KANAKUNJUT haqida to’liq ma’lumot oling

KANAKUNJUT haqida to’liq ma’lumot oling

KANAKUNJUT (Ricinus) – sutlamadoshlar oilasiga mansub koʻp yillik oʻsimlik, asosan, moy olish uchun ekiladigan ekin. Kanakunjutning 3 turi uchraydi: mayda urugʻli Kanakunjut — Ricinus microcarpus G. Pop. ; yirik urugʻli Kanakunjut — Ricinus macrocarpus G. Pop. ; Zanzibar kanakunjuti [Ricinus zanzibarinus G. Pop (R. communis)]. Misrda mil. av. 2-ming yillikdan boshlab ekilgan. Vatani — Shim.-Sharqiy Afrika. Jahondagi koʻpgina mamlakatlar dehqonchiligida ikki, uch yillik yoki bir yillik ekin tarzida oʻstiriladi. Oʻzbekistonning sugʻoriladigan mintaqalarida bir yillik ekin. Kanakunjut ekilgan maydonlar jahon boʻyicha 1280 ming ga, oʻrtacha hosildorlik 10,49 s/ga ni tashkil qiladi (1999). Oʻzbekistonning sugʻoriladigan yerlarida hosildorligi 20—25 s/ga.

Kanakunjutning oʻq ildizi tuproqqa 2—4 m gacha kirib boradi. Poyasi oʻtsimon, ichi kovak, tik oʻsadi. Balandligi oʻz vatanida (tropik mintaqalarda) 6—10 m gacha, Oʻzbekistonda 2—3 m. Poyasi shoxlanadi. Rangli barglari yirik, qalqonsimon, uzun bandli (25—60 sm), boʻlaklarga boʻlingan. Guli mayda, yashil, gultoʻplami shingil, shakli ponasimon, 5 ta gultojibargdan iborat. Gul toʻplami uchki qismida urgʻochi gullari, pastki qismida erkak gullari joylashadi. Toʻpguli uz. 10—30 sm, baʼzan 70 sm ga boradi. Mevasi — uch uyali koʻsakcha. Ayrim poyalarda koʻsakchalar yetilganda chatnaydi. Urugʻi — tuxumsimon, yirik, 1000 ta urugʻi vazni 150 — 500 g, tarkibida 40—57% moy mavjud. Kanakunjut issiqsevar, yorugʻsevar, namsevar oʻsimlik, unumdor yerlarda yaxshi oʻsadi. Oʻsish davri 120—150 kun. Moyi qurimaydigan (yod soni 82—86) guruhiga kiradi. (—10° dan —18° da qotadi), tabobatda (K. moyi-kastorka), parfyumeriyada, lok-boʻyoq sanoatida, sovun tayyorlashda,teri va toʻqimachilik sanoatlarida ishlatiladi. Kunjarasi zaharli (ritsinin alkaloidi bor), oʻgʻit hamda yelim i. ch. da ishlatiladi. Kanakunjut kuzgi don, dukkakli don, makkajoʻxori ekinlaridan boʻshagan yerlarga ekiladi.

Ad.: Otaboyeva H. N. va b., Oʻsimlikshunoslik, T., 2000.

Halima Otaboyeva.

Malumotlar
KANAKUNJUT