Bolalar bir yilda necha marta shamollasa, xavf guruhiga kiradi? Mutaxassis javob berdi
Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo`lim boshlig`i Dinora Do`stmuhammedova bolalar shamollashi bilan bog`liq holatlar va uning xavfi xususida ma`lumot berdi.
— Inson organizmi turli kasalliklarga qarshi samarali kurashishi uchun uning immuniteti mustahkam bo`lishi lozim. Odatda u haqida ko`pchilikda bir xil fikr mavjud. Ya`ni immunitet tananing himoya tizimi.
Darhaqiqat, tananing ushbu himoya qobiliyati infeksion kasallik qo`zg`atuvchilari (bakteriya, virus, rikketsiya), turli toksinlar, mutasiyaga uchragan onkologik hujayralar, turli parazitlarga (askarida, exinokokkoz) qarshi kurashadi.
U go`daklarda ona qornidayoq shakllanadi. Bir yoshgacha bo`lgan bolajonlarda esa immunitet ona suti orqali o`tadi.
Ushbu tabiiy ozuqa tarkibida qator tirik ingredientlar, foydali bakteriyalar, ferment va gormonlar bo`lib, ular chaqaloq tanasining turli infeksiyalarga qarshi kurashuvchanligini oshiradi. U bilan oziqlangan go`dak shamollash, gripp, otit va yuqori nafas yo`llari infeksiyalari hamda stomatit kabi xastaliklardan kamroq aziyat chekadi.
Shuningdek, tug`ilgandan so`ng bola organizmida turli infeksiyalarga qarshi immunitet profilaktik emlanish orqali ham hosil qilinadi.
3 yoshgacha go`daklar yiliga 4 martadan ko`p, 3 yoshdan yuqori bolalar esa yiliga 6 martadan ortiq respirator kasalliklar, ya`ni O`RVI, gripp, bronxit bilan xastalansa, ular tez-tez shamollovchi bolalar guruhiga kiradi.
Bunday kichkintoylar doimiy ravishda shifokor nazoratida bo`lishi va mutaxassis tavsiyasi asosida kerakli muolajalarni olishi zarur.
Salomatlik, Salomatlik sirlari, Salomatlik sirlari, Xirurgiya
Bolalar bir yilda necha marta shamollasa, xavf guruhiga kiradi? Mutaxassis javob berdi