Astronavt qonida kuzatilgan o‘zgarish to’liq malumot oling

Astronavt qonida kuzatilgan o‘zgarish to’liq malumot oling

Yangi tadqiqot kosmik parvozning ilgari hech kim payqamagan salbiy taʼsirini aniqladi.

Astronavtlar oddiy kosmik sayohatchilar emas. Ular, shuningdek, fazoning inson tanasiga taʼsirini sinchkovlik bilan oʻrganishda tadqiqot obyekti ham hisoblanadi. Tadqiqotchilar yerda hayotiy zarur boʻlgan tana aʼzolarini koʻzdan kechiradilar, tahlil uchun qon yoki soʻlak namunasini oladilar. Yer atrofidagi orbitada esa bu ishlarni kosmonavtlar oʻzlari bajaradilar. Shu tariqa ular astronavtda qon quyilishini aniqladilar.

Kosmonavtlardan biri oʻz tanasida ultratovush tekshiruvini amalga oshiradi. Bu real vaqtda Yerda mutaxassis boshchilik qilayotgan yangi tadqiqotning bir qismi edi. Parvozdan oldin oʻtkazilgan shunga oʻxshash test astronavtda ijobiy xulosa koʻrsatgan edi. Ammo fazodagi tekshiruvda qon quyulishi kuzatilgan.

“Biz buni kutmagan edik”, — deydi NASA katta ilmiy xodimi va shu oy boshida nashr etilgan tadqiqot muallifi Karina Marshall-Gebel. “Bunday holat ilgari hech kuzatilmagan”.

NASA shifokorlari vaziyatni nazorat ostiga oldi. Astronavtda qon quyuqlashishidan kelib chiquvchi hech qanday kasallik alomati yoʻq edi, ammo u tadqiqotdan chetlatildi va orbitada boʻlgan vaqtida qonni suyultiruvchi dorilar qabul qildi. Tadqiqotchilar insonning fazoga parvozida yangi xavfni aniqladilar.

Tadqiqot kosmik sayohatlarning keng tarqalgan, turli xil salbiy taʼsirlarini oʻrganish uchun ishlab chiqildi. Oʻn yilcha avval olimlar bir necha oy Xalqaro kosmik stansiyada (XKS) boʻlib qaytgan kosmonavtlar optik asablari shishgan, koʻz soqqalari biroz yassilangan va koʻrish qobiliyati oʻzgargan holda uyga qaytganini payqashgan. NASA koʻrish qobiliyati yomonlashganini sezgan astronavtlar uchun stansiya bortiga koʻzoynaklar qoʻyishni boshlagan. Olimlar bunga tanadagi qon va suv kabi suyuqliklarning yigʻilib qolishi sabab boʻlgan deb taxmin qilmoqda. Doimiy tortishish kuchi boʻlmagach, suyuqliklar boshga oqib, bosh suyagi ichidagi bosimni oshirishi mumkin.

astronavt qonida kuzatilgan ozgarish 1

NASA astronavtlari Bob Benken va Doug Hurli SpaceXʼning Demo-2 simulatsion sinov parvozida / nasa.gov

Mazkur nazariyani tekshirish maqsadida Marshall-Gebel va uning jamoasi boshdan yurakka qon yetkazib beruvchi koʻk tomirni tekshiruvdan oʻtkazdilar. Tadqiqot ishtirokchilari toʻqqiz erkak va ikki ayoldan iborat edi. (Tadqiqot ularning kimligini oshkor qilmagan.) Astronavtlarni uchirishdan oldin mutaxassislar ularning oʻtirgan, yotgan va egilgan holatlarida koʻk tomirdagi qon oqimini oʻlchadilar. Natijalar ijobiy chiqdi.

Tadqiqotchilar kosmonavtlardan Xalqaro kosmik stansiyaga parvoz paytida ultratovush tekshiruvini takrorlashni soʻradilar. Tekshiruv shuni koʻrsatdiki, tomirdagi qon oqimi 11 kosmonavtning beshtasida toʻxtab qolgan. “Baʼzan qon biroz oldinga va orqaga oqdi, ammo faqat oldinga harakatlanish kuzatilmadi”, — deydi Marshall-Gebel. Uning soʻzlariga koʻra, koʻk tomirda qon yurishi kamdan-kam sekinlashadi; odatda oyoqlarda, masalan, samolyotda bir necha soat harakatsiz oʻtirish natijasida shunday holat yuz beradi. Xulosa xavotirli edi. Quyulgan qon, u xoh boʻyinda boʻlsin, xoh oyoqlarda, ivishi mumkin. Qon quyqalari oʻz-oʻzidan yoki antikoagulyantlar bilan suyulishi mumkin, ammo qon tomiridagi tiqinlar oʻpkaning shikastlanishi kabi jiddiy muammolarga ham sabab boʻlishi mumkin.

Ikki kosmonavtda tomirdagi qon yurakdan boshga tomon teskari yoʻnalishda oqa boshladi, Marshall-Gebelning fikricha, bu koʻk tomir uchun “gʻayritabiiy” holat hisoblanadi. Tadqiqotchilarning oʻylashicha, qon quyi oqimdagi tiqin tufayli oʻz yoʻnalishini oʻzgartirgan. Bunday holat qonni yurakka boshqa yoʻl bilan yetkazib berishga majbur qiluvchi oʻsma yoki shish bilan ogʻrigan kosmonavt boʻlmagan bemorlarda kuzatilgan.

“Bu goʻyo aylanma yoʻlga oʻxshaydi, baʼzan kerakli manzilga yetib borish uchun mashinangizni notoʻgʻri koʻchaga burishga toʻgʻri keladi”, — deydi Marshall-Gebel. Ehtimol, kosmonavtlar bilan ham shunga oʻxshash narsa sodir boʻlgandir. Tanadagi suyuqlik singari tana aʼzolari ham yuqoriga siljib, maʼlum tomirlar yoʻlini toʻsib qoʻygan. Marshall-Gebelning soʻzlariga koʻra, bu narsa uni hayratda qoldirgan. Chunki inson tanasi notanish muhitga tushib, unga moslashish yoʻlini topgan.

astronavt qonida kuzatilgan ozgarish 2

Kosmonavtlar Oyda / nasa.gov

Tadqiqotchilar astronavtlardan rus kosmonavtlari Yerga qaytishga tayyorgarlik koʻrish uchun foydalanadigan maxsus kostyumni maʼlum vaqt kiyib yurishni soʻrashdi. Bir juft paxmoq shim koʻrinishidagi kostyum tortishish kuchiga taqlid qilib, suyuqlikni tananing pastki qismiga qaytarish uchun havoni soʻrib oladi. Baʼzi kosmonavtlarda qon oqimi yaxshilandi, ammo hammasida emas.

Tadqiqotchilar kuzatilgan oʻzgarishlarni fazoviy muhit bilan bogʻlamoqdalar. Barcha kosmonavtlar parvozdan oldin sogʻlom boʻlgan. Uyga qaytishgach, deyarli barchasining ahvoli yaxshilandi. Tadqiqotchilar maʼlumotlarni tahlil qilgach, orbitada har ikki kosmonavtdan bittasida qon laxtasi hosil boʻlishi mumkinligini aniqladilar. Ammo hech kimning sogʻligʻi yomonlashmagan. “Ekipaj aʼzolaridan hech birida salbiy tibbiy xulosalar qayd etilmagan”, — deydi Marshall-Gebel.

Astronavtlar sogʻligʻini oʻrganuvchi va mazkur tadqiqotda ishtirok etmagan tadqiqotchilar izlanish ishonarli natijalar koʻrsatgani va uni oʻrganishda davom etish zarurligini taʼkidlashdi. “Buni kosmik parvoz paytida inson salomatligi uchun jiddiy xavf deb hisoblash uchun bizda yetarlicha dalillar mavjud, bu izlanishlarni davom ettirishni talab etadi”, — deydi Fransiyadagi Xalqaro kosmik universitetning kosmik tibbiyot professori Virjiniya Votring. “Oʻylashimcha, uzoq muddatli parvozlarni amalga oshirishdan oldin mazkur muammoning tagiga yetishimiz lozim. Chunki kosmonavt shu qadar olislab ketadiki, favqulodda holatlarda ularga tibbiy yordam joʻnata olmaymiz”.

Votringning taʼkidlashicha, u erkak va ayol kosmonavtlarga xavf qanday taʼsir qilishi alohida tadqiq etilishini istaydi. Tadqiqotchilar natijalar homiladorlikdan saqlovchi tabletkalarni qabul qiluvchi ayollar uchun ahamiyatli boʻlishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda, chunki tabletkalar kosmosda homiladorlik davrini toʻxtatish uchun qon laxtalari xavfini oshiradi. (Kosmik parvozning dastlabki bosqichidagi taxminlardan farqli oʻlaroq, kosmosda hayz koʻrish xavfli emas, ammo baʼzi ayollar qulaylik nuqtayi nazaridan buning oldini olishadi.) “Inson tanasiga biz hali bilmaydigan juda koʻp kosmik taʼsirlar mavjud”, — deydi Votring.

Tadqiqotchilarning soʻzlariga koʻra, Yerdan 418 km (260 mil) uzoqlikdagi kosmonavtda qon oqimining oʻzgarishi unchalik qoʻrqinchli emas. Ehtimol, boshqa koʻplab kosmonavtlar xuddi shunday oʻzgarishni boshdan kechirgan va hech kim buni payqamagan. “Qon yurishi sekinlashganda qon quyqasi hosil boʻlishi uchun vaqt kerak boʻladi”, — deydi NASA ning Jonson kosmik markazidagi yurak-qon tomir tizimi va koʻrish laboratoriyasi rahbari, tadqiqot mualliflaridan biri Maykl Stenger. “Bu bir necha soat yoki kun ichida roʻy berishi mumkin”. Bugungi kunda kosmonavtlar XKS da olti oy boʻladi, ayrimlari u yerda deyarli bir yil qoladi.

Qon laxtasi noxush yangilik boʻldi. “Menimcha, hamma bu xabardan qoʻrquvga tushdi”, — deydi Marshall-Gebel. “Ammo oʻylashimcha, buni aniqlaganimiz haqiqatan ham juda yaxshi yangilik, chunki kosmik sayohat uchun xavf mavjudligini bilsak, uni nazorat qlishimiz va oldini olishimiz mumkin”. Agar muammo tugʻilsa, kosmonavtlar bir necha soat ichida yerga qaytishlari mumkin. Oydan qaytishga kunlab, Marsdan qaytishga esa oylab vaqt ketadi.

NASA vakilining soʻzlariga koʻra, agentlik hozirda oʻzining barcha kosmonavtlarini orbitada boʻlgan vaqtida kuzatib borish uchun rasmiy ultratovush tekshiruvi dasturini ishlab chiqmoqda. U, shuningdek, XKS “ekipaj aʼzolari muolaja olishlari uchun zarur tibbiyot asboblari bilan jihozlanganligini” tasdiqladi.

Insoniyatning salkam 60 yillik kosmik tadqiqotlaridan soʻng, olimlar tananing kosmosdagi holati haqida yetarlicha maʼlumotga ega boʻldilar. Birinchi astronavtlar kosmosga koʻtarilishidan oldin, baʼzilar vaznsizlik yutinish singari oddiy funksiyalarni ham ishdan chiqaradi degan xavotirda edilar. Tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, inson tanasi bir necha oy vaznsiz boʻlishni xushlamaydi, ammo buning uddasidan juda yaxshi chiqadi.

Ammo koʻp narsalar nomaʼlumligicha qolmoqda. SpaceX kabi tijorat kompaniyalari haq toʻlovchi mijozlarni kosmosga yuborish haqidagi vaʼdalarini bajarsalar, xavf yanada jiddiy tus olishi mumkin. Egizak astronavtlar Skott va Mark Kellida kosmos bilan bogʻliq oʻzgarishlarni oʻrgangan Uell Kornell tibbiyot institutining genetigi Kristofer Meyson oddiy aholi kosmosda qanday muammolarga duch kelishi mumkinligi bilan qiziqdi. “Biz salomatligi mustahkam kosmonavtlarni uchiramiz, ular muhitga moslasha oladilar va hammasi joyida boʻladi. Ammo tavakkaliga tanlab olingan ikkita odamni kosmosga yuborsak nima boʻladi?” — deydi Meyson. “Umid qilamanki, hammasi yaxshi boʻladi, ammo bu haqda hech qanday maʼlumot yoʼqligi uchun bir nima deyish qiyin”.

Maqola Khan Academy Oʻzbek loyihasi doirasida tarjima qilingan. Havola → Astronavt qonida kuzatilgan o‘zgarish.

Boshqa mavzular
Astronavt qonida kuzatilgan o‘zgarish