KINO MUSIQASI
KINO MUSIQASI — kino sanʼati bilan bogʻliq musiqa janri, kino asarining muhim ifodaviy vositalaridan biri. Dastlab umumiy musiqali joʻrlikni tashkil etib, kinofilm namoyish qilish asboblarining shovqinini bosish uchun moʻljallangan. Bora-bora kino ishlashning muhim sohasiga aylandi. Kino musiqasi tarixi «ovozsiz kino» (1930 – y. larning 2-yarmigacha) hamda «ovozli kino» bilan bogʻliq 2 asosiy bosqichni oʻz ichiga oladi. Birinchisida Kino musiqasi, asosan, ijrochilar (yakka sozanda-pianinochi yoki ansambl) tomonidan tanlangan yoki badiha tarzida ijod qilingan musiqa parchalaridan iborat boʻlgan. «Ovozli kino»da, odatda, har bir film uchun maxsus musiqa yoziladi, baʼzan mavjud musiqa asarlaridan ham foydalaniladi (mas, hujjatli, ilmiy-ommabop, filmkonsert va b. filmlarda). Kino musiqasi kinofilm mazmuni bilan uzviy bogʻliq holda, qahramonlarning ruhiy kechinmalarini, dramatik holatlar, ziddiyatlar va b. ni badiiy ifodalashga yordam beradi. Chet el kompozitorlaridan M. Nayman (Angliya), N. Rota, E. Morrikone (Italiya), F. Ley, M. Legran, V. Kosma (Fransiya), A. Bisvas, Sh. Choudxuri (Hindiston), G. Kancheli (Gruziya), Ye. Doga (Moldaviya), I. Dunayevskiy, D. Shostakovich, S. Prokofyev, V. Artemyev (Rossiya), F. Baxor (Tojikiston), N. Muxatov (Turkmaniston), M. Skorik (Ukraina) va b. ijodida kinomusiqaning yorkin namunalari vujudga keddi.
Ensiklopediya.uz
KINO MUSIQASI