KIMYO

KIMYO

KIMYO, ximiya — moddalarning tuzilishi va oʻzgarishini oʻrganadigan fan. K. boshqa fanlar qatori inson faoliyatining mahsuli sifatida vujudga kelib, tabiiy ehtiyojlarni qondirish, zaruriy mahsulotlar i. ch., biridan ikkinchisini xrsil qilish va, nihoyat, turli hodisalar sirlarini bilish maqsadida roʻyobga chiqdi. Odamlar qadimda rudalardan metallarni ajratib olish, turli xil qotishmalar tayyorlash va qoʻllash, jumladan, shisha tayyorlash va undan turli maqsadlarda foydalanishni bilganlar. Mil. av. Misrda kimyoviy jarayonlarga asoslangan hunarmandchilik rivojlanganligi maʼlum. Pishiq charm tayyorlash, uni boʻyash, rangli shisha olish, oʻsimliklardan dori-darmon va xushboʻy hidli moddalar tayyorlash, sopol buyumlar i. ch. yoʻlga qoʻyilgan. Oʻsha davrlarda kimyoviy mahsulotlar Hindiston, Xitoy va Oʻrta Osiyoda ham ishlab chiqarilgan. «Kimyoi hunar» sohibi boʻlgan kimyogar bir moddadan ikkinchi mahsulotni tayyorlash ishi bilan shugʻullangan. Oʻzbekistondan oʻtgan Buyuk ipak yoʻli orqali mil. av. 1-ming yillikning 2-yarmidan boshlab, mamlakatga savdo-sotiq b-n birga hunarmandchilik ham kirib keldi. Topilgan juda koʻp tarixiy buyum va yodgorliklar Oʻzbekiston hududida yashagan aholining kimyo hunaridan qadimdan boxabar ekanligidan darak beradi. Buxoro yaqinidagi Poykend manzilgohidan 8-a. ga taalluqli kimyo lab. topilgan. Lab. jihozlari ichida turli idishlar, shisha asboblar, bolalar sumagi uchraydi.

Ensiklopediya.uz
kimyo