“Bola puli” kimlarga va qay tartibda beriladi?
Javob: “Davlat ijtimoiy sug’urta bo’yicha nafaqalarni tayinlash va to’lash tartibi to’g’risida”gi Nizomga ko’ra, bola tug’ilganda beriladigan bir martalik nafaqa O’zbekiston Respublikasi hududida belgilangan eng kam oylik ish haqining ikki baravari miqdorida belgilanadi. 2010-yil 9-iyuldagi O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoniiga ko’ra, 2010-yil 1-avgustdan boshlab O’zbekiston hududida eng kam oylik ish haqi oyiga 45,215 so’m qilib belgilangan. Demak, 2010-yil 1-avgustdan boshlab suyunchi pulining miqdori 90,430 so’m. Ish haqiga koeffitsiyent qo’llaniladigan tumanlarda nafaqa ushbu koeffitsiyentlarni hisobga olgan holda belgilanadi. Ishlayotgan ayollarga hamda ishlab chiqarishdan ajralgan holda oliy, o’rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalarida, magistratura, aspirantura, klinik ordinatura, doktoranturada tahsil olayotgan ayollarga bola tug’ilganda beriladigan bir martalik nafaqa tegishlicha ish yoki o’qish joyidan to’lanadi. Bolaning onasi ishlamaydigan va o’qimaydigan hollarda nafaqa bolaning ishlaydigan yoki ishlab chiqarishdan ajralgan holda o’qiydigan otasi yoki ota-ona o’rnini bosuvchi shaxslarga qarab to’lanadi. Ishlamaydigan va o’qimaydigan ota-onalarga bola tug’ilganda nafaqa ijtimoiy ta’minot bo’limlari tomonidan tayinlanadi va to’lanadi. Farzandlikka olingan bolalarga bola tug’ilganda beriladigan bir martalik nafaqa umumiy asoslarda beriladi. Agar ayol homiladorlik bo’yicha ta’til davrida ishdan bo’shab, shu davr mobaynida homiladorlik va tug’ish bo’yicha nafaqa olgan bo’lsa, bir martalik nafaqa umumiy asoslarda beriladi. Bola o’lik tug’ilgan hollarda nafaqa to’lanmaydi. Ishlamaydigan onalar (oilalar) ga bola ikki yoshga yetgunga qadar uni parvarish qilganlik uchun har oyda nafaqa beriladi. Ishlamayotgan va ikki yoshga yetmagan bola tarbiyasi bilan band bo’lgan onalarga bola parvarishi davrida nafaqa tayinlash va to’lash masalalari O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2002-yil 14-martda ro’yxatga olingan “Ishlamayotgan onalarga ikki yoshga yetmagan bolalarini parvarishlash davrida nafaqa tayinlash va to’lash tartibi to’g’risida”gi Nizom bo’yicha tartibga solinadi. Mazkur Nizom asosida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2002-yil 25-yanvardagi “Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini aniq yo’naltirilgan tarzda qo’llab-quvvatlashni kuchaytirish to’g’risida”gi Farmoni hamda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 25-yanvardagi “Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini aniq yo’naltirilgan tarzda qo’llab-quvvatlashning 2002–2003-yillarga mo’ljallangan dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarori turadi. Nizomga ko’ra, ikki yoshga yetmagan bola tarbiyasi bilan mashg’ul ishlamayotgan (mehnat shartnomasi (kontrakti) asosida yollanib ishlamayotgan) shaxs sifatida nafaqa olish huquqiga quyidagilar ega bo’ladi: a) ishlamayotgan onalar yoki ular o’rnini bosayotgan shaxslar (odatda bolaning otasi, farzandlikka olgan shaxs, vasiy va boshqalar); b) to’lov-kontrakt asosida oliy, o’rta maxsus, kasb-hunar o’quv yurtlarining kunduzgi bo’limida ta’lim olayotgan ishlamayotgan onalar yoki ularning o’rnini bosuvchilar (bola parvarishi bilan bevosita shug’ullanayotgan shaxslar); v) yuridik shaxs tashkil etmasdan yakka tartibda tadbirkorlik qilayotgan, yuridik shaxs bo’lmagan dehqon xo’jaligida a’zo sifatida ishlayotgan onalar (ularning o’rnini bosayotgan shaxslar). Ushbu bandlarda nazarda tutilgan shaxslar nafaqa tayinlashni so’rab fuqarolarning o’zini-o’zi boshqarish organlariga ariza bilan murojaat qilishlari lozim. Qishloq, shaharcha, ovul, mahalla fuqarolar yig’inining yoki u vakolat bergan komissiyaning nafaqa tayinlash to’g’risidagi qarori nafaqa tayinlanishi uchun asos bo’ladi. Nafaqa onaning mehnat staji bor-yo’qligi, bolalarining sonidan qat’i nazar, 2003-yil 18-yanvardan boshlab eng kam oylik ish haqining 200 foiz miqdorida tayinlanadi. Nafaqa 12 oy muddatga, ammo bola 2 yoshga yetishi muddatidan ko’p bo’lmagan davrga tayinlanadi. Nafaqaga muhtojlik saqlanib qolgan taqdirda avval tayinlangan nafaqa to’lash muddati tamom bo’lishiga 1 oy qolganda mahalla qo’mitasiga takroran ariza beriladi va ariza ko’rib chiqilib, uni tayinlash haqida yangidan qaror qabul qilinadi. Arizachi nafaqa tayinlash haqidagi o’z arizasiga quyidagilarni ilova qilishi lozim: a) bola tug’ilganligi haqidagi guvohnoma nusxasi; b) mehnat daftarchasining nusxasi (avval ishlagan bo’lsa); v) ariza berishdan oldingi 2 oy davomida oilaning daromadlari haqida ma’lumotnoma; g) bolaning nogironligi (agar nogiron bola bo’lsa) haqida tibbiy maslahat komissiyasi (VKK) ning xulosasidan nusxa; d) nikoh bekor bo’lgani (agar bekor bo’lgan bo’lsa) haqida sud qarori; e) bolaning onasi bo’lmagan taqdirda, bola parvarishini amalga oshirayotgan shaxs bolaning onasi yo’qligi to’g’risidagi ma’lumotnomani ham taqdim etadi. Ikki yoshga yetmagan bola parvarishi davrida bolaning onasiga (uning o’rnini bosuvchi boshqa shaxsga) nafaqa oilaning daromadlari e’tiborga olingan holda tayinlanishi mumkin. Ya’ni moddiy jihatdan yaxshi ta’minlangan onalarga bu nafaqani tayinlash rad etilishi ham mumkin. Ammo quyidagi hollarda, oilaning daromadi darajasidan qat’i nazar, nafaqa tayinlanishi shart: a) to’liq bo’lmagan (yoki otasi yoxud onasi yo’q oilada) oilada bolani tarbiyalayotgan ota yoki onaga; b) nogiron bolani tarbiyalayotgan onalarga (qaysi bola nogiron ekanligining ahamiyati yo’q). Oilaning umumiy daromadi taqsimlanganida, uning har bir a’zosiga eng kam oylik ish haqining 150 foizidan kam daromad to’g’ri keladigan hollarda oila kam ta’minlangan deb hisoblanadi. Oila daromadlarini aniqlash tartibi va usullari, nafaqa tayinlash haqidagi arizani ko’rib chiqish muddatlari hamda tartibi, ariza yuzasidan qaror qabul qilish tartibi yuqorida tilga olingan Nizomda belgilab qo’yilgan. Ariza arizachi ishtirokida ko’rib chiqilishi lozim. Arizachi unda qatnasha olmasa, arizani ko’rib chiqish keyinga qoldirilishi kerak. Ayrim hollarda nafaqa to’lash to’xtatilishi mumkin. Bola uchun nafaqa olayotgan shaxs vafot etganda, u onalik (otalik) huquqidan mahrum etilganda, vasiylik bekor qilinganda nafaqa bolani amalda parvarishlayotgan tegishli shaxsga beriladi. Tayinlanganidan keyin o’z vaqtida talab qilib olinmagan nafaqa tegishli muddat o’tgach, fuqarolarni o’zini-o’zi boshqarish organlari hisobiga o’tkaziladi. Nafaqalar mahalliy byudjet mablag’lari hisobidan to’lanadi. Ishlaydigan oilalar ham bola ikki yoshga yetgunga qadar uni parvarish qilganlik uchun har oylik nafaqa olishlari mumkin. Nafaqaning ushbu turi O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2002-yil 14-martda davlat ro’yxatiga olingan “Ishlaydigan onalarga bola ikki yoshga yetgunga qadar uni parvarish qilganligi uchun har oylik nafaqa tayinlash va to’lash tartibi to’g’risida”gi Nizom asosida tartibga solinadi. Mazkur Nizomga muvofiq, bola ikki yoshga yetgunga qadar uni parvarishlash uchun nafaqa bolaning onasiga, otasiga, farzandlikka olgan shaxsga, vasiyga yoki amalda bola parvarishi bilan mashg’ul bo’lgan boshqa shaxslarga berilishi mumkin. Nafaqa, bolalar sonidan va nafaqa oluvchining mehnat stajidan qat’i nazar, 2003-yil 1-yanvardan boshlab 200 foiz miqdorida tayinlanadi. Agar 2 yoshga yetmagan bir necha bola parvarishlanayotgan bo’lsa, u holda nafaqa 1 barobar miqdorda eng kichik bola 2 yoshga yetguniga qadar to’lab boriladi. Ushbu nafaqani olish davrida nafaqa olayotgan shaxs homiladorlik yoki tug’ish ta’tiliga chiqsa, unda onaning xohishiga ko’ra ikki nafaqadan biri beriladi. Bola 2 yoshga yetgunga qadar uni parvarish qilganlik uchun har oylik nafaqa ishlayotgan (byudjet hisobidan ishlab chiqarishdan ajralmagan holda o’qiyotgan) onalarga ular ishlayotgan (o’qiyotgan) joydagi korxona, tashkilot ma’muriyati tomonidan to’lanadi. To’liqsiz ish kuni rejimida, ish beruvchi bilan kelishgani holda o’z ustida ishlagan vaqtlari uchun ishlayotgan ona ish haqini ham, tegishli nafaqani ham to’liq miqdorda (stipendiyani to’liq miqdorda) olishi mumkin. Nafaqa tayinlashni so’rab korxona, tashkilotga (o’quv yurtiga) berilgan arizaga bola tug’ilganligi haqidagi guvohnoma nusxasi, bolani onasidan boshqa shaxslar parvarish qilayotgan taqdirda, bu haqdagi ma’lumotnoma ham ilova qilinishi lozim. Tegishli hollarda nafaqa to’lash to’xtatiladi (bola 2 yoshga to’lsa, bolalar uyiga joylashtirilsa; bola vafot qilsa; oila O’zbekistondan ko’chib ketsa). O’z vaqtida to’lanmagan yoki talab qilib olinmagan nafaqa summalari qonun hujjatlarida belgilab qo’yilgan muddatgacha nafaqa oluvchilarga berilishi mumkin. Soxta hujjatlar va qasddan noto’g’ri ma’lumotlar taqdim etish yo’li bilan olingan bo’lsa, u holda aybdor shaxslar tegishli huquqiy javobgarlikka tortiladilar hamda noto’g’ri to’langan nafaqa qaytarib undirib olinadi. Byudjetdan mablag’ bilan ta’minlanuvchi davlat tashkilotlarida (shu jumladan, davlat o’quv yurtlarida) ishlayotgan onalarga (ularning o’rnini bosuvchi shaxslarga) nafaqa davlat byudjetidan to’lanadi. Nodavlat korxona va tashkilotlarda ishlovchi ayollarga esa ushbu korxonalarning o’z mablag’laridan to’lanadi (bu summadan soliq olinmaydi, undan Pensiya jamg’armasiga badal to’lanmaydi). O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 1996-yil 10-dekabrdagi “Bolali oilalarni davlat tomonidan qo’llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish to’g’risida”gi Farmoni qabul qilinishi bilan 1997-yil 1-yanvardan boshlab, bolali oilalarga nafaqalar fuqarolarni o’zini-o’zi boshqarish organlari tomonidan tayinlanishi va to’lanishi tartibi joriy etilgan. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 1999-yil 13-yanvardagi “Aholini aniq yo’naltirilgan ijtimoiy madad bilan ta’minlashda fuqarolarning o’zini-o’zi boshqarish organlari rolini oshirish to’g’risida”gi Farmoniga ko’ra, ishlamaydigan onalarga bolasi ikki yoshga yetguniga qadar uni parvarishlash nafaqalari, o’zgalar parvarishiga muhtoj bo’lgan yolg’iz pensionerlarni asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash vazifalari ham fuqarolarning o’zini-o’zi boshqarish organlari zimmasiga yuklatildi. Ularga yosh oilalarga moddiy madad ko’rsatish vazifasi ham topshirilgan. 1999-yil 14-aprelda O’zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi “Fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari to’g’risida”gi Qonuniga ko’ra, fuqarolarning o’zini-o’zi boshqarish organlariga quyidagilar kiradi: “Shaharcha, qishloq, ovul fuqarolarining, shuningdek, shahar, shaharcha, qishloq va ovuldagi mahalla fuqarolarining yig’ini (vakillar yig’ilishi) (bundan buyon matnda fuqarolar yig’ini deb yuritiladi); fuqarolar yig’inining kengashi; fuqarolar yig’ini faoliyatining asosiy yo’nalishlari bo’yicha komissiyalar; fuqarolar yig’inining taftish komissiyasi; tuman markazidan olisda joylashgan va borish qiyin bo’lgan shaharchalar, qishloqlar va ovullarda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda tuziladigan ma’muriy komissiya (bundan buyon matnda ma’muriy komissiya deb yuritiladi)”. Fuqarolarning o’zini-o’zi boshqarish organlari mahalliy davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmaydi.“Bola puli” kimlarga va qay tartibda beriladi?
DO`STLARGA ULASHING:
Savol: “Sut puli”, “Bola puli” degan ijtimoiy yordam haqida batafsil ma’lumot bersangiz, iltimos. Bu yordamni hamma birdek oladimi yoki faqat muhtoj kishilar oladimi?
“Bola puli” kimlarga va qay tartibda beriladi?