Giyenko Boris Fyodorovich Tarjimai hol haqida malumot

Giyenko Boris Fyodorovich Tarjimai hol haqida malumot

Tarjimai hol

Giyenko Boris Fyodorovich — bastakor, pedagog. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi (1968). O‘zbekiston Respublikasi Xalq artisti. Sobiq SSSR bastakorlar uyushmasi a’zosi. Professor. Boris Fyodorovich Giyenko ijodiy, pedagogik va musiqiy izlanishlari o‘zbek professional musiqa san’atining rivojlanishiga o‘z hissasini qo‘shgan bastakorlar sirasiga kiradi.

Boris Fyodorovich Giyenko 1917 yilning 8 avgustida Shimoliy Kavkaz (Osetiya)da, charm mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar oilasida tug‘ilgan. Fortepiano chalishni 6 yoshidan boshlab o‘rgangan.

1935 yil B. Giyenko Toshkentga ko‘chib keladi. Bu yerda u Bolalar tarbiyaviy ijodiyoti markaziy uyida torli havaskor orkestriga rahbarlik qilish bo’yicha 6 oylik kurslarini tamomlaydi. Uning ilk musiqa bastalash namunalari aynan shu yillarga tegishlidir.

Giyenko 1936 yilda ochilgan Toshkent Davlat konservatoriyasining ilk talabalaridan biri bo‘lgan. Uning ijodiy istiqbollari ajoyib pedagog B. B. Nadejdinaning bastakorlik darslarida namoyon bo‘lgan. Talabalik yillari Giyenko turli shoirlarning she’rlariga bir qancha qo‘shiqlar va romanslar yozgan, uchta o‘zbek xalq musiqasini o‘zbek do‘mbira orkestri uchun qayta ishlab chiqqan. 1938 yildan Konservatoriyadagi o‘qishini u bolalar musiqa maktabida pedagoglik faoliyati bilan mujassamlaydi. 1941 yil birinchi simfoniyasini diplom ishi o‘rnida taqdim etib, konservatoriyani bitiradi.

Ulug‘ Vatan Urushi yillari Giyenko Turkiston harbiy okrugi qoshidagi madaniy-ma’rifiy targ‘ibot guruhida ham xizmat qiladi. Bu yerda bastakor qo‘shiqlar, romanslar va orkestr pyesalarini yozishni boshlaydi. Vatanparvarlik qo‘shiqlaridan ansambl ijrochilari orasida uning keyingi qo‘shiqlari ommabop bo‘lgan: “Vatan uchun, olg‘a!”, “Uch gvardiyalik balladasi”, “Biz Reynda bo‘lamiz”, “Donlik qozoq”; M. Lermontov she’riga olti romans; T. Fattoh she’riga “U ketdi” va L. Kovalev she’riga “Tushimga kirdi” romanslari; Berns va S. Marshaklarining she’riga to‘rt qo‘shiq; fortepiano uchun sonatina va o‘zbek milliy cholg‘u orkestri uchun marsh.

1948 yildan Toshkent davlat konservatoriyasining o‘zbek xalq cholg‘u asboblari fakultetida cholg‘ulashtirish va partitura o‘qish bo‘yicha dars beradi, 1960 yil esa bastakorlikdan dars o‘ta boshlaydi.

1967 yil unga dotsent ilmiy unvoni berilgan.

1972 yil konservatoriyaning kompozitsiya kafedrasi mudiri lavozimiga tayinlanadi.

2000 yilning 18 sentabr kuni vafot etgan, Toshkentdagi Botkina qabristoniga dafn etilgan.

1939 yil B. Giyenko O‘zbekiston bastakorlar uyushmasi a’zoligiga qabul qilinadi, 1960 yil Boris Fyodorovich O‘zbekiston Bastakorlar uyushmasi raisi o‘rinbosari.

Bastakor o‘zbek kamera musiqasi rivojiga baholi-qudrat o‘z hissasini qo‘shgan. O‘zbek musiqasi negizidagi, o‘ziga xos material sanalmish beshta cholg‘u kvarteti va fortepiano kvinteti “Triptix” keng omma e’tirofiga ega bo‘lgan

Uning V.Lipko so‘ziga “G‘azal”, Zulfiya so‘ziga “Yulduz”, T.To‘la so‘ziga “Muloyim”, T.Fattoh so‘ziga “Kuz oqshomlari”, H.Olimjon so‘ziga uchta romans va Navoiy so‘ziga yozilgan “Ayriliq — og‘ir iztirob”, “Mening orzuim” kabi ikkita romansi o‘ziga xos tarzda bastalangan. Ko‘plab simfonik asarlari orasida quyidagilari keng tanilgan: “So‘zana” simfonik raqsi, “Xorazm syuitasi”, “O‘zbekiston” (1951 y.) ikkinchi dasturiy simfoniyasi, “O‘zbekiston lirik kartinasi” (1954 y.) syuitasi, “Yovvoyi dasht” (1954 y.) dostoni, simfonik uvertyura (1955 y.), 3-sonli simfoniya (1960 y.), “14 nafar Turkistonlik komissarlar xotirasiga” ballada-simfoniyasi (1967 y.), torli va zarbli cholg‘u orkestri uchun 5-sonli simfoniya (1973 y.), “5 qismli syuita” tovush va simfonik orkestr uchun syuita, “Novelletlar”. Vokal-simfonik asarlaridan: vokal-simfonik dostoni “Lenin kulgusi” yoki “Vahimali yillardan so‘ng” (1969 y.), B. Singayevskiy she’riga; R. M. Glier xotirasiga bag‘ishlangan tovush va orkestr uchun konsert.

Bastakor ijodida sahna asarlar janri alohida o‘rin egallaydi. U bastakor G. Sobitov bilan hamkorlikda keyingi dramalarga musiqalar bastalagan: ozarbayjonlik dramaturg S. Rahmon sahna asari asosida “Hush keldingiz” (1952 y.) va S. Abdulla sahna asari asosida “Tohir va Zuhra” (1953 y.).

Bastakor D. Zokirov bilan hamkorlikda A. Bobojonovning sahna asari asosida “So‘nmas chiroqlar” (1953 y.) musiqali dramasini hamda M. Muhamedov sahna asari, T. Litvinskiy librettosi asosida “Oynisa” (1956 y.) baletini yaratadi. 1966 yil bastakor-musiqachi F. Sodiqov bilan hamkorlikda X. Sharipov sahna asari asosida “Ota o‘g‘li” musiqali dramasini yozadi. Bastakor D. Soatqulov bilan hamkorlikda B. Kerbabayevning sahna asari asosida XVIII asr buyuk mumtoz-shoiri ijodiga bag‘ishlangan “Mahtumquli” (1966 y.) musiqali dramasini yaratadi.

B. Giyenko musiqasi asosidagi keyingi spektakllar Y. Ohunboboyev nomidagi yosh tomoshabinlar qo‘g‘irchoq teatrida katta muvaffaqiyat bilan qo‘yilgan: S. Mixalkov sahna asari asosidagi “Quyon-bilag‘on”, Ye. Shvartsning “Ikki zarang”, Lyubimovning “Chetda”, “Pavlik Morozov”, Tolipov va Ahmedovlarning “Sirli sandiq” hamda Preobrajenskiyning “Go‘zal Vasilisa”.

B. Giyenko ijodida o‘zbek milliy cholg‘u orkestri uchun asarlari katta o‘rin egallaydi. O‘zbek xalq cholg‘ulari filarmoniya orkestri yaratilgan vaqtdan (1938 y.) buyon, u ushbu orkestr jamoasi bilan, avvaliga cholg‘ushunos sifatida yaqindan aloqada bo‘lgan, so‘ngra, musiqalarni qayta ishlagan va yangidan-yangi turli asarlar yaratgan. Bastakorning milliy qo‘shiqlarga, garmonizatsiya jarayonidagi kuylarga ehtiyotkorona munosabati hamda mohiyatiga va xarakteriga yetishish B. Giyenkoning badiiy uslubi hisoblanadi. U tomonidan yaratilgan folklorga asoslangan ko‘plab asarlari ijrochilik jamoasi repertuari hamda pedagogik adabiyotlardan tushmasligi bejiz emas.

Bastakor B. Giyenko pedagogik faoliyat      ga ko‘p kuch sarflaydi. Pedagogik va ijodiy ishini u yirik jamoat faoliyati bilan mujassamlaydi. O‘zbek professional musiqa san’ati rivojiga qo‘shgan hissasi uchun B.F. Giyenko “Qizil Mehnat Nishoni”, “Hurmat belgisi” ordenlari, “Mehnat a’lochisi”, “Ulug‘ Vatan Urushida Germaniya ustidan g‘alaba uchun” medallari, “V. I. Lenin tavalludining 100-yilligi munosabati oldidagi fidokorona mehnati uchun” faxriy yorlig‘i bilan taqdirlangan.

Arboblar
Giyenko Boris Fyodorovich

manba:arboblar.uz