Habib Saʼdulla (1942–2006)
Habib Saʼdulla (1942–2006)
DO`STLARGA ULASHING:
Habib Saʼdulla 1942 yilning 5 aprelida Namangan shahrida tugʻildi. Otasi urushda halok boʻlib, yolgʻiz onasi tarbiyasida qolgani tufayli texnika bilim yurtida oʻqish bilan birga Toshkentdagi ekskavator zavodida elektr payvandchisi boʻlib ishlaydi. Toshkent Davlat universitetining jurnalistika fakultetida sirtdan tahsil oldi. Harbiy xizmatdan qaytib, “Mushtum”, “Namangan haqiqati” kabi jurnal va gazetalarda musahhih, adabiy xodim, muharrir oʻrinbosari vazifalarida faoliyat koʻrsatadi. 1973–1990 yillarda Habib Saʼdulla Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Namangan viloyat boʻlimining masʼul kotibi boʻlib ishladi.
1969 yili “Okeandan shabada” nomli birinchi kitobi nashr etildi. Shundan soʻng “Bahor bilan suhbat”, “Muloqot”, “Yana ostonangda”, “Ehtirom”, “Usmon atlas”, “Nur qadri”, “Bogʻlar yurtin bolasimiz”, “Tazarru”, “Koʻchamdan jonon oʻtganda” kabi sheʼriy toʻplamlari nashr etildi. Shoir “Tong musaffo boʻlsa…” nomli publitsistik qissa va maqolalaridan tashkil topgan toʻplamida odamlardagi mehnatsevarlik, halollik, imon-eʼtiqod, vijdonlilik fazilatlarini ardoqlashga daʼvat etadi.
Habib Saʼdulla oʻzbek adabiyoti rivoji yoʻlidagi samarali xizmatlari uchun “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi”, “Oʻzbekiston xalq shoiri” unvonlari, “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan.
“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.
Habib Saʼdulla (1942–2006)