“Chekishni tashlashning osongina yo‘li” (1-qism) haqida malumot
Va nihoyat, barcha kashandalar intiqlik bilan kutgan sehrli dori kashf etildi!
Yo‘q, yo‘q! Bu hech qanday aldov yoki hiyla-nayrang, shokterapiyasi emas, iroda kuchini sinovdan o‘tkazmaydi. Bil’aks, juda tez ta’sir qiladigan va g‘oyatda samarali vosita.
Agar chekuvchi bo‘lsangiz, sizdan talab qilinadigan yagona ish – mana shu kitobni o‘qish.
Shoyad chekishga begona ekansiz, chekadigan yaqinlaringizni bu kitobni o‘qishga ko‘ndiring. Baxtga qarshi, buni uddasidan chiqolmadingiz deylik, unda kitobni o‘zingiz o‘qib, mohiyatini chekadiganlarga yetkazing.
Ogohlantirish
Ehtimol, qo‘lingizdagi kitobni o‘qishga sag‘al cho‘chiyotgandirsiz. Balki chekish haqidagi fikrning o‘ziyoq aksar kashandalar kabi sizni ham sarosimaga solib qo‘yar. Agar chekishning salomatlikka zararlari, chekuvchi uzoq yillar davomida ancha-muncha pulini sarflashi yoki chekish ko‘ngilni behuzur qiladigan odat ekani haqida gapirib, va’zxonlik qilishimni kutayotgan bo‘lsangiz, adashasiz. Bunaqa gap-so‘zlar men – sobiq kashandaga mutlaqo yordam bermagan, sizga yordam berganida edi, allaqachon chekishni tashlab yuborgan bo‘lardingiz.
Mening “Oson yo‘l” deb ataluvchi usulim tamomila boshqacha ta’sirga ega. Kitobni o‘qiyotib ayrim gaplarga ishonqiramassiz, lekin mutolaadan keyin sizni nafaqat shubhalar tark etadi, balki necha yillar davomida aldamchi o‘ylar girdobida qolganingizga amin bo‘lasiz. Keng tarqalgan yanglish fikrga ko‘ra, biz o‘z inon-ixtiyorimiz bilan kashandaga aylanamiz. Tan olish kerak, birinchi marta shaxsiy istakka bo‘ysungan holda qo‘limizga sigareta olganmiz. Lekin masalaning boshqa tomonini unutmaslik lozim: aytaylik, men har zamonda kinoga borishni yoqtiraman, bu butun umrimni kinoteatrda o‘tkazaman deganim emas-ku!
Iltimos, shu kungacha o‘tgan hayotingizga bir bora nazar tashlang. Jilla qursa biror marta sigaretasiz ham tushlikdan rohatlanish mumkinligi haqida o‘ylab ko‘rganmisiz? Nima, chekmasangiz fikringizni jamlashga qiynalasiz yoki stressdan qutula olmaysizmi? Sigareta uchrashuvlar paytidagina emas, har doim cho‘ntagingizda bo‘lishi kerakligi haqidagi to‘xtamga qachon kelaqoldingiz? Chekmasangiz o‘zingizga bo‘lgan ishonch yo‘qoladi, sigaretasiz sarosimaga tushib qolasiz, shundaymi?
Muhataram chekuvchi, shuni unutmangki, siz eng dahshatli va ustomonlik bilan qurilgan nikotin tuzog‘iga ilingansiz. Dunyoda hech bir ota-ona – u xoh chekuvchi, xoh chekmaydigan bo‘lsin – farzandining sigaretaga o‘rganishini aslo istamaydi. Barcha kashandalar qachonlardir cheka boshlashganidan afsusda bo‘lishadi, chekishga ko‘nikmagungaqadar hech kimda sigaretaga ehtiyoj tug‘ilmaydi.
Ayni paytda kashandalarning bari chekishda bardavom bo‘lishni istashadi. Agar sehrli tugma bosilsayu, kashandalar ertalab umuman chekmaydigan odam bo‘lib uyg‘onganlarida bormi, yer yuzida tamakiga qiziqa boshlagan o‘smirlardan bo‘lak chekuvchi qolmasdi. Chin ko‘ngildan e’tirof etaylik: bizni chekishni tashlashdan to‘xtatib turadigan narsa – bu QO‘RQUV!
Sigaretadan ayrilsak taomdan lazzatlana olmaslikni, do‘stlar bilan suhbat qizimasligini o‘ylab qo‘rqamiz. Chekmasak fikrimizni bir yerga to‘play olmaydigandek, stressga qarshi kurasha olmaydigan yoki o‘zimizga ishonch yo‘qoladigandek tuyulaveradi. Axir hammasidan ham qo‘rqinchlirog‘i – umrimizning oxirigacha nikotinga qul bo‘lib qolayotganimiz-ku!
Siz ham xuddi men kabi chekishni tashlash ilinjida barcha an’anaviy usullardan foydalanib ko‘rgan bo‘lsangiz, demak, sanab o‘tilgan qo‘rquvlar iskanjasidasiz va ishontirib aytamanki, hech qachon chekishni tashlay olmaysiz.
Balki hozir chekishni tashlash uchun eng noqulay vaqt deb o‘ylab, xavotirga tushayotgan bo‘lishingiz mumkin. Bilingki, sizdagi xavotirning sababchisi – qo‘rquv. Xuddi o‘sha – sigaret cheksak, yo‘qoladi deb o‘ylaydiganimiz qo‘rquv. Aslida esa chekkanda qo‘rquvdan qutulmaymiz, balki u paydo bo‘ladi. O‘zingizdan so‘rab ko‘ring: birinchi bor tamaki tutunini tortayotganingizda butun umr kashanda bo‘laman deb o‘ylaganmisiz? Xo‘sh, chekishni qachon tashlamoqchisiz? Bugunmi? Balki keyingi yildir? O‘zingizni aldashni bas qilsangiz-chi! Nikotin tuzog‘i siz unda bir umr qolib ketishingizga mo‘ljallab qurilgan. O‘ylab ko‘ring-a, nima uchun barcha kashandalar chekish ularni o‘ldirmaguncha undan qutula olmaydilar?..
Bu kitob ilk bor bundan o‘n yil muqaddam nashr etilgan edi. O‘shandan beri men o‘quvchilar bilan yozishib turaman. Yozishmalardan shu narsa ma’lum bo‘ldiki, mening usulim o‘ylaganimdan ko‘ra a’loroq natijalarni berdi. Buni o‘quvchilarning xatlaridan bilish mumkin:
“Avvaliga gaplaringizga ishonmagan edim, buning uchun uzr so‘rayman. Siz aytgandek, chekishni tashlash oson va yoqimli ekan. Chekadigan do‘stlarim va qarindoshlarimga kitobingizni sovg‘a qildim. Hayronman, ular nima uchundir o‘qishni xohlashmayapti”.
“Bundan sakkiz yil oldin kashanda do‘stim siz yozgan kitobni bergan edi, lekin uni endigina o‘qiyapman. Qattiq afsusdaman: men sakkiz yilni yo‘qotibman”.
“Hozirgina “Oson yo‘l”ni o‘qib tugatdim. O‘zimni juda ham yaxshi his qilyapman! Ishonchim komilki, endi hech qachon chekmayman. To‘g‘risi, kitobingizni besh yil oldin o‘qishni boshlab, yarmiga yetganda xavotirga tushib qolgandim. O‘shanda oxirigacha o‘qiganimda chekishni tashlab yuborgan bo‘lardim. Qanchalar ahmoq bo‘lgan ekanman-a!”
Yo‘q, busatrlar muallifi ahmoq emas. Sehrli tugma haqidagi gapim yodingizda bo‘lsa kerak, “Oson yo‘l” sehrgarlik emas, lekin chekishni tashlash qanchalik oson va yoqimli ekanligini bilgan minglab sobiq kashandalar uchun xuddi mo‘’jizadek tuyuladi.
Endi ogohlantirish haqida. Har bir chekuvchi chekishdan qutulishni istaydi, lekin qo‘rquv bunga monelik qiladi. Ana shu qo‘rquvni yengish – eng katta muvaffaqiyat.
Ha, nikotin tuzog‘iga o‘z ixtiyoringiz bilan ilinmagansiz, lekin undan chiqib ketish uchun qat’iylik bilan qaror qabul qilishingizga to‘g‘ri keladi. Balki chekishni tashlash haqidagi qarorni allaqachon qabul qilgandirsiz, ammo qo‘rquv sizni yengib qo‘yaveradi. Iltimos, shuni yodda tutingki, chekishni tashlab, HЕCH NARSANI YO‘QOTMAYSIZ!
Kitobni o‘qib bo‘lgach ham chekishni tashlamasangiz, ixtiyoringiz. Mutolaa davomida esa sigaretalar sonini kamaytirishga hojat yo‘q. Unutmang, bu shokterapiyasi ham emas.
Graf Monte-Kristo If qal’asidagi tutqunlikdan qutulgach, o‘zini qanday his qilganini tasavvur qila olasizmi? Nikotin tuzog‘idan qutulganimda men ham o‘zimni xuddi shunday his qilganman. Mening usulimdan foydalangan millionlab sobiq kashandalar ham o‘zlarini xuddi shunday his qilishadi. Mazkur kitobni o‘qigach, SIZ HAM XUDDI SHUNDAY HISLAR GIRDOBIDA QOLASIZ!
© Allen Karr.
“Chekishni tashlashning osongina yo‘li” kitobi.
Tib.uz
Kasalliklar
“Chekishni tashlashning osongina yo‘li” (1-qism)