CHORBOGʻ
CHORBOGʻ — sharq mamlakatlarida atrofi devor bilan oʻrab olingan koʻshk, ayvon, qoʻrgʻonli tartib asosida tuzilgan bogʻ. Ch. uchun tekis, suvli, daraxtli joy tanlanadi; notekis (nishabli) joylar pogʻonapogʻona sahnlarga keltiriladi, sunʼiy sharsharalar qilish imkoniyatlari yaratiladi. Chorbogʻ murabba yoki toʻrtburchak tarhli boʻlib, kirish har 4 tarafning oʻrtalaridan tashkil etiladi; hududi yoʻlka va ariklar yordamida ayrim bogʻchalarga, bogʻchalar esa yana oʻz navbatida chamanzorlarga boʻlinib, chorchamanlarni tashkil qiladi. Chorbogʻ mujassamotining markazini bino (qoʻrgʻon, koʻshk) egallaydi. Baland boʻyli daraxtlar devorga yaqin ekiladi, undan soʻng mevali daraxtlar va gullar tartib bilan ekiladi, ularning erta bahordan kech kuzgacha ochilib turishiga eʼtibor beriladi. Bino mujassamoti Chorbogʻni turli nuqtalardan koʻrish imkonini beradigan tarzda, 1 — 2 qavatli, markaziy mujassamotli qilib quriladi: oʻrtada atrofini ayvonlar oʻrab olgan chordara xona boʻlib, 2 qavatga bino burjlaridagi zinalar orqali chiqiladi. Suv inshootlaridan katta ariklar va hovuzga suv keladi, hovuz shakllari hamda favvoraga aloxida eʼtibor beriladi. Chorbogʻda, shuningdek, oʻtov, chodir kabilarni oʻrnatish uchun joylar ajratiladi. Chorbogʻ dagi qushlar (mac, tustovuq, tovus va b.) unga oʻzgacha koʻrk bagʻishlaydi (Yana q. Bogʻ tuzit sanʼati).
Ensiklopediya.uz
CHORBOGʻ