Chumchuqcha

Chumchuqcha

Chumchuqcha

DO`STLARGA ULASHING:

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, sariq tumshuqli bir chumchuqcha bor ekan. Uning oti Botmon ekan. U hammom derazasi ustidagi xas-xashak va boshqa yumshoq narsalardan qilingan issiq inida yashar ekan.
U haligacha uchib ko‘rmagan ekan, lekin qanotlarini silkitar va inidan ko‘p mo‘ralar ekan.
Botmon olamning qanday ekanligini, o‘zi uchun to‘g‘ri kelish-kelmasligini bilishni xohlar ekan.
Ota chumchuq Botmonga og‘zida qurt-qumursqalar keltirar, Botmon esa kundan-kunga kuchga to‘lar ekan.
Vaqt o‘tib, u uyasidan tobora ko‘proq mo‘ralab, har narsaga qaraydigan bo‘libdi. Onasi esa xavotirlanib:
— Bolam, bolam, yana umbaloq oshib tushmagin, -debdi.
— Nima bilan! Nima bilan? — so‘rabdi Botmon.
— Nima bilan emas, axir! Yerga yiqilib tushsang, mushik birpasda yeb qo‘yadi, — deb tushuntiribdi otasi ovga keta turib.
Kunlar shunday o‘taveribdi, lekin Botmonning qanotlari tez o‘smabdi.
Bir kuni shamol bo‘libdi, Botmon:
— Nima, nima? — deb so‘rabdi.
— Shamol senga qarab ursa, seni yerga – mushukning oldiga olib tushadi, — deb tushuntiribdi onasi.
Bu gap Botmonga yoqmabdi va:
— Daraxtlar nega silkinadi? Ular silkinmasin, shunda shamol ham bo‘lmaydi, — debdi u.
Onasi bunday bo‘lmasligini tushuntirishga qancha urinsa ham Botmon ishonmabdi, chunki u har narsani o‘zicha tushunishni xohlar ekan.
Bir odam hammom yonidan qo‘llarini silkitib o‘tib borar ekan.
Botmon uni ko‘rib:
— Mushuk uning qanotini boplab yulib olibdi-ya! Faqatgina suyagi qolibdi-da, — debdi.
— Bu — odam. Odamlarning qanoti bo‘lmaydi! – debdi onasi.
— Nima uchun?
Ular qanotsiz yashaydilar, oyoq bilan yuradilar.
— Nima uchun?
— Ularning qanotlari bo‘lganda edi, dadang bilan meni chivinlarni tutganimizdek ular ham bizni tutib olishar edi…
— Yolg‘on! — debdi Botmon. — Yolg‘on gap! Hammaning ham qanoti bo‘lishi kerak. Yerda yurishning osmonda uchishdan nimasi yaxshi ekan? Katta bo‘lganimda men hammani ham uchadigan qilaman.
Botmon ota-onasining gapiga ishonmas ekan. Chunki u ota-onaning gapiga quloq solinmasa ish chatoq bo‘lishini hali bilmas ekan.
U uyasining eng chekkasiga o‘tirib olib, o‘zi to‘qigan ashulani ovozining boricha aytar ekan:
Ey qanotsiz odamzod,
Senda ikki oyoq bor.
Juda katta bo‘lsang ham
Pashsha, chivinga yemsan.
Kichkintoy bo‘lsam ham men,
Pashsha, chivin menga yem.

U kuylab-kuylab, birdan inidan tushib ketibdi. Ona chumchuq tezda uning ketidan tushibdi. Ko‘k ko‘z sariq mushuk ham darrov hozir bo‘libdi.
Botmon qo‘rqqanidan qanotchalarini yoyibdi va kulrang oyoqlarida tebranib chirqillabdi:
— Salom berdik, berdik.
Ona chumchuq uni chetga itaribdi. Ona chumchuqning patlari hurpayib, juda qo‘rqinchli tus olib, botir bo‘libdi. Tumshug‘ini ochib, mushukning ko‘ziga chovut solmoqchi bo‘libdi.
— Qoch, qoch! Uch, Botmon, derazaga uch, uch… — debdi u.
Botmon qo‘rqqanidan yerdan ko‘tarilibdi. U qanotlarini bir- ikki qoqib uchibdi-da, derazaga qo‘nibdi.
Ketidan dumi yulingan onasi ham uchib boribdi. U katta sevinch bilan Botmonning yoniga qo‘nib:
— Ko‘rdingmi, nima bo‘ldi? — debdi.
— Nima bo‘lar edi! Har narsani ham birdan o‘rganib bo‘lmaydi-da! — debdi Botmon.
Mushuk esa ko‘k ko‘zlari bilan ularga qarab miyovlar edi. Shunday qilib, onasining dumsiz qolganini hisobga olmasak, voqea yaxshilikcha tamom bo‘libdi.

Chumchuqcha