Bolaning bo`yi o`smay qolishiga nima sabab bo`ladi?
Ushbu savolga Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati tibbiyot fanlari nomzodi Nasiba Alimovadan javob oldi.
— Inson bo`yining o`sishi gipofiz bezi ishlab chiqaradigan gormonga bog`liq. U inson a`zo va to`qimalarida oqsil hosil bo`lishini tezlashtiradi. Shu bilan birga, agar organizm kuchsiz ahvolda bo`lsa, u shunchaki o`sishdan to`xtaydi.
Demak, bolangizning o`smayotganini sezdingizmi, birinchi galda shifokor-endokrinologga uchrab, uni to`laqonli tekshiruvdan o`tkazishingiz kerak.
Shifokor UTT hamda qonda gormonlar nisbatini aniqlaydi, shuningdek, rentgenografiya yordamida bilak suyaklari tekshiriladi. Bu — tekshiruv bolaning suyaklari o`sish hududidami yoki yo`qmi, bilish uchun zarur.
Bola bo`yi o`smasligining qator sabab va omillari mavjud. Yuqorida keltirilgan tahlillar orqali aniqlanadi. Birinchi navbatda, o`sishdan to`xtash irsiyat bilan bog`liq bo`lishi mumkin. Bolaning me`yoriy o`sishida 100 ta gen muhim rol o`ynaydi.
Bo`yi past ota-onadan tug`ilgan bolaning uzun bo`yli bo`lishi kam kuzatiladi. Bo`y o`sishiga organizmdagi ayrim gormonlarning ko`p yoki kamligi ham ta`sir qiladi. Qalqonsimon va buyrak usti bezlarida etiladigan gormonlar o`sish gormonlari deyiladi. Shu bois endokrin tizimdagi turli izdan chiqishlar bo`y o`sishidagi patologiyalarga olib keladi.
Ba`zida buyrak, yurak, o`pka va hazm a`zolaridagi surunkali kasalliklar ham bo`y o`sishini to`xtatadi. Boshqa surunkali kasalliklar tonzillit(angina), xolesistit (o`t qopi yallig`lanishi) odatda bo`y o`sishiga salbiy ta`sir qilmaydi. Ammo bunday hollarda ishtaha yo`qoladi, bu esa bo`y o`sishini pasaytiradi.
Agar bolada parazitlar bo`lsa ham bo`y o`sishida muammolar tug`iladi. Shuning uchun ichki organizm faoliyati normal yo`lga qo`yilsa, bo`y o`sishda davom etadi.
Salomatlik, Salomatlik sirlari, Salomatlik sirlari, Xirurgiya
Bolaning bo‘yi o‘smay qolishiga nima sabab bo‘ladi?