Insultdan saqlaning! haqida malumot

Insultdan saqlaning! haqida malumot

Insult qanday kasallik va u yer yuzida qanday tarqalgan?

— Insult deb bosh miyada qon aylanishining o‘tkir buzilishiga aytiladi. Insultning qanday tarqalishiga kelsak, u turli davlatlarda turlicha tarqalgan. Yer yuzida yiliga 16 000 000, Rossiyada 600 000, Ukrainada 120 000, O‘zbekistonda 60 000 ta insult ro‘yxatga olinadi. Ta’kidlab o‘taman, bu ro‘yxatga olinayotgan insultlar soni! Ro‘yxatga olinmayotgan insultlarni ham hisoblasak, ushbu ko‘rsatkichlar yanada oshishi tabiiy. Demak, insult juda ko‘p tarqalgan kasalliklardan biridir. Insultning har oyda, har kuni va har soatda qancha uchrashini ushbu jadvaldan o‘zingiz bilib olarsiz.

Nechta odamda insult kuzatiladi?
Bir yilda Bir oyda Bir kunda Bir soatda
Yer yuzida 16 млн 1 333 333 44 444 1851
Rossiyada 600 000 50 000 1666 69,4
Ukrainada 120 000 10 000 333,3 13,8
O‘zbekistonda 60 000 5 000 166,6 6,9

E’tibor beringga har soatda nechta odam insultga duchor bo‘ladi. Ularning 30-40 foizi o‘lim bilan tugaydi, 50 foizdan oshig‘i nogiron bo‘lib qoladi.

Insult bilan asosan katta yoshdagilar kasallanishadi, deyishadi. Shu to‘g‘rimi?

— To‘g‘ri! Biroq so‘ngi paytlarda insultning “yosharib” borayotganligi haqida ko‘p ma’lumotlar paydo bo‘lmoqda. Hozir 30-40 yoshga kirganlarda ham insult ro‘y bermoqda! O‘tgan asrning 90-yillari bunday bo‘lmagan. Masalan, barcha insultlarning 20 foizi hali 50 yoshga kirmaganlarda uchrashi achinarli xol albatta. Afsuski, ularda insultning eng og‘ir turi – ya’ni miyaga qon quyilishi (gemorragik insult) ko‘p uchraydi. Yosh oshgan sayin insult uchrashi ham ko‘payib boradi. Biroq rivojlangan davlatlarda insultning uchrashi kamaymoqda. Masalan, Amerika Qo‘shma Shtatlarida insult Rossiyaga qaraganda 5 barobar kam uchraydi. Insult eng kam kuzatiladigan davlatlardan biri Shveysariya hisoblanadi. Chunki, rivojlangan davlatlarda nafaqat sog‘liqni saqlash tashkilotlari, balki aholining o‘zi ham insultdan saqlanishga oid barcha talablarga rioya qilib boshlashgan.

Insult rivojlanmasligi uchun nimalarga e’tibor qaratish kerak?

— Insultga olib keluvchi omillarning deyarli barchasining oldini olish mumkin. Insultga olib keluvchi xatarli omillarga qonda xolesterin miqdori oshib ketishi, ichish va chekish, gipodinamiya, ya’ni kamharakatchanlik, stress, ya’ni ruhiy zo‘riqishlar, ateroskleroz, arterial gipertoniya, kandli diabet, yurak aritmiyasi kabi omillar kiradi.

Insultga olib keluvchi eng xatarli omillardan biri – bu arterial gipertoniyadir, ya’ni qon bosimning oshib ketishi. Arterial gipertoniya 70 foizga yaqin insultning sababchisidir! Agar qon bosim 160/95 mm sim. ust. dan oshsa, qon bosimi meyorda bo‘lganlarga (120/70 mm. sim ust) qaraganda insult 4 barobar ko‘p uchraydi! Agar qon bosim 200/100 mm sim. ust. ga yetsa, insultning uchrash darajasi 10 barobarga oshadi!

Ateroskleroz

Aytish joizki, yosh oshgan sayin ateroskleroz kasalligi ko‘p uchrab boshlaydi. Shuning uchun ham yosh oshgan sayin insult bilan kasallanganlar soni oshib boradi. Biroq ateroskleroz qaysi yoshda rivojlanib boshlashi odamning hayot tarziga bog‘liq. Aksariyat odamlar ateroskleroz faqat qon bosimi baland bo‘lganlarda uchraydi, deb o‘ylashadi. To‘g‘ri gipertoniya kasalligi ateroskleroz rivojlanishini jadallashtiradi, biroq qon bosimi past bo‘lganlarda ham ateroskleroz rivojlanadi. Chunki ateroskleroz rivojlanishi ko‘proq yog‘li ovqatlarni ko‘p, meva-sabzavotlarni esa kam istyemol qilish, kamharakatchanlik, doimiy ruhiy-hissiy zo‘riqishlarga ham bog‘liq. Aterosklerozda qonda xolesterin miqdori oshadi, tomir devorlari mo‘rtlashadi, tomirlarda chandiqlar paydo bo‘ladi va ular tiqilib qolib insultga olib keladi.

Chekish

Ushbu zararli odat insult rivojlanishini deyarli 2 barobarga oshiradi. Bu isbot qilingan dalil. Chekish nima uchun kayf beradi, chunki u aynan miyani qon bilan ta’minlovchi tomirlarga va u orqali insonning kayfiyati bilan boglik masxsus miya tuzilmalariga ta’sir qiladi. Chekish qon ivishini kuchaytirib tromblar (qotib qolgan qon laxtalari) hosil bo‘lishini tezlashtiradi va tomirning ichki devorini zararlaydi, tomir torayib unda qon oqishi sustlashib boradi. Doimiy tarzda chekish xattoki yirik qon tomirlarni ham zararlashi mutaxassislar tomonidan tasdiqlangan. Chekishni tashlash 2-4 yildan keyin insult va infarkt rivojlanishi havfini keskin kamaytiradi.

Spirtli ichimliklar

Spirtli ichimliklarni suiste’mol qilish ham insult rivojlanish havfini bir necha barobarga oshirishi isbot qilingan. Ularda ayniqsa gemorragik insult (ya’ni miyaga qon quyilishi) ko‘p uchraydi. Biroq, ba’zi olimlar kam miqdorda qabul qilingan qizil vino ishemik insult rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi, deb hisoblashadi.

Parhez

Oddiy so‘z bilan aytganda, noto‘g‘ri ovqatlanish ham insultga olib keluvchi xatarli omildir. Osh tuzini ortiqcha iste’mol qilish arterial gipertoniya rivojlanishiga turtki bo‘lsa, kam miqdorda iste’mol qilish esa nafaqat qon bosimni meyorda ushlab turishi, balki insult rivojlanishining oldini oladi.
Aminokislotalar va vitaminlarga boy bo‘lgan meva-sabzavotlarni yetarli miqdorda iste’mol qilish miya insultiga olib keluvchi xatarli omillarni kamaytiradi. Ayniqsa, tarkibida askorbin kislotasi, tokoferol atsetat, sianokobalamin, nikotin kislotasi, beta-karotin kabi vitaminlar qon tomir devorlari uchun o‘ta muhim ozuqadir. Tarkibi kaliyga boy bo‘lgan quruq mevalarni iste’mol qilish ham tomirlarda aterosklerotik pilikchalar rivojlanishining oldini oladi, tomir devorini shikastlanishdan asraydi, tomirning ichki devorida xolesterin to‘planishini pasaytiradi, demak tromblar paydo bo‘lishiga to‘sqinlik qiladi. Baliq go‘shtini iste’mol qilib turish ham yurak mushaklarida moddalar almashinuvini yaxshilab, qonda xolesterin miqdorining pasayishiga yordam beradi.

Gipodinamiya

Gipodinamiya – kam harakatlilik degani. Bu juda havfli omil bo‘lib, ayniqsa shaxarliklar uchun xosdir. Bugungi kunda jismoniy mehnat orqali erishiladigan aksariyat ishlar internet, qo‘l telefonlari, kompyuterlar orqali amalga oshirilmoqda. Bu esa odamlarni ishyoqmas qilib qo‘ymoqda, jismoniy mehnat bilan shug‘ullanuvchilar soni kamayib bormoqda. Buning oqibatida yurak-qon tomir kasalliklari, shu jumladan insult ko‘paymoqda. Rejali tarzda doimo bajariladigan jismoniy mashqlar – ertalab va kechqurun piyoda yurish (20-30 daq.), yugurish, suzish, velosipedda sayr qilish kabi yengil jismoniy mashqlar insult rivojlanishining oldini oladi. Doimiy tarzda bajariladigan jismoniy mashqlar tomir devorlarida xolesterin to‘planishini pasaytiradi, yurak-qon tomir faoliyatini yaxshilaydi.

Stress

Olimlar XX asrni stress asri deyishardi. Chunki o‘tgan asrda asabiy zo‘riqishlar sababli paydo bo‘luvchi kasalliklar, ya’ni insult va infarkt ko‘payib ketdi. Afsuski, bu holat xozirgi kunda ham davom etmoqda. Ma’lumki, infarkt yoki insult bo‘lib qolgan odamni so‘rab-surishtirsangiz ushbu kasallik rivojlanishidan oldin qattiq siqilgan bo‘ladi. Demak, stress kasallik rivojlanishi uchun turtki rolini ham o‘ynaydi. Shuningdek, doimiy siqiladigan odamda gipertoniya kasalligi, qandli diabet, yurak ishemik kasalliklari ko‘p kuzatiladi. Bularning barchasi esa insultga olib keluvchi kasalliklardir. Aytish joizki, doimiy tarzda jismoniy mexnat va sport bilan shug‘ullanadiganlar ruxiy-xissiy zurikishlarga kam duch kelishadi. Insultning oldini olish uchun bu o‘ta muximdir.

Davomi >>>

Kitobning boshqa qismlari bilan saytimizning «Asab va ruhiyat» bo‘limida tanishishingiz mumkin.

Zarifboy Ibodullayev, nevropatolog. Professor.
«Asab va ruhiyat» kitobi.
Asab.uz

Kasalliklar
Insultdan saqlaning!