KANNIBALIZM

KANNIBALIZM

KANNIBALIZM — hayvonlarda oʻz turi individlarini yeyish hodisasi; tur ichidagi yirtqichlik. 1300 dan ortiq tur hayvonlarda aniqlangan. Kannibalizm, odatda, noqulay sharoitda, populyatsiyalar zichlashib ketganida, oziq yoki suv yetishmaganda roʻy beradi. Urgʻochi hayvonlar erkaklariga nisbatan Kannibalizmga moyil boʻladi. Un qoʻngʻizi (Fenebrio) juda koʻpayib ketganida oʻz tuxumlarini yeb, populyatsiyadagi individlar soni keskin oshib ketishining oldini oladi. Kannibalizm evolyutsiya jarayonida tur uchun foydali moslanish tariqasida kelib chiqqan. Mac., qoraqurt va beshiktervatarlarning urgʻochisi otalanishdan soʻng erkagini yeb qoʻyadi. Amerika salamandri ochiqqanida oʻzi qoʻriqlayotgan tuxumlardan bir qismini yeb qoʻyadi. Ayrim yaydoqchilarning parazit lichinkasi xoʻjayini tanasidagi oʻz inilarini yeydi, chunki oziq faqat bitta parazit uchun yetadi. Ayrim yirtqich baliqlar yosh baliqchalarni yeyishi bilan oziq uchun raqobatni kamaytiradi. Kannibalizm kemiruvchilar, koʻpchilik yirtqich hayvonlar, primatlar va b. orasida ham uchraydi. Shunday qilib, Kannibalizm populyatsiyadagi individlar sonini oziq resurslariga moslashtirib turadigan, turning yashab qolishiga imkon beradigan moslanishdan iborat.

Ensiklopediya.uz
KANNIBALIZM