Boladagi jismoniy va ruhiy oʻzgarishlar to’liq malumot oling

Boladagi jismoniy va ruhiy oʻzgarishlar to’liq malumot oling

Oʻsmirlik davri. Boladagi jismoniy va ruhiy oʻzgarishlar

Qiz bolalarda 9-10 yoshdan, oʻgʻil bolalarda 11-12 yoshdan boshlab – eng maʼsuliyatli davr oʻsmirlik yoshi “eshik qoqib” keladi.

Jadal oʻsish va rivojlanish, jismoniy va aqliy qobiliyatlar shakllanishi, inson tabiati, irodasi, dunyoni tushunishi 3 yoshdan boshlab to oʻspirinlik davrigacha kuzatiladi. Yoshlik va oʻsmirlik davri baʼzida bir atama bilan – jinsiy yetilish deb talashadi. Va bu davr oʻgʻil bolalarda 18-19 yoshgacha, qiz bolalarda esa 16-17 yoshlargacha davom etadi. Shu vaqt ichida inson organizmida tana mutanosibligi shakllanadi, oʻsish toʻxtaydi va suyaklanish jarayoni oxirgi bosqichlarga yetib keladi.
Jinsiy yetilish davrida oʻgʻil bolalar tana vazniga 34 kg massa, boʻyiga 35 sm uzunlik, koʻkrak qafasi aylanasi 25 smga kengayadi. Qiz bolalarda tana vazni 25 kg.ga, boʻyi 28 sm.ga va koʻkrak qafasi aylanasi 18 sm.ga kengayadi. Bu kabi oʻzgarishlar organizmni keyingi hayotga moslashib borishini taʼminlaydi va bu aʼzolarning sezilarli darajada kattalashishi bilan tushuntiriladi. Shu vaqtning oʻzida organizmni moslashtiruvchi aʼzolar tizim, yaʼni asab va endokrin tizimi ham oʻsishda va yetilishda davom etadi.
Organizmning yetilishi – bu oddiy jarayon boʻlmay, doim ham “silliq” kechavermaydi. Mana shuning uchun ham oʻspirin yoshlar ota-onalari yordamiga muhtoj boʻladilar, ularni doimo nazorat qilib, qoʻllab-quvvatlab turishlari, baʼzi hollarda shifokordan ham yordam olish kerak boʻladi.
10 yoshlarga kelib qiz va oʻgʻil bolalar rivojlanishi bir xil boʻlib turadi, lekin 11 yildan boshlab qiz bolalar oʻsishda oʻgʻil bolalarni ortda qoldira boshlaydilar, boʻy boʻyicha 1,6 sm.ga, tana vazni boʻyicha 1,7 kg.ga oʻzib ketadilar. 12 yoshga kelib esa qizlar deyarli barcha koʻrsatkich boʻyicha oʻgʻil bolalarni ortda qoldiradi, masalan tana vazni boʻyicha farq 2,9 kg atrofida boʻlsa, boʻy boʻyicha esa 3,1 sm oʻsish farq qiladi. 13 yoshda esa bu koʻrsatkich yanada oshadi.
Ammo, 14 yoshdan boshlab jismoniy rivojlanishda oʻgʻil bolalar oldinga oʻtib olishadi. Bunga sabab qiz bolalar oʻgʻil bolalarga nisbatan tezroq jinsiy balogʻatga yetadilar, yaʼni qizlarda oʻsish tezligi 10-13 yoshlarda ortsa, oʻgʻil bolalarda 12-15 yoshlarda kuzatiladi. Oʻsmirlik davri balogʻat davri bilan almashinib boradi. Ichki sekretsiya bezlarining funksiyasi kuchayishi hisobiga jinsiy balogʻatga yetilish qiz bolalarda 12-13 yoshda, oʻgʻil bolalarda 14-15 yoshda kuzatiladi. Bu davra kelib qiz bolalarda hayz koʻrish boshlansa, oʻgʻil bolalarda birinchi bor sperma suyuqligi ajralib chiqadi (ehtilom).
Oʻsmirlarda nerv tizimining anatomik shakllanishi tugaydi. 13-14 yoshlarga kelib harakat analizatorlari toʻliq shakllanib boʻladi va bu oʻsmirlarda harakatchanlik, chaqqonlik, mehnat qilish qobiliyatiga taʼsirini oʻtkazib turadi.
Endokrin bezlari sekretsiyasi skelet mushaklarining rivojlanishini ragʻbatlantiradi. Bolalar 10 yoshda kaft dinamometrni 16 kg.li kuch bilan siqishgan boʻlsalar, 15 yoshga kelib bu koʻrsatkich 35 kg yetadi. Qiz bolalarda esa mushaklarning kuchi dinamometr yordamida oʻlchanganda 12,5 kg.dan 28 kg.gacha ortadi. Qiz bolalarda mushaklarining kuchi 15 yoshda deyarli maksimal darajaga yetadi. Bu yoshda oʻsmirlarda mushak tizimi jadal shakllanganligi sababli ularda qoʻpollik, noqulay xatti-harakatlar kuzatiladi. Ayniqsa, oʻgʻil bolalarda 15 yoshdan keyin mushaklar qalinligi yanada ortadi.
Oʻsmirlarda yurak tez kattalashadi. Oʻsmirlik davrida yurak kabi eng koʻp zoʻriqish bilan ishlaydigan aʼzo boʻlmasa kerak. Yurak massasi 10 yoshdan 16 yoshgacha boʻlgan davrda 2 marta ortadi, uning hajmi esa 2,4 marta koʻpayadi. Yurakning mushak tizimi (miokard) ham kuchli rivojlanib, qon tomirlarga koʻproq qon hayday boshlaydi. 9 yoshdan 17 yoshgacha yurakning bir marta qisqarganda haydaydigan qon hajmi oʻgʻil bolalarda 37 ml.dan 70 ml.gacha ortadi, qiz bolalarda esa 35 ml.dan 60 ml.gacha koʻpayadi. Yurak qisqarishlar soni sekin-astalik bila kamayib boradi. 15 yoshda oʻgʻil bolalar yuragi 1 daqiqada 70 marta ursa, qiz bolalarda esa 1 daqiqada 72 martagacha yurak qisqaradi. 18 yoshlarga kelib yurak qisqarish soni 62-70 oraligʻida boʻladi, yaʼni katta insonlar kabi uradi. Yurak qisqarishlari soni oʻzgarishi bir xil boʻlmaydi. Bu holat organizmning oʻsishiga va tana vaznining ortishiga bogʻliq boʻladi. Masalan, baʼzi qizlar 15 yoshda oʻsish va rivojlanishda ilgarilab ketgan boʻlsa, ularning yuragi katta insonlar kabi qisqaradi, 15 yoshdagi oʻsishda biroz ortda qolgan qizlarda esa yurak urish soni hali ham maktab yoshidagilar kabi boʻladi. Oʻgʻil bolalarda ham xuddi shu kabi jarayon ketadi.
Shuni ham unutmaslik kerakki, tananing umumiy oʻsishi va yetilishiga mos ravishda yurak oʻlchamlari har doim ham mutanosib ravishda boʻlmaydi. Baʼzida yurakning kattalashishi, tana rivojlanishidan ortda qolishi mumkin. Mana shuning uchun ham koʻpchilik oʻsmirlarda charchash, holsizlik, jismoniy mehnat qilganda tez holdan toyish, gohida hushdan ketish holatlari tez-tez uchrab turadi. Tana rivojlanishi va yurak kattalashishi nomutanosibligi sababli kelib chiqadigan simptomlarni baʼzi ota-onalar yurak kasalliklari deb oʻylab, oʻz farzandlarini asrab avaylash maqsadida turli xildagi jismoniy ishlarni bajarishdan cheklab qoʻyishadi. Va bu ular qiladigan katta xatodir. Organizm rivojlanishi va yurak oʻsishini bir-biriga moslashtirishning yagona usuli, oʻsmirlari sport bilan muntazam shugʻullanishga, jismoniy mehnat qilishga oʻrgatishdir. Afsuski, hozirgi kunda koʻpchilik zamonaviy oʻsmirlar (ha, kattalar ham) oʻz mushaklarini zoʻriqtirgilari kelmaydi, kamharakatli hayot tarziga oʻtib olganlar.
Koʻp hollarda bolalar va qizlar oʻzlarining nozikliklaridan uyalib jismoniy tarbiya bilan shugʻullanishmaydi. Buning oqibatida oʻsmirlarda “tomchi” yurak shakllanib qoladi, yaʼni bola jismoniy zoʻriqmasa, yurak oʻsmay shu oʻlchamda qolib ketadi.
Yurak qon-tomir tizimi rivojlanishida, yurak haydaydigan qon hajmi va qon tomirlar oʻlchamida ham nomutanosibliklar kuzatiladi. Shu tufayli oʻsmirlik davriga kelib qon bosimi biroz oshadi, masalan, 10 yoshda qiz bolalarda arterial qon bosim 95/55 boʻlsa, 17 yoshga kelib 120/65, oʻgʻil bolalarda esa 115/60 koʻrsatkichlarda boʻladi.
Yurak qon-tomir tizimining oʻsmirlik davrida oʻzgarishlaridan yana biri, yurakning asab regulyatsiyasining buzilishidir. Bu holat organizmdagi nerv va endokrin tizimi qayta qurilishi bilan tushintiriladi. Bunday oʻzgarish natijasida yurak urish soni ortadi yoki kamayadi.
Yuqorida keltirilgan holatlar uzoq davom etmay, tez oʻtib ketadi. Lekin, yurak-qon tomir tizimi tomonidan boʻlayotgan har qanday oʻzgarish ota-onalar eʼtiboridan chetda qolishi kerak emas. Chunki, koʻpincha bu kabi holatlar nimjon bolalarda va surunkali kasalliklar bilan aziyat chekadiganlarda (tonzillit, gaymorit, faringit, tish kariyesi) koʻp kuzatiladi. Surunkali kasalliklar esa kelajakda yurak qon-tomir tizimi bilan bogʻliq boʻlgan jiddiy kasalliklarga sabab boʻladi.
Bundan tashqari, ota-onalar, oʻsmirlik yoshidagi farzandlarining aqliy tomondan zoʻriqib qolmasliklariga ham eʼtiborlarini qaratmoqlari darkor. Chunki koʻp aqliy mehnat va kamharakat hayot tarzi, oʻsmirlar qon tomirlar tonusiga salbiy taʼsir etishi mumkin. Buning oqibatida kelajakda gipertoniya yoki gipotoniya kasalliklariga duchor boʻlish mumkin. Shu sababli oʻsmirlik davrda bola miyasi charchab qolmasligi uchun vaqtida dam olishi, kun tartibiga rioya etishi va muntazam ravishda sport bilan shugʻullanib turishi kerak.
Xalqaro kongressda maktab yoshidagi bolalar uchun kunlik aqliy mehnat soati belgilangan – yaʼni 7-8 soatdan oshmasligi kerak, va bu koʻrsatkich katta sinf oʻquvchilari uchun. Kichik sinf oʻquvchilari uchun hatto 6-7 soat ham zoʻriqish hisoblanadi.
Olimlar tekshiruvi, har bir maktab oʻquvchisining kam harakat holatida oʻrtacha 18 soat vaqtini sarflashi aniqlandi (yotadi yoki oʻtiradi). Jismoniy harakat uchun esa bor yoʻgʻI 6 soat vaqt qolar ekan. Ammo, mana shu 6 soat ichida maksimal darajada jismoniy mashqlar bajarish ancha yaxshi koʻrsatkich ekan.
Yuqori sinf oʻquvchilari boʻsh vaqtlarida nima bilan mashgʻul boʻlishlari kerak?
Yuqori sinf oʻquvchilari boʻsh vaqtlarida, afsuski, jismoniy tarbiya bilan shugʻullanmasliklari haqiqat. Ularning koʻpchiligi qulay oʻrindiqlarga joylashib olib televizor yoki kompyuter qarshisida boʻladilar. Bu esa gipodinamiyaga olib keladi.
Zamonaviy avlodning eng dolzarb savoli – oʻsish va rivojlanishning tezlashishidir, yaʼni “akseleratsiya”. Akserelatsiya – bu yoshlarning oʻsish va rivojlanish tezligining, ulardan avvalgi avlodlarga nisbatan jadallashishidir.
Zamonaviy fanda oʻsayotgan organizm – oʻz-oʻzini boshqaruvchi murakkab jarayon boʻlib, bu organizmning genetik programmasi boʻyicha amalga oshadigan jarayondir. Har qanday bolaning yoshiga bogʻliq holda oʻzgarishi, aʼzolarining rivojlanishi va oʻziga xos funksiyalari bolaning irsiy omillarida “yozilgan” boʻladi.
Balogʻatga yetishish muddati akseleratsiyasi na irqiy xususiyatlarga, na iqlimga va na yashash joyiga bogʻliq. Baʼzida tibbiyot adabiyotlarida uchraydigan, janubiy xalqlarning jinsiy yetilishiga oid keng tarqalgan fikrlari ham aslida hozirgacha ilmiy jihatdan tasdiqlanmagan gipotezalardir. Bu borada ijtimoiy-iqtisodiy sharoit va oziq-ovqatning sifatining oʻzgarishi muhim ahamiyatga ega.
Akseleratsiya taʼlim sohasida, ayniqsa, oʻsmirlar uchun bir qator muammolarni keltirib chiqaradi. Shuningdek, zamonaviy ota-onalar oʻz farzandlarini tarbiyalashda baʼzi “nizolari” ga duch kelishmoqda. Oʻsmirlar oʻzlarining ota-onalariga befarq boʻlib, ular bilan kichiklarga oʻxshab munosabatda boʻlishlarini istashmaydi, yoshlarning tabiati va dunyo qarashi, kattalarning intellektual dunyosiga qaraganda kengroq deb oʻylashadi. Shu sababli oʻsmirlar tarbiyasida birinchi navbatda moddiy qadriyatlarga hurmat bilan munosabatda boʻlish, mehnat qilish, oʻziga va boshqalarga nisbatan masʼuliyat hissini tarbiyalashga koʻmaklashish maqsadga muvofiqdir.

Boshqa mavzular
Boladagi jismoniy va ruhiy oʻzgarishlar