ARTAKSERKS haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
ARTAKSERKS haqida malumot bilib oling.

ARTAKSERKSAxomaniylar sulolasidan boʻlgan Eron shohlari. A. I Dasti uzun, mil. av. 465 — 424-y. larda hukmronlik qilgan. Otasi — Kserks I fitna natijasida oʻldirilgach, taxtga oʻtirgan. Hukmronligining dastlabki yillarida Axomaniylar davlati bilan urush olib borayotgan Afinaning koʻmagida koʻtarilgan Misrdagi qoʻzgʻolonni bostirgan, 454-y. esa forslar Nil deltasida Afina flotini yakson qilganlar. 449-y. Kipr o. dagi Salamin jangida afinaliklar gʻalaba qozongach, yunon-fors urushlarini yakunlagan, Kalliy sulhini imzolagan. Bu sulhga koʻra A. I Kichik Osiyodagi yunon shaharlarining siyosiy mustaqilligini tan olgan. Fors zodagonlarining separatik harakatlari (mas, mil. av. taxm. 449 ydagi Megabiz isyoni) va tobe xalqlarning qoʻzgʻolonlari kuchayishiga qaramay Artakserks davrida markaziy hokimiyat ancha kuchli boʻlib, Axomaniylar davlatining hududiy yaxlitligi asosan saqlanib qolgan edi.

A. II Mnemon, mil. av. 404 — 358-y. larda hukmronlik qilgan, Doro II ning katta oʻgʻli. Hukmronligining dastlabki yillarida Kichik Osiyo hokimi, ukasi Kir bilan taxt uchun kurash olib borgan. Tashqi siyosat sohasida bir qator muvaffaqiyatlarga erishgan boʻlsada (394-y. Sparta flotining Knid yonida tor-mor keltirilishi, 386-y. gi Antalkid sulhi va b.), A. II podsholigi davri Axomaniylar davlatining zaiflashgan payti edi. Artakserksga qarshi satraplar, vassal shohlar, yarim qaram qabilalar (kadusiylar va b.) bir necha bor qoʻzgʻolon koʻtarganlar.

A. III Ox, mil. av. 358 — 338. y. larda hukmronlik qilgan, Artakserks oʻgʻli. Akalarini oʻldirib taxtni egallagan. Axomaniylar davlatining hududiy birligini tiklash uchun qattiq harakat qilgan. Satraplarga yollanma qoʻshinlar saqlashni man etgan. Qator qoʻzgʻolonlarni (Kichik Osiyo, Finikiya, Kiprda) beshafqat bostirgan va 341-y. Misrni qayta qoʻshib olgan (Misr mil. av. 5 – a. oxirida Axomaniylar davlatidan ajrab chiqqandi). Oʻzining mulozimi, maxrami Bagoy tomonidan oʻldirilgan.

Ensiklopediya.uz
ARTAKSERKS