KIGIZCHILIK

KIGIZCHILIK

KIGIZCHILIKkigiz tayyorlash kasbi. Kadimdan, asosan, chorvachilik bilan shugʻullanadigan xalqlar orasida keng tarqalgan. Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston, jumladan, Oʻzbekiston hududi (Surxondaryo, Qoraqalpogʻiston, Xorazm, Fargʻona vodiysi)da kigizning guldor, ifodali rang-barang naqshli turlari tayyorlangan. Kigizchilik b-n, asosan, ayollar shugʻullanadi. Yuvib tozalangan va savalangan jun navlari boʻyicha (yuzlik, oraliq, orqaliq) ajratiladi. Hoʻllangan jun namat (yoki boʻyra) qolip ustiga tekis yoyiladi: avval guli hosil qilinadi, soʻng oraliq va navbati bilan orqaliq qismlari bir tekis yoyib chiqiladi, ustidan qaynoq suv quyiladi, soʻng namat (yoki boʻyra) dumalatib oʻrab yigʻiladi, arqon bilan bogʻlanadi. Oʻram oyoq bilan tepiladi, bilaklanadi, dumalatiladi, vaqt-vaqti bilan suv sepib hoʻllab turiladi. Maʼlum vaqtdan soʻng oʻram yechiladi, suv sepiladi va yana oʻraladi hamda tayyor boʻlgoʻnga qadar bostirish davom ettiriladi. Soʻng tayyor boʻlgan kigizga soʻnggi pardoz beriladi, yaʼni chetlari tortiladi, tekislanadi, ortiqcha tuklari qirqib tashlanadi. Kigizchilikda oq, kulrang va rangli kigiz xillari tayyorlangan.

Ensiklopediya.uz
KIGIZCHILIK