Deputatlar yangi qonun loyihalarini qabul qildilar
23 iyun seshanba kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisi boʻlib oʻtdi.
Dastavval deputatlar tomonidan majlis oʻtkazish tartibi hal etildi. COVID-19 pandemiyasi munosabati bilan 16 aprel kuni tasdiqlangan yalpi majlislarni videokonferensaloqa rejimida oʻtkazishning vaqtinchalik reglamentiga tuzatish kiritildi. Endi parlament a’zolari tomonidan masofaviy rejimda konstitutsion qonunlar qabul qilinishi, ularga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
Soʻngra qonun loyihalari muhokama qilindi. Ular qatorida quyidagi oʻzgartirishlar nazarda tutilgan tuzatishlar ham bor:
- MJTKga – ekologik huquqbuzarliklar uchun javobgarlik kuchaytiriladi, tabiatni muhofaza qilish organlarining davlat inspektorlariga Davlat ekologiya qoʻmitasi nomidan ishlarni koʻrib chiqish va ma’muriy jarimalar solish huquqi beriladi;
- «Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida»gi hamda «Qonunlar loyihalarini tayyorlash va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi toʻgʻrisida»gi qonunlarga – qonunchilik tashabbusi huquqi sub’yekti (uning vakili) zimmasiga ma’ruza bilan chiqish va loyihani konseptual jihatdan asoslash hamda deputatlar oldida himoya qilish vazifasi yuklatiladi;
- «Parlament nazorati toʻgʻrisida»gi Qonun va boshqa qonun hujjatlariga – mansabdor shaхsning nomiga yuborilgan deputat (senator) soʻroviga javob ushbu shaхs tomonidan imzolanishi shart;
«Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida»gi va «Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida»gi qonunlarga, shuningdek IPKga – aksiyalarning 1%iga egalik qiluvchi aksiyadorga boshqaruv organlari harakatsizligi oqibatida kompaniyaga yetkazilgan zararni qoplashni talab qilish huquqi beriladi. Bundan tashqari, jamiyat va affillangan shaхslar oʻrtasida tuzilgan bitimlar haqidagi ma’lumotlar bitim tuzilgan vaqtdan e’tiboran 72 soat mobaynida oshkor etilishi shart boʻladi.
Savollarga javoblar
Deputatlar yangi qonun loyihalarini qabul qildilar
manba:norma.uz