COVID-19ga chalingan bolalarni uy sharoitida davolash mumkinmi? Mutaxassis javob berdi
Koronavirus infeksiyasi hali ortga chekingani yo`q. Ayniqsa, so`nggi kunlarda yurtimizda ushbu kasallikka chalingan bemorlar soni biroz ortgani kuzatilmoqda. Qolaversa, xastalik yosh bolalarni ham chetlab o`tmayapti. Xo`sh, bunday vaziyatda ota-onalar qanday yo`l tutmog`i lozim? COVID-19ga chalingan bolalarni uy sharoitida davolash mumkinmi?
Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmatining ushbu savollariga Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bosh shifokori, tibbiyot fanlari doktori Abdumannon ABDUQAYuMOV javob berdi.
— Bugun dunyoda koronavirus infeksiyasi bilan bog`liq vaziyatga e`tibor bersak, virus bolalar va homilador ayollar orasida ham ko`p kuzatilayotganini ko`rish mumkin, — deydi shifokor. — Albatta bunga qaysidir ma`noda kasallikning tez-tez mutasiyalarga uchrayotgani ham sabab bo`lmoqda.
Biroq shunisi quvonarliki, ayni paytda yurtimizda bu xastalik aksariyat bemorlar, ayniqsa, bolalarda engil kechyapti. U asosan tana haroratining ko`tarilishi, tomoq og`rig`i, burun oqishi, yo`tal, bosh og`rig`i, ich ketishi kabi belgilar bilan namoyon bo`lmoqda.
Shu bois, agar xastalik kichik yoshdagi bolalarda engil shaklda o`tayotgan bo`lsa, shifokor ularni uy sharoitida davolashga ruxsat berishi mumkin.
Agar bolaning fibril tutqanog`i bo`lmasa, kasallik payti tana harorati 38-38,5 C° darajadan past bo`lganda isitmani tushirishga hojat yo`q. Shundan ortsagina “Parasetamol” yoki “Ibuprofen” (bolalar uchun eritma) berish mumkin.
Shuni unutmaslik kerakki, tana haroratining 37 S° daraja ekani isitma ko`tarilganini anglatmaydi. Qayta-qayta isitmani tushiruvchi dorilarni ichirish esa undagi termoregulyasiya markaziga salbiy ta`sir etadi.
Ayniqsa, antibiotiklar virusli infeksiyalarda umuman natija bermaydi. Qolaversa, ba`zi shifokorlar hech qanday zarurat bo`lmasa-da koronavirusga chalingan kichik yoshli bemorlarga gormon muolajalarini buyuradi. Bu ham davolashning noto`g`ri taktikasi hisoblanadi.
Uy sharoitida COVID-19ga chalingan bolalarga:
— 3 kungacha har soatda oz-ozdan suyuqlik ichiriladi;
-3-4 kun davomida har soatda tomoq va burun oddiy iliq suv bilan chayib turiladi;
— darmondorilarga boy taom va mahsulotlar beriladi;
— o`z vaqtida va me`yorida uxlashi choralari ko`riladi;
-turli vitaminlar iste`mol qilinadi.
Shuni unutmaslik kerakki, kichik yoshli bemorlarda koronavirus faqatgina engil shaklda kechgandagina uyda davolanadi. Kasallik o`rta va og`ir darajada o`tayotgan bo`lsa, zudlik bilan shifoxonaga yotqizish zarur.
Xususan, bolalarda kasallik davomida :
— nafas etishmovchiligi;
— hansirash;
— lablarning chetlari ko`karishi;
— holsizlik;
— chuqur yo`tal belgilari paydo bo`lsa, darhol yashash manzili bo`yicha oilaviy poliklinika shifokoriga murojaat qilish va davolashni stasionar sharoitda davom ettirish kerak.
Shuningdek, isitma 5 kundan ortiq davom etib, pasaymasa va pnevmoniya aniqlansa, (qanday og`irlik darajasi bo`lishidan qat`i nazar) bolani shifoxonaga yotqizish lozim.
Salomatlik, Salomatlik sirlari, Salomatlik sirlari, Xirurgiya
COVID-19ga chalingan bolalarni uy sharoitida davolash mumkinmi? Mutaxassis javob berdi