Bukmekerlik kompaniyasiga pul tikish

Bukmekerlik kompaniyasiga pul tikish

Bukmekerlik kompaniyasiga pul tikish

DO`STLARGA ULASHING:

SAVOL:

Assalomu Alaykum! Bukmekerlik kompaniyalariga pul tikish qimorga kiradimi?

2020.03.16

JAVOB:

Va alaykum assalom. Hozirgi kunda garov va qimorga asoslangan juda ko‘plab kompaniyalar faoliyat yuritadi, ularni bukmekerlik kompaniyalari deyiladi. Internet tarmog‘i va ijtimoiy tarmoqlarda ayrim kishilar sport o‘yinlari, masalan, futbolda qaysidir jamoaga pul tikib, kimning jamoasi yutsa, o‘sha odam narigi jamoaga tikilgan pullarni olishi bilan bog‘liq o‘yinlar e’lon qilib boriladi. Bu faoliyatlarning barchasi qimor hisoblanadi. Boshqacha qilib aytganda, g‘olib mag‘lubdan biror narsa oladigan har bir o‘yinga qimor deyiladi.

Islom dinida qimor qattiq qoralangan va gunohi kabira deyilgan.

Alloh taolo “Moida” surasining 90-oyatida shunday marhamat qilgan: “Ey iymon keltirganlar! Albatta, xamr, qimor, butlar va (fol ochadigan) cho‘plar iflosdir. Shaytonning ishidir. Bas, undan chetda bo‘ling. Shoyadki, najot topsangiz”. Olamlar Robbi bu oyatda qimorni “ifloslik va shaytonning ishi” deb marhamat qilgan.

Aynan shu oyatda xamr ichish va qimor o‘ynash kabi amaliy gunohlarni butga cho‘qinish va folbinga ishonish kabi kufr va shirk sanalgan ulkan ma’naviy jinoyatlarga tenglashtirgan. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim o‘z sohibiga ‘Kel, sen bilan qimor o‘ynayman’, desa, sadaqa qilsin”, — dedilar.

Qimor shu qadar jirkanch ish ekanki, kishi hali o‘ynamagan bo‘lsa ham, o‘ynashni taklif qilishi bilanoq gunohkor bo‘lib qolar ekan. Shu bois, uning kafforotiga o‘ynamoqchi bo‘lgan pulini sadaqa qilib yuborish kerak ekan. Dinimizda insonlar halol mehnat qilib pul topishga buyurilgan. Birovni aldab, xiyonat qilib, muttahamlik yo‘li bilan uning mulkiga ega bo‘lib olish haromdir. Qimor esa aynan shunday yo‘l bilan pul topishdir. Qimorda yutqazgan taraf yutgan tarafni hech qachon yaxshi ko‘rmaydi. O‘rtada adovat, nafrat, janjal paydo bo‘ladi. Yutqazgan taraf imkon topildi deguncha yutgan tarafdan pullarini qaytarib olishga, buning uchun hatto o‘sha yutgan kimsani o‘ldirishgacha borib yetadi. Xullas, qimor sababli insonlar o‘rtasida dushmanlik, bir-birini yomon ko‘rish va hatto qotillik yuzaga keladi. Mana shularning o‘ziyoq qimorning jamiyatga soladigan xavfi, keltiradigan zararlari nechog‘li ayanchli ekanini ko‘rsatadi. Odamlarda mehnat qilmay, qiynalmay, oson va tez pul topishga bo‘lgan istak ularni mana shunday jirkanch ish — qimor o‘ynashga, qimorga yo‘naltirilgan kanallarga a’zo bo‘lishga undaydi. Qimor o‘ynovchi kimsa borib-borib hamma narsasidan judo bo‘ladi. Oilasining parokanda, farzandlarning uysiz qolishiga, ularning luqmasi buzilishiga sabab bo‘ladi. Kimda kim qimor o‘ynab, pul yutib olgan bo‘lsa, o‘sha yutgan pulni darhol egasiga qaytarib berishi kerak. Agar egasi o‘lib qolgan bo‘lsa, uning merosxo‘rlariga beradi. Bordi-yu, merosxo‘rlarni ham topa olmasa, egasining nomidan biror faqirga beradi. Alloh yanada biluvchidir. O‘zbekiston musulmonlari idorasi  fatvo hay’ati.

http://fatvo.uz/current-view/147

Bukmekerlik kompaniyasiga pul tikish