Exinokokkoz qanday kasallik haqida malumot
Og‘ir parazitar kasallik hisoblangan exinokokkozning kistoz (pufakcha) va alveolyar (ko‘p uyali) turlari mavjud. Har ikkala turini ham tasmasimon gijjalar turkumiga kiruvchi biogelmentlar paydo qiladi.
Tabiatda exinokokkning kistoz turi ko‘p tarqalgan. U ichida gijja pufakchalarini, skoleks deb ataladigan lichinka boshchalarini saqlagan exinokokk suyuqligi bilan to‘lgan pufakdir. Pufakning devori bir necha qavatlar (tashqi – fibroz, ichki – xitin va germenativ)dan iborat. Tibbiyotda kistoz turi kam uchraydi, unga tashxis qo‘yish ancha qiyin.
Exinokokkozning har ikkala turi ham kasallik yuzaga chiqquncha bo‘lgan vaqtda ikki davrni o‘taydi. Birinchi davrida, asosiy sababchisi hamda egasi hisoblangan go‘shtxo‘r hayvonlar (masalan, mushuk, it, bo‘ri, tulki)ning ichagida tasmasimon gijja holida yashaydi, ikkinchi davrida esa oraliq egasi hisoblangan odam, qoramol yoki qo‘ylarning ichki a’zolarida pufakcha shaklida rivojlanadi.
Diagnostika va muolajalar
YUQISH YO‘LLARI
Exinokokk gijjasining odamga yuqish yo‘li quyidagicha: avvalo, exinokokk bilan kasallangan hayvonning zararlangan a’zolarini go‘shtxo‘r hayvonlar yeganidan keyin, exinokokk pufagi ichidagi gijja lichinkasi boshchasi hayvon ichagining devoriga so‘rg‘ichlari bilan yopishib rivojlana boshlaydi va tasmasimon bo‘lib, uzunligi 5-6 millimetrga yetadi, 3-4 ta bo‘g‘indan tashkil topadi.
Gijjaning oxirgi bo‘g‘ini o‘zida bir necha yuzlab tuxumlarni yetiltirib, tanadan uzilib, najas bilan tashqariga chiqib turadi. Uzilib chiqqan gijja bo‘g‘ini mustaqil harakatlanish qobiliyatiga ega bo‘lib, o‘simliklar poyasiga ham chiqadi. Tasmasimon gijja jinsiy yetilgan davrida 500-800 ta gacha tuxum ajratadi, bu tuxumlar ham hayvon najasiga aralashib tashqariga chiqadi.
Exinokokk gijjasi tuxumlari bilan ifloslangan suv, sabzavot, meva va ko‘katlarni odam iste’mol qilganda yoki o‘txo‘r hayvonlar yeganda tuxumlar ovqat hazm qilish yo‘liga o‘tadi. Me’daga tushgan gijja tuxumining ustki qobig‘i me’da shirasi ta’sirida erib, ichidan onkosfera deb ataladigan gijja lichinkasi ichak bo‘shlig‘iga chiqadi, ana shu vaqtdan boshlab exinokokkning ikkinchi davri boshlanadi.
Tuxumdan ajralib chiqqan lichinka ichak devorini teshib, qon tomir ichiga yoki limfaga o‘tadi, qon orqali tananing har qanday a’zosiga borib joylashishi mumkin. Ko‘pincha darvoza orqali jigarga, qon aylanish tizimi orqali o‘pkada o‘rnashadi.
RIVOJLANISH BOSQICHLARI
Zararlangan a’zoda, exinokokk lichinkasining keyingi hayoti boshlanib, finna deb ataluvchi pufakchaga aylanadi. Dastlabki davrlarda, pufakchaning diametri 1-2 millimetrdan oshmaydi, qariyb 5-6 oydan so‘ng diametri 2-3 santimetrgacha yetadi.
Pufakchaning ichki devorlari exinokokkning xususiy germenativ va xitin qobiqlaridan tashkil topadi, tashqi qobig‘i esa organizmning parazitga javoban reaksiyasi natijasida rivojlangan biriktiruvchi to‘qimali zich fibroz pardadan iborat bo‘ladi. Bu parda ya’ni exinokokk pufagining ichi suyuqlik bilan to‘la boradi, yillar o‘tgach u 10 litrdan ham ortishi mumkin.
Odatda, jigar exinokokkozi ham bir necha yillar mobaynida rivojlanadi va dastlabki davrlarda kasallik belgilari yashirin holda kechadi. Exinokokk pufagi kattalashgan sari biqin, ya’ni o‘ng qobirg‘a osti og‘rib, og‘riq yelkaga va belga o‘tadi, bemorning holi quriydi, tez charchab qoladi, nafasi qisadi, ishtahasi yo‘qoladi, zardasi qaynaydi, ko‘ngli aynaydi, qusadi, ozib ketadi va badaniga eshakem toshadi.
Ko‘pincha exinokokk pufagi kattalashib o‘t yo‘llarini ezib qo‘yishi natijasida safro dimlanib qoladi va har xil darajadagi sariqlik paydo bo‘ladi. Bordiyu, exinokokk pufagi o‘pkada joylashsa, o‘sib kattalashganda bemorning borgan sari nafasi qisadi, quruq yo‘taladi va ko‘krak qafasi sanchib og‘riydi.
DAVO USULLARI
Exinokokkozni davolash usuli hozirgi kunda, faqat bitta, u ham bo‘lsa, jarrohlik yo‘li bilan parazit pufak butunlay olib tashlanadi. Exinokokk o‘z vaqtida olib tashlanmasa og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Jigar yoki o‘pkada joylashgan exinokokk pufagi kattalashib yorilib ketsa, bemorda anafilaktik shok rivojlanishi va bemor hayoti xavf ostida qolishi mumkin. Bordiyu, a’zo ichida nobud bo‘lgan pufakcha yiringlab ketmasa, unga ohak tuzlari o‘tirib bujmayib qoladi. Kasalliking bunday yakunlanishi bemor uchun yaxshi oqibat hisoblanadi.
Oxirgi vaqtlarda, shahar aholisi orasida ham exinokokkozga chalingan bemorlar uchramoqda. Bunda kasallik ularga daydi itlar orqali, exinokokk tuxumlari bilan ifloslangan sabzavot, meva va oshko‘klarni iste’mol qilganda yuqishi mumkin. Shuning uchun ham bozordan xarid qilingan poliz mahsulotlarini yaxshilab yuvib, keyin tanovul qilish lozim.
Exinokokk gijjalar atrofga tarqalishining oldini olish maqsadida qushxonalarda va uylarda so‘yilgan hayvonlarning kasallangan a’zolarini kuydirish, daydi itlarni yo‘qotish kerak.
Uyda boqilayotgan it, mushuk va boshqa go‘shtxo‘r hayvonlarni veterinariya tekshiruvidan o‘tkazib, lozim topilsa, gijjasini tushirish tadbirlarini amalga oshirish zarur bo‘ladi.
Abdusamat MUSTANOV,
vrach-epidemiolog, tibbiyot fanlari doktori.
«Sihat-salomatlik» jurnali
Kasalliklar
Exinokokkoz qanday kasallik