GIPOKSIYA haqida malumot bilib oling.
GIPOKSIYA (gipo… va lot. oxygenium — kislorod) , an oksiya, kislorod tanqisligi — organizmda yoki ayrim aʼzo va toʻqimalarda kislorod yetishmasligi yoki qabul qilinishining buzilishidan kelib chiqadigan kasallik holati. Gipoksiya nafas olinayotgan havoda kislorod yetishmaganida (mas, balandlikka koʻtarilganda), yer ostida ishlaganda, nafas yoʻllariga yot jismlar tiqilib qolganda, bronxlar spazmida va b. hollarda roʻy berishi mumkin. Gipoksiya juda koʻp kuzatiladi va turli-tuman nosogʻlom (patologik) jarayonlar asosini tashkil etadi. Gipoksiya oʻtkir, bir lahza (oniy) hamda surunkali boʻlishi mumkin. Yengil Gipoksiyada ham xuddi mastlikka oʻxshash qoʻzgʻalish holati, oliy nerv faoliyati, yurak va nafas sistemasida sezilarli oʻzgarishlar sodir boʻladi. Birdan roʻy bergan Gipoksiyada bosh ogʻrigʻi, bosh aylanishi, koʻngil aynishi, yurak va nafas faoliyatining izdan chiqishi kuzatiladi. Hatto qisqa muddat bosh miyaning kislorod bilan taʼminlanmasligi ogʻir oqibatlarga olib kelishi ham mumkin. Oʻtkir Gipoksiya koʻp qon yoʻqotilganda, miokard infark-mujxa va b. ogʻir holatlarda, shuningdek, qonning toʻqimalarga kislorod tashish xususiyati buzilishiga olib keluvchi is gazi b-n zaharlanganda roʻy beradi. Surunkali Gipoksiya yurak faoliyatining zaiflashishi va toʻqimalarning qon bilan taʼminlanmasligiga sabab boʻladigan yurak poroklari, kardioskleroz kasalligida paydo boʻlishi mumkin. Baʼzi vitaminlar yetishmasligi ham Gipoksiyaga sabab boʻla oladi. Gipoksiyaning oldini olish uchun unga chidamlilikni oshiradigan maxsus mashgʻulotlar olib boriladi. Davo asosan Gipoksiyaga sabab boʻlgan omillarni bartaraf etishdan iborat.
Ensiklopediya.uz
GIPOKSIYA