«COVID-19» bilan og`rigan ayrim bemorlarda ko`rish qobiliyatining yomonlashishi kuzatilyapti

«COVID-19» bilan og`rigan ayrim bemorlarda ko`rish qobiliyatining yomonlashishi kuzatilyapti

Bugun dunyoda koronavirus infeksiyasi bilan bog`liq vaziyat birmuncha barqaror. Shu sababli JSST bosh direktori Tedros Gebreyesus pasayish tendensiyasini inobatga olib, joriy yilda COVID-19 pandemiyasi bekor qilinishini ma`lum qildi. Shunga qaramay, hali xavf to`liq ortda qoldi, deb bo`lmaydi, deb keltiradi O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligi.

Qayd etilishicha, ilmiy izlanishlar natijasida kasallikning yangidan yangi “hunar”lari namoyon bo`lyapti. Xususan, bugun dunyoning ba`zi mamlakatlarida dominant versiyaga aylanib ulgurgan “omikron” shtammining VA 2.75 subvarianti, ya`ni “kentavr” nafaqat nafas olish tizimlari, balki ko`rish organlari faoliyatiga ham salbiy ta`sir etishi ma`lum bo`ldi.

Jumladan, hindistonlik olimlar bir muncha vaqt ilgari uning genomida 16 ta mutasiya mavjudligini aniqlagan edi. Bu esa koronavirusning mazkur turi tana himoya mexanizmlariga oson “chap berish” xususiyatiga ega ekanini anglatadi.

Shuningdek, shifokorlar “kentavr” yangi alomatlar bilan namoyon bo`layotgani, unga ko`ra, ba`zi bemorlar yorug` muhitda ko`zlarini ochishga qiynalayotgani va ko`z gavharida og`riqlar his qilayotganini ma`lum qilgan edi.

— Koronavirus asosan o`pka to`qimalarining zararlanishi bilan kechgan bo`lsa-da, uning asorati butun organizmga o`z ta`sirini ko`rsatadi, — deydi Respublika ko`z kasalliklari klinik shifoxonasi bosh shifokori Otabek Ikromov. — Avval ushbu infeksiyaga chalinib, tuzalgan bemorlarda ko`proq qon quyuqlashishi, yurak-qon tomir tizimida jiddiy muammolar uchragan bo`lsa, endilikda ular qatoriga ko`z kasalliklari ham qo`shilmoqda.

Xususan, so`nggi paytlarda COVID-19 bilan og`rigan ayrim bemorlarda ko`rish qobiliyatining yomonlashishi kuzatilyapti. Jumladan, virusga chalinib, sog`ayganlarda optik asabning shishi, ko`z mushaklarining spazmlari va to`r pardaning yallig`lanishi kabi asoratlar uchramoqda.

Qolaversa, dunyo olimlari ham “omikron”ning VA 2.75 subvarianti organizmda tizimli yallig`lanish reaksiyasi va qon ivish tizimining faollashishiga sabab bo`layotgani, bu esa ko`zlar uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishini ta`kidlayapti.  

Shu bois, kasallikning oldini olish uchun virusga qarshi to`liq bosqichda hamda buster dozada emlanish lozim. Bu esa eng to`g`ri va samarali yo`ldir, — deb tavsiya beradi shifokor. 

 

Salomatlik, Salomatlik sirlari, Salomatlik sirlari, Xirurgiya
«COVID-19» bilan og`rigan ayrim bemorlarda ko`rish qobiliyatining yomonlashishi kuzatilyapti