KARVONSAROY

KARVONSAROY

KARVONSAROY — karvonlar toʻxtab, tunab oʻtadigan rabot, saroy. Yaqin Sharq, Oʻrta Osiyo, Zakavkazye shaharlari savdo yoʻlida barpo etilgan. Karvonsaroylar, odatda, oʻrtada katta hovli, atrofi bir-ikki qavatli hujralar bilan oʻralgan, minorali qalʼaband istehkom shaklida boʻlib, savdo manzillarida va shahardagi bozor (tim, toq)lar qatoriga qurilgan. 9—18-a. larda shaharlarning oʻsishi va karvon savdosining kuchayishi natijasida Karvonsaroylar koʻplab bunyod etilgan. Arab sayyohlari Istahriy va ibn Xavqallarning maʼlumotiga koʻra, 10-a. da savdo markazi hisoblangan Movarounnahrda 10 mingdan ortiq Karvonsaroylar boʻlgan (yana q. Rabota Malik, Doya xotin karvonsaroyi xarobalari, Ollaqulixon karvonsaroyi va timi). Temir yoʻl va b. zamonaviy transport rivojlanishi natijasida Karvonsaroylar oʻz ahamiyatini yoʻqotgan.

Ensiklopediya.uz
KARVONSAROY