KINOCHILAR UYI

Оставьте комментарий