Burun qonashi — sabablari, to’xtatish usullari, davolash, birinchi tibbiy yordam ko’rsatish
Burun qonashi (epistaksis) — burun bo’shlig’idan qon ketishi, odatda uni burun orqali qon oqishida ko’rish mumkin. Burun qonashining ikki xili mavjud: oldingi (eng tez-tez uchraydigan) va orqa (kamroq kuzatiladi, lekin shifokorning ko’proq e’tiborini talab qiladi). Ba’zan ancha og’irroq holatlarda qon burun-ko’z yosh kanalidan ko’tarilishi va ko’z kosasidan chiqishi mumkin. Yangi va ivigan qon oshqozonga tushib, ko’ngil aynishi va qayt qilishni keltirib chiqarishi mumkin. Burun qonashi juda kam hollarda o’lim bilan tugaydi; masalan, AQShda 1999 yil davomida 2,4 million o’lim orasida epistaksisdan faqatgina 4 o’lim holati qayd etildi.
Burun qonashi sabablari
Burunning qonashi sababi ikki guruhga bo’linadi: mahalliy (lokal) va tizimli omillar.
Mahalliy omillar
Eng keng tarqalgan omillar:
- Burun jarohati;
- Yot jismlar kirishi (shu jumladan «burunni kavlash» );
- Yallig’lanish jarayonlari (O’RVI, surunkali sinusit, allergik rinit va boshqalar).
Boshqa mumkin bo’gan sabablar:
- Anatomik deformatsiyalar (masalan, Rendyu-Osler kasalligida telangioektaziya);
- Narkotiklarni burun bilan tortish (ayniqsa kokain);
- Burun bo’shlig’i o’smalari (nazofaringeal kartsinoma va boshqalar);
- Nafas olinayotgan havoning past nisbiy namligi (ayniqsa qishda);
- Burunga kislorodli kateter o’rnatish (burun shilliq qavatini quritib yuboradi);
- Nazal spreylarni ishlatish (ayniqsa, steroidli);
- Barotravma;
- Operativ aralashuv (burun to’sig’ining plastikasi va boshqalar).
Tizimli omillar
Eng keng tarqalgan omillar:
- Allergiya;
- Arteriyel gipertenziya;
- Shamollashlar;
- Gipotireoz, bunda trombositlarning ishlab chiqarilishi kamayadi;
- Jigarning patologik holatlari: gepatit va sirroz.
Boshqa mumkin bo’lgan sabablar:
- Preparatlarning nojo’ya ta’siri (NYQP);
- Spirtli ichimliklar ichish (tomirlarning kengayishiga olib keladi);
- Qon kasalliklari (anemiya, gemoblastozlar, idiopatik trombositopenik purpura [ITP] va boshqalar);
- C yoki K vitaminining yetishmasligi;
- Yurak yetishmovchiligi;
- Biriktiruvchi to’qimalarning tizimli kasalliklari;
- Organizmning qizib ketishi, masalan yoz faslida quyosh nurlari ostida ko’p qolib ketishda ko’pincha burundan qon ketishi kuzatiladi.
- Qon tomirlarining kasalliklari.
Patofiziologiya
Burun qonashi qon tomirlar shikastlanganda rivojlanadi, burun bo’shlig’ining shilliq qavati esa tomirlarga boy. Qon ketish o’z-o’zidan yuzaga kelishi yoki jarohat natijasi bo’lishi mumkin. Burun qonashi dunyo aholisining 60 foizida sodir bo’ladi va 10 yoshgacha bo’lgan va 50 yoshdan oshgan insonlarda ko’proq kuzatiladi, ayollarga nisbatan erkaklarda ko’proq. Arterial gipertenziya fonida burun qonashi muddati uzoqroq bo’ladi. Antikoagulyantlar bilan davolash va qon kasalliklari ham epistaksisni chaqirishi, ham uning davomiyligini uzaytirishi mumkin. Qariyalarda burundan qon ketishi ko’pincha burun bo’shlig’i shilliq qavatining quruq va yupqaligi, yosh bilan bog’liq bo’lgan arterial gipertenziyaga moyillik va qon tomirlarining qisqarish qobiliyatining kamayishidan kelib chiqqan holda rivojlanadi.
Bemorlarning 90-95 foizida burun to’sig’ining oldingi pastki qismi (Kisselbax chigali) epistaksisning manbai bo’lib, qolgan 5-10% hollarda maba sifatida burun bo’shlig’ining o’rta va orqa qismlari xizmat qiladi. «Signalli» burun qonashlari xavfli hisoblanib, ular to’satdan boshlanishi, qisqa muddat davom etishi va ko’p qon yo’qotishi bilan tavsiflanadi. Signalli qon ketishlar burun bo’shlig’idagi, yuz suyagidagi katta qon tomirning yorilishi, anevrizma yorilishi, yomon sifatli shishning parchalanishi bilan bog’liq bo’lishi mumkin. Shuningdek, burundan qon chiqishi o’pkadan qon ketishi (qizil, ko’pikli qon), yuqori oshqozon-ichak tizimidan qon ketishlarida (to’q, ivigan) ham kuzatilishi mumkin.
Sabablarini farqlash
Epistaksisning aniq sababi o’rnatilmagan hollarda, odatda uni qon kasalliklari bilan bog’lashadi. Bu qator jiddiy kasalliklar bo’lishi mumkin. Masalan protrombin darajasining kamayishi, trombotsitlar faoliyati va tuzilishining buzilishi, qon ivishi omillarining kamayishi. Burun qonashiga olib kelishi mumkin bo’lgan sabablarga, shuningdek, jismoniy zo’riqish, tez yugurish, tanani qizib ketishi, yuqori bosim bo’lganda keskin egilishlar va turishlar, atrof-muhit havosining kamligi (balandliklarda) ham kiradi.
Surunkali burun qonashlari sababini aniqlash uchun quyidagi laboratoriya va instrumental tadqiqotlar kerak bo’lishi mumkin:
- Sog’likning umumiy holatini ko’rsatadigan qon va siydikni tahlil qilish;
- Qon ivishi tizimini ifodalovchi koagulogramma;
- Protrombin mavjudligiga va jigar patologiyasini aniqlash uchun ALAT, ASATga qon tahlili;
- Miya biotoklari tabiatini aks ettiruvchi elektroensefalogramma;
- Bosh va ichki a’zolarning ultratovush tekshiruvi;
- Yurak-tomir tizimning disfunktsiyasini ko’rsatadigan elektrokardiogramma;
- Yurak va uning klapanlaridagi o’zgarishlarni o’rganishga qaratilgan exokardiografiya;
- Burun bo’shlig’i va bosh suyagi rentgenogrammasi;
- Burun sinuslarining kompyuterli yoki magnit-rezonansli tomografiyasi.
Tashxis qo’yish uchun bemorga keyingi shifokorlar ko’rigi kerak bo’lishi mumkin: LOR, gematolog, jarroh, nevropatolog, kardiolog, oftalmolog.
Burun qonaganda nima qilish kerak?
Ko’p odamlarda burun qonashi boshlanishidan oldin quyidagi xarakterli belgilar kuzatiladi: kuchayib boradigan bosh og’rig’i, quloqlarda pulsatsion shovqin, burunda qitiq yoki qichishish hissi. Ushbu patologiya kuzatilganda bajarilish kerak bo’lgan harakatlar bevosita unga sabab bo’lgan omillarga bog’liq. Bundan tashqari, patogenezning og’irligini ham hisobga olish kerak.
Mutaxassislar burun qonashining quyidagi o’ziga xos belgilarini ajratib ko’rsatishadi:
- To’q qizil qonning burundan ajralishi yoki halqumga oqishi uning manbai burun bo’shlig’ining old yoki orqa qismi ekanligidan dalolat beradi;
- Burundan ko’pikli qon chiqishi nafas olish tizimining quyi qismlarida patologiya mavjudligi belgisidir — aniqrog’i, bronxlar va o’pkada;
- Qon tomchilashi va yengil oqishi bilan tavsiflanadigan kichik qon ketish. Odatda, ularning hajmi bir necha millilitrdan oshmaydi, o’z-o’zidan to’xtaydi va juda qisqa davom etishi mumkin. Bunday epistaksisni to’xtatish uchun shunchaki burun qanotlarini qisish kerak. Ko’pincha bu patologiya Kisselbax chigalida hosil bo’ladi;
- O’rtacha qon ketish, bunda qon yo’qotish hajmi 300 ml gacha bo’ladi. Shunga qaramay, yurak-tomir tizimida patologik o’zgarishlar sodir bo’lmaydi. Epistaksisning sabablarini o’rganish uchun shifokor bilan maslahat qilish tavsiya etiladi;
- Kuchli qon yo’qotish (300-500 ml), terining oqarishi, qon bosimini 110-70 mm sim.ust ga kamayishiga, umumiy zaiflik, yurak urish tezligining sezilarli darajada ortishi (daqiqasiga 90 martagacha), bosh aylanishiga olib keladi. O’ta og’ir holatlarda bemor 1 litrgacha qon yo’qotadi. Bunday qon yo’qotishdan 1-2 kun o’tib qonda gemoglobin miqdori pasayib ketadi. Bunday epistaksisda gematokrit soni 30-35 birlikkacha pasayadi. Kuchli burun qonashi — bu inson salomatligi uchun jiddiy tahdiddir, shuning uchun tezda shifokor chaqirish maqsadga muvofiq bo’ladi.
Burun qonashini davolash
Burun qonashini har doim ham mustaqil to’xtatib bo’lmaydi. Bu holda dori-darmonli muolajalar qo’llanilishi mumkin. Bunda bemorga qon ketishini to’xtatuvchi preparatlar (vena / mushak ichiga yoki ichish uchun) buyuriladi. Ular qon ketishi og’irligiga qarab tanlanadi. Kichik va o’rtacha epistaksisda 1-2 choy qoshiq 10%li kaltsiy xlorid ichish belgilanadi. Bu tomir devorining qisqaruvchanligini oshiradi, o’tkazuvchanligini kamaytiradi va qon ketishini to’xtatuvchi preparatlar ta’sirini kuchaytiradi.
Shifokorlar epistaksisni to’xtatish uchun quyidagi preparatlarni tayinlaydi:
- 12,5%li etamzilat natriy eritmasi (ditsinon) trombotsitlar vazifasini kuchaytiradi va qon ketishini to’xtashiga yordam beradi. Bu preparat qonning ivishiga ta’sir qilmaydi, shuning uchun uzoq muddatga buyuriladi. Ichish yoki vena ichiga yuborish uchun ishlatiladi;
- Vikasol. Qon ketishini to’xtatuvchi preparatlar ta’sirini kuchaytiradi, lekin 3-4 kundan ortiq qo’llab bo’lmaydi. Preparat mushak ichiga yuboriladi;
- Aminokapronli kislota. Qon suyulishiga olib keladigan jarayonlarni qisqartiradi. Vena ichiga daqiqasiga 60 tomchidan ortiq miqdorda yuboriladi. Preparat qarshi ko’rsatmalarga ega.
Bemor shuningdek C va K vitaminlari qabul qilishi kerak. Og’ir qon yo’qotishlarda qon komponentlarini quyish o’tkaziladi. Bemorga qon to’xtatuvchi ta’siriga ega kamida 500 ml yangi plazma quyiladi.
Uzoq muddat to’xtamaydigan qon ketishlarda jarrohlik aralashuvi o’tkazilishi mumkin.
Old tamponada
Burun bo’shlig’ining oldingi qismidan qon ketishini to’xtatish uchun ishlatiladigan old tamponada quyidagicha amalga oshiriladi:
- Muolaja davomida burun sohasi 10%li lidokain aerozoli yoki 2%li dikain tomizish bilan og’riqsizlantiriladi.
- Burunga uzunligi 20 sm, kengligi esa 1,5 sm gacha bo’lgan dokali tampon (turunda) kiritiladi.
- Burunga kiritish oldin, turunda tromb hosil bo’lishini tezlashtiradigan 3%li vodorod peroksidi yoki qon ketishini to’xtatuvchi ta’sirga ega 5%li aminokapronli kislota eritmasi bilan namlab olinadi.
- Turunda shuningdek trombin yoki gemofobin bilan namlab olinishi mumkin.
- Tampon kiritilgach, burunga bog’lam qo’yiladi.
- Turunda burun 1-2 kunga qoldiriladi va unga muntazam ravishda aminokapronli kislota sepib turiladi. Og’ir holatlarda turunda burunda 6-7 kun davomida qolishi mumkin.
- Tampon olib tashlanishidan oldin u nam bo’lishi va osonlik bilan olinishi uchun 3%li vodorod peroksidi sepiladi.
Orqa tamponada
Burun bo’shlig’ining orqa bo’limidan kuchli qon ketishlarida kerak bo’ladigan orqa tamponada quyidagicha amalga oshiriladi:
- Bu muolaja uchun steril qatlangan dokadan steril tamponlar tayyorlanadi. Ularning o’lchami 2,5×2 sm bo’lishi kerak.
- Tampon ikkita 20 sm uzunlikdagi ipak ip bilan + shaklida bog’lanadi. Ipning to’rtta uchidan biittasi kesib tashlanadi.
- Muolaja boshlanishidan oldin oldin 1ml 1%li promedol, 2ml 50%li analgin, 1 ml 2%li dimedrolning suvli eritmasidan iborat litik aralashma mushak ichiga yuborilib, og’riqsizlantirish amalga oshiriladi.
- Muolaja qonayotgan burun teshigiga ingichka rezina kateter kiritish orqali boshlanadi. U toki halqumdan chiqmagunicha kiritiladi.
- So’ngra, qisgich yoki pinset yordamida kateter og’izdan chiqarib olinadi.
- Kateter oxiriga tampon bo’glanadi va u ichki burun teshigiga borib to’xtamagunicha burun bo’shlig’iga kateter yordamida tortiladi.
- Tampon o’z joyida burun teshigidan chiqqan ikkita tortilgan ip yordamida ushlab turiladi.
- Ipning uchinchi uchi og’zidan chiqib turadi. U leykoplastir yordamida yonoqqa yopishtirib qo’yiladi.
- Ishonchliroq bo’lishi uchun orqa tamponada old tamponada bilan to’ldiriladi.
- Tamponlar 1-2 kun davomida burunda qoldiriladi, og’ir hollarda 6-7 kun davomida. Bemor infektsion kasalliklar va rinogen sepsisni oldini olish uchun antibiotiklar va sulfanilamidlar qabul qilishi kerak.
- Tamponlar ipak ip orqali olib tashlanadi.
Xirurgik davolash
Burundan doimiy va ko’p qon ketishlarning 5-17% hollarida jarrohlik aralashuvi o’tkaziladi. Bunda burun bo’shlig’i kimyoviy preparatlar, elektr toki, lazer yordamida kuydirilishi, suyultirilgan azot bilan muzlatilishi, Surgitron asbobi yordamida radioto’lqinli ta’sirga uchratilishi mumkin.
Burun qonashida birinchi tibbiy yordam
Burun qonaganda kishi buni o’zi yoki yaqinlari yordamida mustaqil bartaraf eta olishi yoki darhol shifokor yordami kerakligini aniq belgilab olishi kerak.
Burundan qon ketganda quyidagilarni bajarish kerak:
- Bemorni tinchlantirish. Buning uchun u sekin va chuqur nafas olishi kerak. Bunday qadam emotsional qo’zg’alishni bartaraf qiladi va yurak urish tezligi va qon bosimining oshishiga to’sqinlik qiladi, ularning oshishi esa qon ketishini faqatgina kuchaytiradi;
- Bemorni qulay joyga o’tqzish va boshini orqaga tashlamasdan tik tutishini ta’minlash. Bosh biroz oldinga egilishi kerak. Bosh orqaga tashlansa, qon burun-halqumdan oqa boshlaydi va qayt qilish yoki nafas yo’llariga tushsa, nafas olish buzilishlariga olib kelishi mumkin. Bemorning burni ostiga chiqqan qon hajmini aniq baholay olish uchun konteyner qo’yiladi;
- Qon ketishni to’xtatish choralarini ko’rish. Buning uchun burun qanotlari qo’lning barmoqlari bilan qisiladi. Bundan tashqari, bemor burun bo’shlig’iga to’planib qolgan qon quyqalarini ehtiyotkorlik bilan bo’shatishi mumkin. Tozalangan burunga tumovda qo’llaniladigan tomchilar tomiziladi. Ular tomir toraytiruvchi ta’sirga ega. Har bir burun teshigiga 5-6 tomchi preparat tomiziladi. Shundan so’ng har bir burunga 10 tomchidan 3%li vodorod peroksidi tomiziladi. Burundan qon ketishini to’xtatishning juda samarali usuli, uning bo’shlig’ini sovuq 5% aminokapronli kislota bilan chayishdir. Shuningdek, ushbu maqsadlar uchun tromboplastin yoki trombin kabi preparatlarni ham qo’llash mumkin;
- Burunga sovuq kompres qo’yish. Bu mato yoki sochiqqa o’ralgan muz to’plami bo’lishi mumkin. Har 15 daqiqada kompress bir necha daqiqaga olib turiladi. Sovuq ta’siri tufayli qon tomirlari torayadi, bu esa qon ketishi tezligini tezda kamaytiradi. Qo’llarni sovuq suvga, oyoqlarni esa issiq suvga solish qonni tezroq to’xtashiga yordam beradi;
- Burunga paxtali tampon kiritish. Paxtani qon to’xtashiga yordam beruvchi eritmalar bilan namlab olish kerak (3% vodorod peroksid, 5% Amainokapronli kislota). Shu bilan birga, burun qanotlari 5-15 daqiqa davomida qisilib turishi zarur. Tamponni olib tashlash vaqtida juda ehtiyotkor bo’lishi kerak, chunki tomirlarga yana zarar yetkazmaslik va hosil bo’lgan qon lahtagini yulib chiqmaslik kerak;
- Bemorga sho’r suv ichirish (1 choy qoshiq / 200 ml).
Ba’zan birinchi yordam choralari yetarli bo’lmasligi mumkin. Quyidagi holatlarda darhol shifokor bilan bog’lanish kerak:
- Burun va bosh suyagi jarohatlanishi;
- Uzoq vaqt davomida to’xtamasdan qon oqishi;
- Juda ko’p qon yo’qotish (200 ml yoki undan ko’p);
- Surunkali buyrak va jigar kasalliklarining kuchayishi;
- Infektsion kasalliklar mavjudligi;
- Ahvolni yomonlashuvi, umumiy holsizlik, qayt qilish, terining oqarishi, bosh aylanishi, hushdan ketish.
Burun qonashini oldini olish
- C vitamini yoki Askorutinni muntazam ravishda iste’mol qilish orqali qon tomirlari devorlarini mustahkamlash;
- Normal qon bosimini saqlash;
- Qon tomirlarini kontrastli dush, hammom yordamida chiniqtirish;
- K vitamini va kaltsiy qabul qilish orqali qon ivishini oshirish;
- Malham va moylar yordamida burun shilliq qavatining namligini ta’minlash;
- Chekish va spirtli ichimliklaridan voz kechish;
- Buyrak, jigar, yurak, qon tomir tizimining surunkali kasalliklarini o’z vaqtida davolash;
- O’rtacha jismoniy faoliyat;
- Oqsilga boy bo’lgan sog’lom ratsionga rioya qilish.
Burun qonashi nafaqat kichik mahalliy patologiya, balki inson salomatligi uchun xavfli bo’lgan turli kasallik alomati bo’lganligi sababli, burun tez-tez qonasa va uzoq vaqtgacha to’xtamasa, to’g’ri tashxis qo’yish va tegishli davolash kursini o’tash uchun shifokorga murojaat qilish kerak.
Kasalliklar
birinchi tibbiy yordam ko’rsatish, Burun qonashi — sabablari, davolash, to’xtatish usullari