Karat o‘lchov birligi qanday kelib chiqqan? to’liq malumot oling

Karat o‘lchov birligi qanday kelib chiqqan? to’liq malumot oling

Karat — oʻzbekcha belgilanishi kar, xalqaro belgilanishi ct boʻlgan, SI Xalqaro birliklar tizimi tarkibiga kirmaydigan, tizimlashmagan maxsus massa birligi.

Hozirda butun dunyo boʻyicha qabul qilingan va umumiy tan olingan karat birligi 200 milligramm, yaʼni 0,2 grammga teng. U asosan zargarlik sohasida, qimmatbaho toshlarning ogʻirligini ifodalash uchun qoʻllaniladi. Mazkur birlik IV Oʻlchov va tarozilar boʻyicha xalqaro bosh konferensiyasida 1907-yilda qabul qilingan.

Karat adabiyotlarda “metrik karat” deb ham yuritiladi. Chunki karat birligining qadimda keng qoʻllangan va grammga nisbatan boshqacha qiymatga ega boʻlgan turlari ham mavjud. Garchi oʻsha qadimgi karatlar allaqachon isteʼmoldan chiqib ketgan va amalda qoʻllanmayotgan boʻlsa-da, ilmiy manbalarda karat haqida gap ketganda, uning 1907-yilda OʻTXQ ning IV Bosh konferensiyasida qabul qilingan xalqaro karat ekaniga urgʻu berish uchun ataylab “metrik karat” deb yoziladi.

Atamaning etimologiyasi qadimgi arab tilidagi qiyrot soʻziga borib taqaladi. Qiyrot birligi bilan musulmon dunyosida oltin, olmos va boshqa qimmatbaho toshlarni oʻlchashgan. Qiyrot soʻzining oʻzi esa Oʻrta dengiz havzasi atrofida keng tarqalgan dukkakli oʻsimliklardan biri boʻlgan — kerob daraxti (ilmiy nomi Ceratonia siliqua) urugʻining donasini ifodalagan. Chunki oʻsha paytlarda odamlar bu kabi donlarning vazni bir xil boʻladi deb oʻylagan va donlarni, ayniqsa, dukkakli oʻsimliklar donini massa birligi sifatida keng qoʻllagan.

XIX asr soʻngigacha Yaqin va Oʻrta Sharq hamda bizning diyorlarimizda keng qoʻllangan musulmon karati yoki qiyrot birligi taxminan 0,2125 grammga (≈0,22 gr) teng boʻlgan.

Qiyrot dinor birligining 1/20 qismi va dirham birligining 1/14 qismiga teng boʻlgan (1 dinor = 20 qiyrot, 1 dirham = 14 qiyrot). Oʻz navbatida, dirham taxminan 3 gramm (0,2975 gramm), dinor esa 4,25 grammga teng boʻlgan. Biroq turli musulmon mamlakatlarida qiyrotni turlicha oʻlchash borasidagi chalkashliklar ham mavjud boʻlgan.

Xususan, Turkiya hududlaridan qiyrot taxminan 204 mg ga teng nisbatda yuritilgan boʻlsa, Shom (Suriya), Makka va Misr hududlarida qiyrotni taxminan 195 mg nisbatda yuritilgan. Yevropa va Amerikadagi boshqa mamlakatlarda va hatto bir mamlakat hududidagi boshqa-boshqa shaharlarda ham karat 187 mg dan 216 mg gacha oraliqdagi juda turlicha nisbatlarga ega boʻlgan.

Chunonchi, Kipr davlatida karat 187 mg, Italiyaning Florensiya sharida 197,2 mg, Venetsiyada 207 mg, Livorno sharida esa 215,99 mg ga teng boʻlgan. Germaniyaning Frankfurt shahrida karat 205,77 mg, Berlinda esa 205,44 mg nisbatida boʻlgan. Ispaniyada 205,3 mg, Ruminiya hududida esa 215 mg keladigan karat birliklari mavjud boʻlgan.

Koʻrib turganingizdek, XIX asr oxiri va XX asr boshigacha karatning aniq bir belgilangan etaloni mavjud boʻlmagan va turli mamlakatlardagi karat massasi bir-biridan sezilarli farq qilgan. Shu sababli ham OʻTXQning IV Bosh konferensiyasi butun dunyo uchun yagona metrik karatni qabul qilgan.

Maqola orbita.uz saytidan olindi. Original maqola → Karat
Muqova surat: freepik.com

Boshqa mavzular
Karat o‘lchov birligi qanday kelib chiqqan?