GIDROLOGIK KUZATUV MANZILI haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
GIDROLOGIK KUZATUV MANZILI haqida malumot bilib oling.

GIDROLOGIK KUZATUV MANZILIsuv manbalari (daryo, koʻl, kanal, suv omborlari va b.)ning holati va tartiboti muntazam kuzatib boriladigan maxsus joy. U suv balandligi va haroratini oʻlchash, qishki tartibot (muz qalinligi, muz ustidagi qorning balandligi)ni kuzatish, suvning toʻlqinlanishi, tiniqpigi va muallaq zarrachalar tarkibi, uning qiyaligi, suv sarfini aniqlash uchun namuna olish, suvdagi oʻsimliklarni kuzatish, gidrologik tartibot va yogʻin toʻgʻrisida maʼlumotlar toʻplash, yogʻin va qor qoplami ustida meteorologik kuzatishlar olib borish va b. vazifalarni bajaradi. Shuningdek, muz hosil boʻlishi va yogʻinni kuzatadi. Kuzatishlar gidrometeorologik st-ya va kuzatuv manzillari uchun tayyorlangan qoʻllanma asosida yagona usul hamda bir xil asboblar yordamida olib boriladi.

Gidrologik kuzatuv manzilidan olingan maʼlumotlar qishloq va suv xoʻjaligi uchun katta ahamiyatga ega boʻlgan gidrologik bashorat uchun asos boʻlib xizmat qiladi.

Gidrologik kuzatuv manzililar ishini viloyat gidrologik boshqarmalari va Boshgidromet nazorat qilib boradi.

Ensiklopediya.uz
GIDROLOGIK KUZATUV MANZILI