KATTA ASHULA

KATTA ASHULA

KATTA ASHULA, patnusaki (patnis) ashula — Fargona vodiysiga xos boʻlgan oʻzbek anʼanaviy ashula yoʻli. Odatda, 2—5 hamnafas ashulachi (hofiz) tomonidan cholgʻu joʻrligisiz (qoʻllariga patnis yoki likobcha ushlagan holda) aytiladi. Koʻpincha yuqori pardalarda va keng nafasda ijro etilib, oʻziga xos murakkab ijro uslubi bilan ajralib turadi. Katta ashula qadimiy marosim va mehnat qushiqlari, marsiya, navha, ayolgʻu qoʻshiqlari hamda aruz vaznidagi gʻazallarning qad. oʻqilish uslublari zaminida vujudga kelgan. Katta ashula, odatda, katta yigʻin, sayil va toʻy-tomoshalarda aytilgan. Uning oʻtmishdagi namunalarida lirik va nasihatomuz gʻazallar bilan bir qatorda diniy, tasavvuf yoʻnalishidagi sheʼrlar ham kuylangan. Navoiy, Lutfiy, Mashrab, Xaziniy, Muqimiy, Furqat, Zavqiy, Miskin va b. ning gʻazallari Katta ashula janridan alohida oʻrin olgan. Xalq orasida «Doʻstlar» (Navoiy), «Koʻp erdi», «Yolgʻiz», «Adashganman» (Muqimiy), «Oh kim, rahm aylamas» (Furqat), «Bir kelsun», «Ey, dilbari jononim» (Miskin) kabi Katta ashulalar keng tarqalgan. Habibiy, Chustiy, Kamtar, Charxiy, Sobir Abdulla, Akmal Poʻlat, Vosit Saʼdulla, Nasimiy, Erkin Vohidov, Oʻtkir Rashid va b. ning sheʼrlari ham Katta ashulada sevib ijro etiladi.

Ensiklopediya.uz
KATTA ASHULA