Bolaning lablari, yuzi va barmoqlari tez-tez ko`karishi nimaning belgisi? Mutaxassis javob berdi

Bolaning lablari, yuzi va barmoqlari tez-tez ko`karishi nimaning belgisi? Mutaxassis javob berdi

Tug`ma yurak nuqsoni bilan dunyoga kelgan bolalarni davolash bo`yicha SSV Matbuot xizmatining savollariga Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo`lim rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor Hakimjon Abrolov javob berdi.

– Tug`ma yurak nuqsonlarini bola necha yoshga to`lganicha davolash talab etiladi?

–  Tug`ma yurak nuqsonlarining turlari juda ko`p. Shu bois, davolash ishlari kasallikning turiga qarab belgilanadi. Deylik, ochiq arterial protok —shunday turlardan biri. Bola olti oylik bo`lgunicha, organizmdagi fiziologik o`zgarishlar tufayli bu tug`ma  yurak  nuqson turi kichik  hajmda  bo`lsa o`z-o`zidan yopilib ketish  imkoni bo`ladi.

Qisqasi, har bir kasallikni davolashning o`z standartlari bor. Davolash ishlarini shu asosda tashkil etish uchun bemor doimo shifokor kuzatuvida bo`lishi lozim.  

Shuni unutmaslik kerakki, tug`ma yurak nuqsoni bilan xastalangan bolani parvarishlashda to`g`ri ovqatlantirish, o`z vaqtida uxlatish barobarida, oilada tozalik va gigiena qoidalariga ham to`la rioya etilishi kerak. Aks holda, bolada surunkali infeksiyali jarayonlar yuzaga kelishi boshqa kasalliklarni ham keltirib chiqarishi, bemorning ahvolini yanada og`irlashtirishi mumkin.

Yana  bir  muxim  xolat,  tug`ma  anomaliyalar, ya`ni  tug`ma  yurak  nuqsoni  va  markaziy nerv sistemasi, oshqozon-ichak tizimi va boshqa  a`zo- sistemalarning  tug`ma  anomaliyasi birgalikda  kelishi  holatlarida  davolash  taktikasini  belgilash  juda  ham  qiyin hisoblanadi,  bunday holatlarda  bola hayoti uchun xavf tug`dirayotgan  holat birinchi bo`lib davolanishi kerak.  

– Bolaning lablari, yuzi, barmoqlari tez-tez ko`karishi yurak xastaligining belgisimi?

–  Bu ko`karish (sianoz) bilan kuzatiladigan tug`ma yurak nuqsonlarining bir belgisi hisoblanadi. Bundan tashqari, tez-tez shamollab, tuzalishi cho`zilayotgan yoki pnevmoniyaga chalinadigan bemor bolalarni ham kardiolog chuqur tekshirishi kerak. Ota-ona bunga e`tiborsizlik qilib, bolaga o`z bilganicha dori ichirishi mumkin emas. Bunday holatlarning oldini olish uchun bolalar tarbiyasi va sog`lig`iga e`tiborli bo`lish, tez-tez shamollaydigan, injiq, nimjon bolalarni alohida kuzatuvga olishi maqsadga muvofiq. Shunda tug`ma yurak nuqsonli bemor bolalarni o`z vaqtida aniqlab sog`lomlashtirishga erishish mumkin.

 

Salomatlik, Salomatlik sirlari, Salomatlik sirlari, Xirurgiya
Bolaning lablari, yuzi va barmoqlari tez-tez ko`karishi nimaning belgisi? Mutaxassis javob berdi