Iqtisodiyot haqiqatlari: eng laqma mushukning ham oftobga chiqish narxi bor to’liq malumot oling
Sarlavha qiziq va balki gʻalati ham tuyulgandir, aslida mushuk haqida aytarli gap yoʻq, ammo bugungi maqolamiz orqali “Mushuk tekinga oftobga chiqmaydi” degan naqlni iqtisodiyot haqiqatlari orqali isbotlamoqchimiz.
Iqtisodiyot hech narsani tekin deb qabul qilishingizga yo‘l qo‘ymaydi, u har narsani o‘lchashga undaydi. Iqtisodiyot nazariyasiga ko‘ra, tekin narsaning o‘zi yo‘q! Ishonmayapsizmi? Ehtimol, YouTube, Facebook va boshqa tarmoqlardan foydalanganimga pul to‘lamayman-ku, dersiz. Ha, haqiqatan ham ijtimoiy tarmoqlar sizdan biror to‘lov talab qilmaydi. Yoki mana, hozir ham siz sinaps.uz menga nima demoqchi, deya maqolamizni o‘qiyapsiz. Hech narsa sarflamay osonlikcha bularni o‘qiyapman, deb o‘ylasangiz, adashasiz. Siz kamida vaqtingiz, telefon yoki kompyuteringiz quvvati, internet trafigi (megabaytlar), ko‘zingiz nurini bu ma’lumotlarga almashyapsiz, shuni hech o‘ylab ko‘rganmisiz?
Yoki yana bir misolni olaylik. Bozorlar, gavjum bekatlarda har xil oʻquv markazlarini reklama qiluvchi flayerlarni tekin tarqatib yurishganini yoki biror xizmat turidan foydalanganda sizga shaxsiy tashrif qogʻozini berishgan holatlarga duch kelgan boʻlsangiz kerak. Bularni hali ham tekin deb oʻylayapsizmi? Qanaqasiga unday boʻlsin? Axir oʻsha flayer va tashrif qogʻozlarini ishlab chiqarishga qogʻoz, boʻyoq, dizayner bilimi va hokazo resurslar sarflanganidan xabardormisiz?
globalflyerdistribution.com
Keling, eng koʻp tarqalgan holatlardan yana biriga eʼtibor beraylik. “Mahsulotimizdan ikkita sotib olsangiz, uchinchisi tekin beriladi!”, “Bir turdagi mahsulotimizdan xarid qiling va boshqa turdagisiga bepul ega boʻling!” kabi reklamalar ham yuqoridagi barcha misollar singari marketing hiylalaridan boshqa narsa emas! “Tekin berilgan, bepul ega boʻlingan” mahsulotlar qanaqasiga tekin boʻlsin? Har biri uchun yetarlicha resurs sarflangan axir. Xarajat qilib ishlab chiqargan sotuvchi nega endi sizga tekinga berarkan? Mantiqqa quloq solsak, koʻp hollarda oʻsha “bepul” tovar narxi siz sotib olgan tovar narxiga qoʻshib yuborilgan boʻladi.
Boshqa holda esa tekin narsa olish orqali boshqa turdagi mahsulotni ham sotib olishingizga rag‘batlantirilgan bo‘lasiz. Misol uchun, siz tekin berilgan qahva uchun kattaroq pitsa sotib olishingiz kerak yoki chegirma narxida xarid qilish uchun bir nechta tovarni olishingizga to‘g‘ri keladi, garchi sizga faqat bir donasi kerak bo‘lsa-da. Yana bir misol, telefon tarmoqlarining arzon tarifidan foydalanish uchun yillik to‘lovni amalga oshirishingiz talab qilinadi, bu esa o‘sha tarmoqning ishi “gullab-yashnashiga” sabab bo‘ladi.
Aksar hollarda esa bepul tarqatiladigan narxi juda past tovarlar (reklama vizitkalari, flayerlar) siz keyinchalik oʻsha joyga qiziqib, borib koʻrishingiz va katta ehtimol bilan ularning mijoziga aylanishingizga xizmat qiladi.
Bundan tashqari chegirma narxida yoki tekin berish amaliyotlari asosan juda koʻp miqdorda omborda qolib ketishning oldini olish uchun qoʻllanadi. Boshqa yangi tovar uchun joy boʻshatish yoki shunchaki qolib ketgandan koʻra juda past narxga pullash biznes egalariga ayni muddao.
Bu g‘oyani ifodalaydigan ibora TANSTAAFL (There Ain’t No Such Thing As A Free Lunch — bepul tushlik degan narsaning o‘zi yo‘q) deb nomlanib, uning tarixi XIX asrga borib taqaladi. Bu davrda Amerika salonlarida mijozlarga ichimlik xarid qilish hisobiga bepul tushlik berilgan. Demak, tushlikka ega bo‘lish uchun albatta ichimlik sotib olish kerak boʻlgan. Salon egalari tushliklarga juda ko‘p miqdorda tuz solish yo‘li bilan odamlar yanada ko‘proq ichimlik sotib olishlariga va natijada tushlik narxini qo‘shimcha ichimlik hisobidan qoplashga hamda ortiqcha daromad ham qilishga erishdilar.
TANSTAAFL iborasiga tarixda ko‘p marta murojaat qilingan. Masalan, 1933-yilda Nyu York shahrining sobiq meri Fiorello Genri La Guardiya jinoyat va korrupsiyaga qarshi kampaniyasida italyancha “È finita la cuccagna!” (endi tekin tushlik yo‘q) iborasini ishlatgan. Bu iboraga mashhur havolalarni Nobel mukofoti sovrindori, iqtisodchi Milton Fridmanning “Bepul tushlik kabi narsa yo‘q” kitoblarida ham topish mumkin.
Xoʻsh, endi ham sizga “suvtekin” boʻlib koʻrinib, oʻziga jalb qiladigan chaqiriqlarga “labbay”, deb javob berasizmi? Xuddi katta foyda koʻrgandek xursand boʻlib bir nechta narsani xarid qilmoqchimisiz? Umid qilamizki, maqolani shu yergacha oʻqigan zukko oʻquvchimiz har narsaning toʻlovi borligini anglab yetdi.
Demak, eng laqma mushuk ham oftobga chiqishi uchun vaqtini, kuchini sarflashiga to‘g‘ri keladi, unga ham osonmasligini unutmasligimiz kerak.
Eng qizigʻini eshiting, bular bizga koʻrinib turgan xarajatlar edi. Buni iqtisodiyotda buxgalterlik xarajatlari deyishadi. Bundan tashqari, bizga koʻrinmas xarajatlar ham bor. Bu siz ushbu yozilganlarni oʻqish oʻrniga boshqa foydaliroq narsa bilan shugʻullanishingiz mumkinligi. Bu esa iqtisodchilar tilida iqtisodiy xarajat yoki muqobil xarajat deb yuritiladi. Mushuk misolida mushukning oftobga chiqishining muqobil xarajati uning vaqti va kuchi hisoblanadi. “Tekin” mahsulot tarqatuvchilarning oʻsha narsalar ishlab chiqarish va tarqatishga ketgan xarajatlari oʻrniga qilishi mumkin boʻlgan boshqa ishlari oʻsha “tekin” narsaning muqobil xarajati hisoblanadi. Lekin shuni unutmangki, yozganimizni oʻqishdan olgan foydangiz qurbonliklaringizdan (muqobil xarajatingiz) ustun boʻlsa, biz jamiyatda iqtisodiy foyda yaratdik.
Muqova surat: a.storyblok.com
Manbalar: Investopedia; Iqtisodiyot nazariyasi, M. Kempbel va boshqalar
Boshqa mavzular
Iqtisodiyot haqiqatlari: eng laqma mushukning ham oftobga chiqish narxi bor