Dasturchilikda tajribangiz bir yilmi, O’qituvchilik qilish Sizga mumkin emas!

Dasturchilikda tajribangiz bir yilmi, O’qituvchilik qilish Sizga mumkin emas!

Hozirgi davrda IT o’quv markazlar juda ko’p. Ular har xil sifatda dars beradilar, turli yo’nalishlarda ilm ulashishga harakat qilishadi. Ammo har bir markazning eng katta muammosi bu sifatli, ilmli Ustozni topa bilishdir.

Lekin e’tiborimizni bir narsa tortdi. Hali tajribasi ikki yil bo’lmagan juda ko’p yoshlar markazlarda dars berishga oshiqishadi. Bu narsa o’ta yomon natijalarga olib borishi haqida esa deyarli hech qayerda gapirilmaydi. Joriy maqolada shu mavzularni yoritishga harakat qilamiz.

Haqiqiy proyekt qanday amalga oshirilishini bilmaysiz.

Tajribasi hali yo’q, yoki kam bo’lgan odam proyekt qanday yuritilishi haqida hali yetarlicha ma’lumotga ega bo’lmaydi. O’rgatiluvchi har bir mavzu keyinchalik proyektda qayerda yordam bera olishini bilish — dars berishdagi eng muhim joy! Proyektni bajarishda kimlar ishtirok etadi, qanday vazifalar bajariladi — bularni bilish darsni mazmunli qilib o’tishga sababchi bo’ladi.

Mijoz kimligi haqida ma’lumotingiz yo’q.

Hali tajribasi kam bo’lgan odam, o’zi yozayotgan kodning mijoz qo’lida qanday ishlashi haqida ma’lumotga ega bo’lmaydi. Kod soddaligi, effektivligi, katta yuklamalarga bardoshliligi tajribasi faqat mijoz uchun real proyektda ishtirok eta olgan odamda bo’ladi. Mijozning xohishlari, uning injiqliklarini ko’rmagan odam dasturlashdagi tushunchalar qanday qilib muammolarni hal qilishini bila olmaydi.

Hayotiy tajriba o’lchamini o’quvchi o’ta tez ilg’ay oladi.

Xohlaysizmi, yo’qmi — Sizni eshitayotgan odam Sizning tajribangizni tez ilg’aydi. Buning uchun dasturchi bo’lish shart emas. Umuman tajribasi bor odam bilan tajribasiz odam fikrlashida, gapirishida va mavzuni tushuntirib berishida juda katta farq bo’ladi va bu narsani o’quvchi birinchi darsning o’zidayoq ilg’ay oladi.

Muammolar qanday hal qilinishini bilmaysiz.

Istalgan dasturiy ta’minot real hayotda ishlatilganidan keyin muammolarga duch kelishi aniq — hakerlar hujumi, katta yuklamadagi murojaatlar, dasturiy ta’minot arxitekturasi o’sishga tayyormasligi yoki noto’g’ri tuzilganligi va boshqalar. Tajribasiz odam bunday muammolarni ko’rmagan bo’ladi, ularni hal qilish bo’yicha fikrga ega bo’lmaydi. Axir, o’qituvchiga borishdan aynan maqsad shu-ku — hayotiy muammolarga yechimlarni o’rganish. Dasturlash tillarini o’qituvchisiz o’rganib olsa ham bo’ladi. Onlayn kurslar buni sifatliroq ham qila oladilar. Ammo hayotiy tajriba faqat tajribali ustozdan olinadi.

Haqiqiy mas’uliyat o’quvchi o’qishni bitirganida boshlanadi.

Endigina dars berishni boshlaganimizda, biz dars berishni mas’uliyati yuqori ish deb bilar edik, ammo bu mas’uliyat qayerda namoyon bo’lishini bilmagan ekanmiz. Uch yil dars berib bir fikr paydo bo’lgan — O’qituvchilik mas’uliyati o’quvchi o’qishni bitirib, ishini topib o’zini ko’rsatishni boshlagan kunida boshlanar ekan. Dars jarayoni bu sun’iy jarayon. Undagi masalalar sun’iy (ya’ni dars uchun o’ylab topilgan) bo’ladi. Ustozning mahorati, o’quvchiga singdirgan ilmi faqatgina shu o’quvchining haqiqiy ishida bilandi. Agar ishxonadagi odam o’quvchingiz haqida: “Shuni ham bilmaysizmi? O’qituvchingiz kim bo’lgan o’zi?”, desa, Sizning mas’uliyatsizligingiz bilinadi. Agar o’quvchingiz zarracha bo’lsa ham Siz bergan ilmga norozilik his qilsa, biling-ki, qilayotgan ishingizda halollikka e’tibor kamaygan bo’ladi. Shuning uchun ham ustozlik og’ir kasb deyiladi. Ustoz bergan ilk ilm o’quvchining professional hayotining har bir nuqtasida bilinib turadi, shuning uchun ham Ustozman degan odam yelkasiga katta yuk olgan bo’ladi.

Yakun o’rnida…

Yakun o’rnida bir narsani aytib o’tish joiz — umuman istalgan kasbda Ustozlik qilish uchun katta tajriba o’ta muhim. Shundagina ushbu kasb egalari sifatli ish qila oladilar. Dasturlashda esa ayni damda dars beraman deb yonib turgan, hali yetarlicha tajribaga ega bo’lmagan yoshlar ko’payib qoldi. Maslahatimiz: Dasturlashda yana bir necha yil tajriba yig’ing, zero Siz bergan ilm birovning kelajagini sindirib qo’ymasin!

Ilm izlashdan to’xtamang!

Алишер Косимов : asl maqola linki.

Umumiy Dasturlash
Dasturchilikda tajribangiz bir yilmi, O’qituvchilik qilish Sizga mumkin emas!