Arab Tili Sarf Fani 22 Dars
KOREYS TILI
Ona tili qomus
Otlar, ya’ni narsa hajm jihatidan katta yoki kichik bo`lishi mumkin: kitob-kitobcha. Hajman kichik predmetni bildiruvchi shaklga kichraytirish shakli deyiladi. U quyidagi: 1) cha: hovuzcha, uycha, kapalakcha. -cha shakli ba’zan kinoya, kamsitish kabi ko`chma ma’nolarni ham bildiradi: tilchangiz chiqib qoptimi? Sholcha, bog`cha (bolalar bog`chasi), ko`rpacha, olcha, qalamcha (otrozka), ko`kcha (qovun navi), qizilcha (kasallik) so`zlarida -cha shakli yaxlitlanib qolgan, so`z ma’noli qismga ajralmaydi; 2) choq//chak: toychoq, qo`zichoq, kelinchak, tugunchak. 3) kay: bolakay. 4) ak: yo`lak.
KOREYS TILI
Koreys tili Oltoy tillariga, ba’zan Tungus-manjur tillariga kiradi, deb taxmin qilinadi. KXDR va Koreya Respublikasining rasmiy tili. Bu tilda 60 million kishi so`zlashadi. Uning genetik jihatdan boshqa tillar bilan bog`liqligi aniqlanmagan. Koreys tilining shimoli-sharqiy, shimoli-g`arbiy, markaziy, janubi-sharqiy, shimoliy va janubiy shevalari bor. Koreys tilida 40 fonema (19 undosh, 21 unli) mavjud. Morfologik jihatdan agglutinatsiya rivojlangan. Fe’l zamonlari hozirgi, 2 o`tgan, 2 kelasi zamon shaklidan iborat. Son kategoriyasida birlik va ko`plik shakli farqlanmaydi. Hisbat kategoriyasi hamma fe’llarga xos emas. Leksikasida xitoy tilidan, sanskpit, mo`g`ul va ba’zan Yevropa tillaridan o`zlashgan so`zlar bor. Koreys tili 1993- yilgacha “standart til”, 1966- yilda “milliy til” (munxbao) deb atalgan. Bu tilning 2 turi ham KXDR hamda Koreya Respublikasida qo`llanib kelinadi. KXDRda koreys yozuvi, Koreya Respublikasida xitoy-koreys aralash yozuvi qo`llaniladi.
Ko`makchi – ot, olmosh, sifatdosh va harakat nomidan keyin kelib, uni hokim so`zga bog`lash uchun xizmat qiluvchi yordamchi so`z.
Umumiy grammatik belgilari. Ko`makchi morfologik jihatdan o`zgarmaydi: turlanmaydi, tuslanmaydi. So`z yasalishi, shakl yasalishi uchun asos bo`lmaydi.
Ko`makchi o`zidan oldingi mustaqil so`zga vosita, maqsad, sabab, vaqt, makon kabi grammatik ma’no va munosabatni berish uchun qo`llanadi va u bilan bitta gap bo`lagi vazifasini bajaradi: 1) vosita: Ismat bobo hassasi bilan (to`ldiruvchi) eshikni ochdi. 2) sabab: O`qiganligi uchun (sabab holi) javob berdi. 3) maqsad: O`qish uchun (maqsad holi) keldi. 4) payt: Kelgandan so`ng (payt holi) gaplashamiz. 5) makon: Tom boshida (o`rin holi) tog`ora.
Ko`makchili so`z to`ldiruvchi va hol, ayrim holda kesim bo`lib keladi.
Hozirgi o`zbek tilida ko`makchining ikki turi ajratiladi:
1. Sof ko`makchi – mustaqil lug`aviy ma’nosini butunlay yo`qotgan, faqat grammatik ma’no ifodalaydi: bilan, uchun, sari, sayin, kabi, singari, yanglig`, qadar, dovur, to, doir, oid.
2. Vazifadosh ko`makchi – aslida mustaqil turkumga mansub lug`aviy ma’noli so`z, lekin ko`makchi vazifasini bajarayotganda faqat grammatik ma’no ifodalaydi: tomon, qarab, qaramay, qaraganda, qaramasdan, boshqa, bo`lak, tashqari, sababli, tufayli, so`ng, oldin, keyin, beri, ko`ra, bo`yicha, uzra, chog`i, osha, bo`ylab, ichra, bo`yi, chamasi, haqida, to`g`risida, holda, yo`sinda, qarshi, yarasha, asosan, binoan, muvofiq, qarata, o`zga, buyon, burun, ilgari, boshlab, badaliga, davomida, vajidan, evaziga, borasida, bobida, misoli, tortib; ko`makchi otlar: ost, ust, tepa, old, orqa, yon, ich, ora, bosh, o`rta (i/si egalik va ga/da/dan kelishik qo`shimchasi bilan).
Ko`makchi vazifasida qo`llanuvchi so`z quyidagi turkumdan ko`chib o`tgan: 1) otdan: tomon, haqida, chamasi, misoli, holda, yo`sinda, bo`yi; osti, tagi, usti, oldi, orqasi, yoni, bo`yi, ichi, orasi, o`rtasi + ga/da/dan; 2) sifatdan: boshqa, bo`lak, o`zga, tashqari, sababli, chog`li, to`g`risida, qarshi, muvofiq; 3) ravishdan: so`ng, oldin, burun, ilgari, keyin, beri, nari, bo`yicha, uzra, ichra, asosan, binoan; 4) fe’lning sifatdosh shaklidan: qaraganda, qaramasdan; 5) fe’lning ravishdosh shaklidan: qarab, qaramay, ko`ra, osha, bo`ylab, yarasha, qarata, boshlab, tortib.
K o` m a k ch i ning qo`llanishiga ko`ra turi. Ko`makchi biror kelishik bilan ham birga qo`llanadi va shunga ko`ra uning quyidagi turi ajratiladi:
1) bosh kelishikdagi so`z va ba’zan qaratqich kelishigidagi olmosh bilan: bilan (qalam bilan, sening bilan, seningla), uchun, kabi, singari, yanglig`, sayin, sari, sababli, orqali, tufayli, chog`li, osha, bo`ylab, uzra, ichra, bo`yi, chamasi, haqda//to`g`rida, haqida//to`g`risida, holda//yo`sinda;
2) qaratqich kelishigidagi so`z bilan: ost, tag, ust, old, orqa, yon, qarshi, bo`yi, ich, o`rta, bosh;
3) jo`nalish kelishigidagi so`z bilan: tomon, qadar, ko`ra, qarshi, qarab, qaraganda, qaramasdan/qaramay, yarasha, doir, asosan, binoan, muvofiq, qarata;
4) chiqish kelishigidagi so`z bilan: so`ng, keyin, boshqa, bo`lak, tashqari, o`zga, beri, buyon, nari/nariga, burun, ilgari, oldin, avval, boshlab, tortib.
KO`MAKCHI FE’LLI SO`Z QO`SHILMASI (HARAKAT TARZI SHAKLI)
Ko`makchi fe’lli so`z qo`shilmasi (harakat tarzi shakli) – o`zi birikkan fe’lning ma’nosiga qo`shimcha ma’no yuklash uchun xizmat qiladigan nomustaqil fe’l bilan mustaqil fe’lning qo`shiluvidan hosil bo`lgan shakl: ketib qolmoq (kutilmaganda), berib turmoq (vaqtincha), kutib turmoq (davomli harakat). Bundagi ikkinchi fe’llar ko`makchi fe’l, vaqtincha o`z lug`aviy ma’nosini yo`qotgan bo`ladi. Ma’nosi bir oz o`zgarayotgan fe’l yetakchi fe’l, yetakchi va ko`makchi fe’l birikuvi esa ko`makchi fe’lli so`z qo`shilmasi deyiladi. Ko`makchi fe’l lug`aviy shakl yasovchi qo`shimchadek vazifa bajaradi. Shu sababli yetakchi va ko`makchi fe’l birikuvidan tashkil topgan bunday analitik shakl fe’lning harakat tarzi lug`aviy shakli ham deb yuritiladi. Mas., Salim kitobni o`qib chiqdi gapida chiqdi fe’li “tashqarida bo`lmoq” lug`aviy ma’nosini yo`qotib, gapdagi o`qib yetakchi fe’lining ma’nosini o`zgartirish, ya’ni undan anglashilgan harakatning tugallanganligini ifodalash uchun xizmat qilmoqda.
Yetakchi fe’l va ko`makchi fe’l uch xil birikadi: 1) ravishdoshning -(i)b shakli orqali: o`qib turdi, aytib qoldi; 2) ravishdoshning -a/y shakli orqali: yura boshladi, so`ray qol; 3) juftlashish orqali: yozib oldim – yozdim-oldim, tugatib qo`yding – tugatding-qo`yding, to`xtab qoldi – to`xtadi-qoldi.
Bu uch vosita barcha yetakchi va ko`makchi fe’lni hosil qilavermaydi: yozdi-boshladi, ayta soldi ko`makchi fe’lli so`z qo`shilmasi me’yoriy emas. Me’yoriy: yoza/yozib boshladi, aytib soldi.
Hozirgi o`zbek adabiy tilida bitta ham sof ko`makchi fe’l yo`q. 30 dan ortiq (darsliklarda 25 ta, ba’zan 27 ta) mustaqil fe’l ko`makchi fe’l vazifasida kela oladi: ber(ver), bil, bit(bitir), bor, boshla, boq, bo`l, yet, yoz, yot, kel, ket, ko`r, ol, sol, tashla, tur, tush, chiq, yubor, yur, o`l, o`t, o`tir, qara, qol, qo`y;
25 ta ko`makchi fe’l (yoz va boshla so`zidan boshqasi) yetakchi fe’lga ravishdoshning -(i)b shakli yordamida birika oladi:
11 ta ko`makchi fe’l ravishdoshning -a/y (sol ko`makchi fe’li faqat -a ravishdosh shakli bilan: ayta solib) shakli bilan birika oladi:
Demak, 16 ta ko`makchi fe’l -a/y shaklidagi ravishdosh qo`shimchasini olgan yetakchi fe’l bilan ko`makchi fe’lli so`z qo`shilmasi hosil qilolmaydi, ya’ni faqat -b/ib qo`shimchasini olgan yetakchi fe’lga birikadi: bit (bitir), boq, bo`l, yet, yot, kel, tashla, tush, chiq, yubor, yur, o`l, o`t, o`tir, qara, qo`y.
9 ta ko`makchi fe’l ravishdoshning har ikkala shaklini olgan fe’lga birika oladi: ber (aytib ber, ayta ber), bil (yozib biladi (shevada), yoza biladi), bor (o`qib bordi, o`qiy bordi), ket (isib ketdi, gapira ketdi), ko`r (aytib ko`r, ayta ko`rma), ol (yozib ol, yoza ol), sol (to`kib soldi, kela solib), tur (o`qib tur, yoza tur), qol (tugab qoldi, ayta qol).
Ko`makchi fe’llar ko`pincha –(i)b shakli bilan boshqa, -a/y shakli bilan boshqa ma’no ifodalaydi: yozib oldi – yoza oldi, kelib qoldi – kela qoldi, aytib ko`r – ayta ko`rma, o`qib berdi – o`qiy berdi, qo`ng`iroq qilib tur – qo`ng`iroq qila tur. Ayrim holda ma’no mos keladi: og`irlashib bordi – og`irlasha bordi.
Ko`makchi fe’l ifodalaydigan ma’no:
Ko`makchi fe’lli so`z qo`shilmasi qisqargan holda ishlatilishi va qo`shib yozilishi mumkin: aytib yubor – aytvor, bora ber – boraver, unuta olmadi – unutolmadi.
Ko`makchi fe’lli so`z qo`shilmasida ko`makchi fe’l birdan ortiq bo`lishi mumkin: aytib berib tura qol, aytib bera olmay qoldi. Bunda keyingi ko`makchi fe’l uchun oldingi ko`makchi fe’lli so`z qo`shilmasi yetakchi fe’l bo`ladi: Aytib (yetakchi fe’l) ber (ko`makchi fe’l), aytib berib (yetakchi fe’l) tur (ko`makchi fe’l). Bu ko`makchi fe’lli so`z qo`shilmasi ichida ko`makchi fe’lli so`z qo`shilmasi.
Ko`makchi fe’lli so`z qo`shilmasi [fe’l+fe’l] tipidagi qo`shma fe’l va [ravishdosh+fe’l] tipidagi so`z birikmasiga o`xshaydi. Farqi:
1) ko`makchi fe’l olib tashlansa, yetakchi fe’l ma’nosi bir oz o`zgaradi: yozib bordi – yozdi, isib ketdi –isidi; qo`shma fe’ldagi yordamchi fe’l ma’noni butunlay o`zgartiradi: sotib ol – sot; ishlab chiqardi – ishladi;
2) so`z birikmasida birdan ortiq gap bo`lagi mavjud: quvonib (hol) so`zladi (kesim); ko`makchi fe’lli so`z qo`shilmasi bitta gap bo`lagi bo`lib keladi: o`ylab qoldi (kesim).
Ravishdosh shaklidagi ko`makchi fe’lli so`z qo`shilmasida nisbat va bo`lishsizlik ko`rsatkichi yetakchi va ko`makchi fe’lning birortasiga yoki har ikkalasiga qo`shilishi mumkin: to`xtatib qo`yishdi; aytib qo`yma, aytmay tur, aytmay turma; zamon, mayl, shaxs-son qo`shimchasi esa ko`makchi fe’lda bo`ladi. Ikkala fe’l bir shaklda juftlashsa, sanalgan qo`shimcha ikkalasida ham bo`lishi mumkin: tamomlashdi-qo`yishdi.
Harakat tarzining qo`shimcha bilan yasalgan ko`rinishlari. O`zbek tilida shunday shakllar borki, fe’llarga qo`shilib, harakatning bajarilish tarzi – kuchli yoki kuchsiz darajasini bildiradi. Bu shakllar tasniflovchi lug`aviy shakli hisoblanadi. Ular quyidagi:
1) harakatning kuchsiz darajasini bildiradi:
-msira/imsira: | yig`lamsira, kulimsira |
-qira/inqira: | ishonqira, oqarinqira, o`chinqira |
-sh/ish: | to`lish, qizish, oqarish, to`xtash (yuragi) |
-q/iq/k/ik: | tutaq, toliq, junjik, ko`nik |
2) harakatning kuchli darajasini bildiradi:
-la/ala: | quvla/quvala, ishqala, savala, siypala, cho`qila, chayqala, siltala, opichla |
-qi/g`i: | yulqi, sizg`i, to`zg`i, bijg`i |
-chi: | tipirchila, tepchi, terchila |
-a: | bur – bura, quvon – quvna, urin – urna |
-gila/kila/ qila/g`ila: | yugurgila, titkila, tepkila, chopqilla, turtkila, tortqila, ezg`ila, cho`zg`ila |
-ga/ka/qa: | surga, surka, chayqa |
KO`P MA’NOLILIK
Ko`p ma’nolilik – nutq jarayonida til birliklarining birdan ortiq ma’no bildirish hodisasi. Mas., kitob so`zi ko`p ma’noli so`z: 1) «varaqdan tashkil topgan va muqovalangan, bosma yoki qo`lyozma holidagi o`quv quroli»; 2) «katta hajmli asarning qismi, bo`limi”. Yoki qo`zichoq so`zi «qo`yning bolasi» va «aziz farzand» ma’nosiga ega. Ko`p ma’noli so`zlarda, qo`shimchalarda, iboralarda, tasviriy ifodalarda bo`lishi mumkin. (q. Ko`p ma’noli so`z, Ko`p ma’noli ibora, Ko`p ma’noli qo`shimcha.)
Bir ma’nolilik tilda kam va termin, biror soha, kasb-hunar atamasi, shuningdek, yangi paydo bo`lgan so`zga daxldor. Yangi so`z (neologizm) ham davr o`tishi bilan boshqa ma’no ham kasb eta boshlashi mumkin. Mas., hakker so`zi neologizm, «kompyuter programmasi buzuvchisi» ma’nosiga ega. U ayni paytda «umuman buzg`unchi» ma’nosini ham anglatmoqda. Ko`p ma’noli so`z metafora, metonimiya, vazifadoshlik, sinekdoxa usullari bilan hosil bo`ladi.
Ko`p ma’noli so`z. Nutq jarayonida birdan ortiq ma’no bildiradigan so`z ko`p ma’noli so`z. Tildagi so`zning ancha qismi ko`p ma’noli, chunki kishi o`zining kundalik hayotida yangi paydo bo`lgan tushunchaning har biri uchun alohidaalohida so`z qo`llayveradigan bo`lsa, uning soni o`ta ko`payib, xotirada saqlash mumkin bo`lmay qoladi. Natijada tildan foydalanish ham qiyinlashadi.
Har qaysi tilda sanoqli til birligining turli xil birikuvidan cheksiz tushuncha va fikrni ifodalashga harakat qilinadi. Ana shunday harakat tufayli tilda ilgari mavjud bo`lgan so`zga yangiyangi ma’no yuklanadi. Natijada ko`p ma’noli so`z hosil bo`ladi. Mas., tosh so`zi dastlab «suv ta’sir qilmaydigan qattiq yoki mo`rt holdagi tabiiy jins» ma’nosiga ega bo`lgan: Yo`lda tosh yotibdi. Keyinchalik so`zdagi «qattiqlik» ma’no qirrasi faollashib, “g`am ham yemira olmaydigan” ma’nosi vujudga kelgan: Tosh ekan boshim.
Nutq jarayonida ikki va undan ortiq ma’noda qo`llanuvchi so`z ko`p ma’noli yoki polisemantik so`z, ko`p ma’nolilik hodisasi esa polisemiya deyiladi. Polisemiya yunoncha poli «ko`p», semio «ma’no» so`zidan olingan, ko`p ma’noli demakdir. Polisemiya monosemiya (yunoncha mono bir, semio ma’no)ga zidlanadi.
Qo`shimcha (hissiy va uslubiy) ma’no so`zni ko`p ma’noli qila olmaydi. Chunki u o`zi alohida tushunchani ifodalamaydi, balki tushunchaga biror qo`shimcha ma’no orttiradi. Ko`p ma’nolilikka birinchi anglatgan tushuncha va tasavvurdan tashqari boshqasini anglatish asos qilib olinadi.
Ko`p ma’noli so`z qancha ma’noni bildirmasin, baribir o`sha predmet, hodisa, harakat orasida aloqa, umumiy belgi mavjud bo`lishi shart. Mas., bel so`zi uch predmetni anglatadi, ammo ular orasidagi o`xshashlikka asoslangan umumiy (“o`rta qism”) belgisi mavjudligi birbiri bilan bog`lab turadi. Qiyoslang: 1) Avazxon olmos po`latni beliga boylab, otning beliga mindi; 2) Ezilib ketadi tog`larning beli.
Ko`p ma’noli so`zda ma’no qancha bo`lsa ham, u bir so`z hisoblanaveradi. Ko`chma ma’no nutq tarkibida boshqa so`z bilan bog`langanda namoyon bo`ladi, so`z nutq tarkibidan chiqarilganda o`z ma’nosi qoladi. Mas., tosh so`zi nutq qurshovidan ajratib olinsa, «suv ta’sir qilmaydigan qattiq yoki mo`rt holdagi tabiiy jins» ma’nosini anglatadi.
Har qanday ko`p ma’noli so`z gapning ichida faqat bir ma’noni anglatadi. Chunki bunda so`zlovchi bir ma’noni nazarda tutadi va gapdagi qo`shni so`z ham boshqa ma’noni yuzaga chiqarmaydi.
Ko`p ma’noli ibora. Ko`p ma’noli ibora birdan ortiq ma’noga ega. Mas., Bosh ko`tarmoq: 1) «sekin sog`aymoq»; 2) «sekin qaramoq»; 3) «qo`zg`olon qilmoq»; o`ziga kelmoq: 1) «sekinlik bilan tushunmoq»; 2) «sekinlik bilan sog`aymoq»; ko`zi ochildi: 1) «qoqilib tushdi»; 2) «ko`rdi».
Ko`p ma’noli iboraning qaysi ma’nosi voqelanayotganligi matndan anglashiladi.
Ko`p ma’noli qo`shimcha. Ko`p ma’noli qo`shimcha birdan ortiq ma’no anglatadi. Mas., –chilik qo`shimchasini olaylik. Darslik va qo`llanmada uning quyidagi uch ma’nosi farqlanadi: 1. Asosdan anglashilgan narsa yetishtiriladigan sohani ifodalovchi ot: paxtachilik, urug`chilik, chorvachilik, uzumchilik. 2. Asosdan anglashilgan narsa-hodisaning borlik holatini bildiruvchi ot: pishiqchilik, mo`lchilik, arzonchilik. 3. Asosdan anglashilgan tushuncha bilan bog`liq bo`lgan ishni bildiruvchi ot: ulfatchilik, tirikchilik, dushmanchilik. Aksariyat qo`shimcha – ko`p ma’noli. Tilda qo`shimchaning kamligi uning ko`p ma’noli bo`lishiga olib kelgan.
Ko`p ma’noli qo`shimchaga misol:
Qo`shimcha | Misol |
-li | aqlli (mavjudlik), yog`li (ortiqlik), o`tirishli (moslik) |
-ma | qovurma (harakat natijasi), burama ( odatdagi xususiyat) |
-la | moyla (ega bo`ldirish), randala (vosita bilan), bolala (paydo qilish) |
-chilik | paxtachilik (soha), to`kinchilik (mavjudlik), tirikchilik (holat) |
-dor | Aybdor (mavjudlik), bo`ydor (ortiqlik) |
-no | noumid (ega emaslik), nomard (qarama-qarshilik) |
-be | beg`ubor (yo`qlik), beg`am (kamlik) |
-siz | Asossiz (ega emaslik), madorsiz (kamlik) |
-lik | otalik (qarindoshlik), bolalik (holat), mudirlik (kasb-hunar) |
KO`CHIRISH QOIDASI
Ko`chirish qoidasi – 1995- yil 24- avgustda qabul qilingan “O`zbek tilining asosiy imlo qoidalari”ning 75–82- paragraflarini o`z ichiga oluvchi ko`chirish to`g`risidagi imlo qoidasi to`plami.
Ko`chirish qoidasi quyidagilarni o`z ichiga oladi: 1. Ko`p bo`g`inli so`zning oldingi satrga sig`may qolgan qismi keyingi satrga bo`g`inlab ko`chiriladi: to`q-son, si-fatli, sifat-li, pax-takor, paxta-kor kabi. Tutuq belgisi oldingi bo`g`inda qoldiriladi: va’-da, ma’-rifat, mash’-al, in’-om kabi. 2. So`zning bosh yoki oxirgi bo`g`ini bir harfdan iborat bo`lsa, quyidagicha ko`chiriladi: 1) so`z boshidagi bir harfdan iborat bo`g`in yolg`iz o`zi oldingi satrda qoldirilmaydi: a-badiy emas, aba-diy, e-shikdan emas, eshik-dan kabi; 2) so`z oxiridagi bir harfdan iborat bo`g`in yolg`iz o`zi keyingi satrga ko`chirilmaydi: mudofa-a emas, mudo-faa, matba-a emas, mat-baa kabi. 3. O`zlashma so`zning bo`g`ini chegarasida kelgan ikki yoki undan ortiq undosh quyidagicha ko`chiriladi: 1) ikki undosh kelsa, ular keyingi satrga birgalikda ko`chiriladi: dia-gramma, mono-grafiya kabi; 2) uch undosh kelsa, birinchi undosh oldingi satrda qoldirilib, qolgan ikki undosh keyingi satrga ko`chiriladi: silin-drik kabi. 4. Bir tovushni ko`rsatuvchi harflar birikmasi (sh, ch, ng) birgalikda ko`chiriladi: pe-shayvon, pe-shona, mai-shat, pi-choq, bi-chiqchi, si-ngil, de-ngiz kabi. 5. Bosh harfdan yoki bo`g`inga teng qism va bosh harfdan iborat qisqartma, shuningdek, ko`p xonali raqam satrdan satrga bo`lib ko`chirilmaydi: AQSH, BMT, O`zMU, 16, 245, 1994, XIX kabi. 6. Harfdan iborat shartli belgi o`zi tegishli raqamdan ajratib ko`chirilmaydi: 5-„A” sinf, V „B” guruhi, 110 gr, 15 ga, 105 m, 25 sm, 90 mm kabi. 7. Atoqli ot tarkibiga kiradigan raqam nomi ajratilgan holda keyingi satrga ko`chirilmaydi: „Navro`z–92” (festival), „O`qituvchi–91” (ko`rik-tanlov), „Andijon–9”, „Termiz–16” (g`o`za navi), „Boing–767” (samolyot), „Foton–774” (televizor) kabi. 8. A.J.Jabborov, A.D.Abduvaliyev kabilarda ism va ota ismining birinchi harfiga teng qisqartma familiyadan ajratib ko`chirilmaydi. Shuningdek, v.b. (va boshqalar), sh.k. (shu kabilar) singari harfiy qisqartma ham oldingi so`zdan ajratib ko`chirilmaydi.
KO`CHMA MA’NO
Ko`chma ma’no so`zning o`z ma’nosidan tashqari, o`xshatish, mubolag`a, kinoya asosida boshqa ma’noda qo`llanishi natijasida hosil bo`ladi: ko`z – 1) «yog`ochning qavariq joyi»; 2) «uzukning yaltiroq dumaloq qismi»; to`qimoq – «yo`q narsani o`ylab chiqarmoq» kabi. Ko`chma ma’no ham o`z ma’no kabi har xil manbada turlicha atalgan: yasama ma’no, hosila ma’no, erkin ma’no va hokazo.
Ko`chma ma’no gap tarkibidagi boshqa so`z yordamida anglashiladi. Mas., U bu gaplarni o`zi to`qigan jumlasidagi to`qimoq so`zining «o`ylab chiqarmoq» ma’nosi undagi gaplarni so`zi yordamida anglashiladi. Derazaning ko`zi sindi gapidagi ko`z so`zining «shisha» ma’nosi deraza va sindi so`zi yordamida yuzaga chiqmoqda. Bir so`zda o`nlab ko`chma ma’no bo`lishi mumkin. So`zning ko`chma ma’nosi faqat matn orqali, gapning ichidagina aniqlanadi. Aytilganidek, o`z va ko`chma ma’no deganda qo`shimcha ma’noni tushunmaslik kerak. Bir so`zning o`z va ko`chma ma’nosining yana alohidaalohida qo`shimcha ma’nosi ham bo`lishi mumkin. Mas., yuqorida aytib o`tilgan to`qimoq so`zining o`z ma’nosida (gazmol to`qimoq) qo`shimcha ma’no yo`q, lekin ko`chma ma’nosida esa salbiy ma’no borligini anglash qiyin emas. So`zning ko`chma ma’nosi – til taraqqiyoti mahsuli. Har qanday so`z vaqt o`tishi bilan ko`chma ma’noli bo`lib keta oladimi? Ko`chma ma’no qanday hosil bo`ladi? Borliqdagi narsahodisa, belgixususiyat, harakatholatning nomi ma’lum bir asosga ko`ra boshqa narsahodisa, belgixususiyat, harakatholatning nomi sifatida ham qo`llanadi. Bunday vaqtda bitta so`z bir necha narsahodisa, belgixususiyat, harakatholatning nomi sifatida xizmat qiladi. Mas., burun so`zi «tirik organizmning yuz qismida bo`rtib chiqqan nafas olish a’zosi» ma’nosini ifodalash bilan birga «Yerning dengiz yoki okean tomon bo`rtib chiqqan qismi» ma’nosini ham ifodalaydi. Bunda narsa orasidagi tashqi o`xshashlik (yuzdan bo`rtib chiqqan burun bilan yer qirg`og`ining dengiz yoki okeanga qarab bo`rtib chiqishi o`rtasidagi o`xshashlik) birining nomini ikkinchisi o`rnida qo`llashga asos bo`lgan.
Lahja – birbiriga yaqin bo`lgan sheva yig`indisi lahja deb yuritiladi. O`zbek umumxalq tili tarkibida uchta lahja mavjud: 1) qarluq lahjasi (janubisharqiy guruh); 2) qipchoq lahjasi (janubig`arbiy guruh); 3) o`g`iz lahjasi (shimolig`arbiy guruh).
“LATOFATNOMA”
«Latofatnoma» – XIV asrning ikkinchi yarmi va XV asrning birinchi choragida yashab ijod etgan Xo`jandiy qalamiga mansub va eski o`zbek tilining nodir namunasi. Shu davrda Xorazmda hukmronlik qilgan Temurning avlodlaridan biri Sulton Mahmudga bag`ishlangan. Xorazmiyning “Muhabbatnoma”sidan farqli ravishda, har bir nomadan so`ng g`azal keltirilmaydi, fard, qit’a va munojotlar ham yo`q. “Latofatnoma” masnaviy shaklida yozilgan. Bizgacha 4 nusxasi yetib kelgan. Ikkitasi Kobul kutubxonasi muzeyida, bir nusxasi Istanbulda, biri esa Britaniya muzeyida saqlanadi. 488- yilda ko`chirilgan qo`lyozma 313 baytdan iborat. Asar 1980- yilda E.Fozilov tomonidan nashr etilgan. “Muborak maktublar” majmuasiga kiritilgan.
Leksema – so`zning gap tarkibidan tashqaridagi, grammatik qo`shimchasiz, alohida olingan ko`rinishi. Mas., kitob, o`qi, qizil, bir, ko`p, holbuki. Bular gap tarkibiga kirsa, so`zga aylanadi: 1.Kitob qiziqarli ekan. 2.O`qib chiqmoq bo`ldi odatim. 3.Bir gapirib o`n kuladi. 4.Holbuki, orzulardan judo ham bo`lganim yo`q. Leksemaning har bir so`z birikmasi, gap tarkibidagi ko`rinishi alohida so`z. Mas., tilimizda bitta kitob leksemasi bor. Lekin uning har bir so`z birikmasi yoki gapdagi ko`rinishi alohida so`z. Shuning uchun tilda leksema sanoqli, so`zning miqdori esa cheksiz.
Lug`at leksemani tavsiflaydi, so`zni emas. Aks holda kitobni, o`qidim, qizilroq so`zi ham lug`atda berilgan bo`lur edi.
Leksika – (yun. lexis – so`zga oid, lug`aviy) tilshunoslikning tildagi so`z va ibora jami. Shuningdek, lug`at tarkibi – o`z va o`zlashgan qatlam, faol va nofaol so`z, so`zning qo`llanish davri va doirasiga ko`ra turini o`rganuvchi sohasi. Leksika ma’lum qonun-qoidaga bo`ysunuvchi izchil va murakkab tizim.
Leksika lug`at tarkibida yangi so`zning paydo bo`lishi, ayrim so`zning davr o`tishi bilan eskirib, iste’moldan chiqishi, ma’no taraqqiyoti natijasida leksik ma’no o`zgarishi kabi sabab bilan bog`liq ravishda to`xtovsiz o`zgarib turadi. Leksika jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy tuzumning o`zgarishi bilan uzviy bog`liq holda boyib boradi. O`zbek tili leksikasida o`z va o`zlashma qatlam, shuningdek, o`z qatlam tarkibida umumturkiy so`z va ulardan yasalgan o`zbekcha so`z mavjud. O`zlashma qatlamning katta qismini forscha, arabcha, ruscha so`z tashkil qiladi.
O`zbek tili leksikasi turli jihatlariga ko`ra tasnif qilinadi. Mas., zamonaviyligiga (zamonaviy, eskirgan va yangi so`z), qo`llanilishiga (ishlatilish doirasi chegaralanmagan va chegaralangan so`z), kelib chiqishiga (o`z va o`zlashma so`z), shakl va ma’no munosabatiga (shakldosh, ma’nodosh, zid ma’noli, talaffuzdosh, uyadosh) ko`ra tasniflar bunga dalil.
Leksika termini tor ma’noda biror muallif yoki asarda ishlatilgan so`zlarning jamiga nisbatan ham ishlatiladi: Navoiy leksikasi, «O`tgan kunlar» leksikasi.
LEKSIKOGRAFIYA
Leksikografiya, ya’ni lug`atshunoslik lug`at va uning turi, turli lug`at yaratishning nazariy masalasini o`rganadi.
Lug`atshunoslik. Lug`atshunoslik – lug`at tuzishning nazariy va amaliy masalalari bilan shug`ullanuvchi tilshunoslk sohasi. O`zbek lug`atshunosligi katta yutuqlarni qo`lga kiritdi. Ko`p tomli «O`zbekiston ensiklopediyasi», ikki va besh tomli «O`zbek tilining izohli lug`ati», o`zbek tili frazeologiyasi, terminologiyasi, kasb-hunar leksikasi, Navoiy asarlari tilining lug`ati va boshqa sohalar bo`yicha ham qator lug`atlar yuzaga keldi. «O`zbek tilining morfem lug`ati» yangi tipdagi lug`at sifatida yaratildi. O`zbek lug`atchiligining rivojlanishida, ayniqsa, A.K.Borovkov, K.K.Yudaxin, V.V.Reshetov, O.Usmonov, R.Doniyorov, Z.Ma’rufov, Sh.Rahmatullayev, S.Akobirov, G.Mixaylov kabi olimlarning xizmati katta bo`ldi. Bugungi kunda maktab o`quvchilari uchun “Ona tili” darsligiga yordamchi manba sifatida yaratilib, “Yangi asr avlodi” nashriyotida chop etilayotgan “O`zbek tilining ma’nodosh so`zlar o`quv izohli lug`ati”, “O`zbek tilining zid ma’noli so`zlar o`quv izohli lug`ati”, “O`zbek tilining so`zlar darajalanishi o`quv lug`ati”, “O`zbek tilining so`z tarkibi o`quv lug`ati”, “O`zbek tilining so`z yasalishi o`quv lug`ati”, “O`zbek tilining o`zlashma so`zlar o`quv izohli lug`ati”, “O`zbek tilining so`zlar birikuvchanligi o`quv lug`ati”, “O`zbek tilining eskirgan so`zlar o`quv izohli lug`ati”, “O`zbek tili iboralarining o`quv izohli lug`ati”, “O`zbek tilining o`quv etimologik lug`ati”, “O`zbek tilining o`quv toponimik lug`ati”, “O`zbek tilining talaffuzdosh so`zlar o`quv izohli lug`ati” kabi o`nlab o`quv lug`ati ham o`zbek lug`atchiligi yutug`i.
LEKSIKOLOGIYA
Leksikologiya (yunoncha lexis – so`z, logos – ta’limot) «so`z haqida so`z», «so`z haqida ta’limot» demakdir. So`zning lug`aviy ma’nosi, lug`aviy ma’no turi, so`zning shakl va ma’no munosabati, lug`at tarkibidagi faol va nofaol so`z, tarixiy jihatdan o`zbek tili leksikasi, so`zning hissiy va uslubiy xususiyati kabini o`rganadi. So`zda qanday lug`aviy ma’no munosabati bo`lsa, barchasini leksikologiya tekshiradi. Anglashiladiki, leksikologiya – tilning so`z boyligi, lug`at tarkibi, so`zning lug`aviy ma’nosi, so`z ma’nosining o`zgarishi, ya’ni kengayishi, torayishi va ko`chishi, so`zning shakli va ma’no munosabati, qo`llanish davri va doirasiga ko`ra turini o`rganuvchi va o`rgatuvchi soha. Leksikologiya semasiologiya, frazeologiya, etimologiya, leksika kabi sohani o`z ichiga oladi. 1. Semasiologiya so`zni ma’no jihatdan o`rganadi. Unda so`zning ma’no turi, lug`aviy va grammatik ma’no, bir ma’nolilik va ko`p ma’nolilik, o`z va ko`chma ma’no kabilar tadqiq qilinadi. 2. Frazeologiya ibora va uning ma’no tarkibi, turi kabilar bilan shug`ullanadi. 3. Etimologiya so`zning kelib chiqishi masalasi bilan mashg`ul bo`ladi. Yasama, qo`shma va xorijiy tildan o`zlashtirilgan so`z bilan ham qiziqadi. Etimologiya so`zning har ikki tomoni – ya’ni shakli va ma’nosini hisobga oladi. 4. Leksika tildagi so`zning lug`at tarkibini – o`z va o`zlashgan qatlam, faol va nofaol so`z, so`zning qo`llanish davri va doirasiga ko`ra turini o`rganadi. Bundan tashqari, leksikologiya onomasiologiya, toponimika, onomastika kabi bo`limni ham o`z ichiga oladi. Bu bilan ko`pincha tilshunoslik mutaxassisi shug`ullanadi. Leksikologiya tilshunoslikning boshqa bo`limlari bilan bevosita bog`langan. Tovush bo`lmasa, so`z bo`lmaydi. Bu leksikologiyaning fonetikaga aloqasini ko`rsatadi. So`z bo`lmasa, grammatikaning ham bo`lishi mumkin emas. Bu leksikologiya va morfologiya aloqasiga dalil. So`zni nutqda maqsadga muvofiq qo`llash nazarda tutilsa, leksikologiya uslubiyat bilan ham uzviy bog`lanadi. Demak, leksikologiya tilning barcha bo`limi bilan uzviy aloqador.
LOTIN YOZUVI
1926 yil 10 iyunda O`zbekiston Sovetlar Ijroiya Komiteti lotin alifbosiga o`tish to`g`risida Qaror qabul qildi. Qarorga asosan «Yangi o`zbek alifbosini joriy qilish qo`mitasi» tuzilib, unga Y.Oxunboboyev rais, A.Ikromov, F.Xo`jayev, Elbek, Majidiy, Fitrat va boshqalar a’zo bo`ldi. O`zbekiston Markaziy Ijroiya Komitetining 1928 yil mart oyidagi III sessiyasi lotin alifbosini joriy qilishni ko`rib chiqib, uni davlat alifbosi deb qaror qabul qildi. Sobiq Sho`ro Markaziy Ijroiya Komiteti Prezidiumi bu Qarorni 1929 yil 7 avgust kuni maxsus qarori bilan ma’qulladi. 1929 yil may oyida o`tkazilgan imlo qurultoyida 9 unli shakli olingan bo`lsa-da, 1934 yil mart oyida o`tkazilgan imlo qurultoyi 6 unlining harf shaklini belgiladi. 1993 yil 2 sentabrda bo`lib o`tgan Respublika Oliy Kengashi «Lotin yozuviga asoslangan o`zbek alifbosini joriy qilish to`g`risida» qaror qabul qildi. 1995 yil 6–7– mayda Oliy Kengash bu alifboga ma’lum o`zgarish kiritdi va shu yil 24- avgustda «O`zbek tilining asosiy imlo qoidalarini tasdiqlash» haqidagi O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga Respublika Prezidenti imzo chekdi. 1996–1997 o`quv yilidan maktabning 1sinfi yangi alifboni o`rgana boshladi. Yangi o`zbek alifbosiga o`tish 2005 yil 1 sentabrda tugallanishi ko`rsatilgan. Keyinchalik bu 2010- yilgacha uzaytirildi. O`zbekiston Respublikasining rus (kirillitsa) alifbosidan lotin alifbosiga asoslangan o`zbek alifbosiga o`tishida dunyo fani va texnikasiga yaqinlashish, o`zbek tilining nozik xususiyatini to`laroq ifodalash asosiy maqsad qilib qo`yildi.
MAHMUD AZ-ZAMAXSHARIY
Tilshunos, adib, tafsir va hadis olimi Mahmud az-Zamaxshariy – (Abulqosim Mahmud ibn Umar ibn Ahmad) 1075- yil 18- martda Xorazmdagi Zamaxshar qishlog`ida dindor dunyoqarashli oilada tug`ilgan. Yoshligida ilm-fanning turli sohalari, arab tili va xattotlikni mukammal egallagan. Ustozi – til, lug`at va adabiyot sohasida mashhur Abu Madar Isfahoniy. Ilmini oshirish maqsadida Buxoroga borib, u yerda shayxulislom Abumansur Nasr Xorisiy, Abu Sa’d Shaqqoniy va Abdulxattob ibn Abulbatrdan saboq oladi. Ma’lum muddat Xorazmshohlar xizmatida bo`lib, so`ngra Marv, Nishopur, Isfahon, Damashq, Bog`dod va Hijozda, 2 marta Makkada bo`ladi. Bu yerda arab tili grammatikasi, lahjalari, maqol va urf-odatlari, geografiyasinini o`rganadi. Asarlarini Makkada yozganligi tufayli u Jorulloh (“Allohning qo`shnisi”) degan sharafli nisbaga muyassar bo`lgan.
Zamaxshariy arab grammatikasi, lug`atshunoslik, adabiyot, aruz ilmi, geografiya, tafsir, hadis va fiqhga oid 50 dan ortiq asar yozgan. Ularning aksariyati bizgacha yetib kelgan. “Al-Mufassal” kitobi (“Grammatika bo`yicha mufassal kitob” (1121) asari arab tili nahvu-sarfini o`rganishda yirik qo`llanma sifatida azaldan Sharqda ham, G`arbda ham shuhrat topgan. Uning ixcham varianti “Al-Un-muzaj” (“Namuna”) nomi bilan ataladi. “Sibavayh kitobiga sharh” asari – mukammal manba. Otsiz Xorazmshohga bag`ishlangan “Muqaddimat ul-adab” (“Adab ilmiga muqaddima”, 1137) asaridagi arabcha so`zlar ostida forsiy va turkiy tarjimalarning berilishi o`zbek tarixiy leksikologiyasi uchun qimmatli. Asar 5 ta katta qismga bo`lingan – ot, fe’l, bog`lovchi, ot o`zgarishi, fe’l o`zgarishi. Asarda o`sha davr arab tilidagi barcha so`zni qamrab olishga harakat qilingan. “Muqaddimat ul-adab” 1706- yilda Xo`ja Ishoq afandi tomonidan usmonli turk tiliga tarjima qilingan.
“Kitob-al-jibol val-amkina val-miyoh” (“tog`lar, joylar va suvlar haqida kitob”) asarida qimmatli geografik ma’lumotlar berilgan. “Asos ul-balog`a” asarida notiqlik san’ati haqida so`z boradi.
Qur’on tafsiriga bag`ishlangan “Al-Kashshof” asari islom olamida mashhur.
Zamaxshariy ijodi A.Z.Validiy, Muhammad Kozimbek, A.Rustamov,U.Tursunov, U.Uvatov, Z.Islomov, M.Hakimjonov kabilar tomonidan o`rganilgan.
1144- yilda hozirgi Ko`hna Ugranchda vafot etgan.
MAHMUD KOSHG`ARIY
Mahmud Koshg`ariy (XI asr) (to`liq ismi Mahmud Ibn-ul Husayn ibn Muhammad-al-Koshg`ariy) – qiyosiy-tarixiy tilshunoslikning otasi, fonetist-fonolog, leksikolog, leksikograf, lingvogeograf, turkiy tillar sarf va nahv ilmining asoschisi. Uni haqli ravishda turkiyshunoslik fanining asoschisi deb aytish mumkin. Koshg`ariyning «Devonu lug`atit-turk» (1076–77) asari nafaqat o`sha davr uchun, bugungi turkologiya fani uchun ham o`z qimmatini yo`qotmagan qomusiy asar. Asar davr an’anasiga muvofiq arab tilida yozilgan. Bizgacha birgina qo`lyoma nusxasi yetib kelgan. U muallif o`z qo`li bilan yozgan nusxasidan kotib Abu Bakr Damashqiy tomonidan ko`chirilgan. Istambulda saqlanadi. 1960–63- yillarda S.Mutallibov tomonidan o`zbek tiliga tarjima qilinib, uch tomda nashr qilingan.
MAHMUDOV NIZOMIDDIN
Nizomiddin Mahmudov 1951- yil Farg`ona viloyatida tavallud topgan, filologiya fanlari doktori, professor. Hozirgi o`zbek tilshunosligining sintaksis, leksikologiya, leksikografiya, sotsiolingvistika sohalari bo`yicha qator jiddiy tadqiqotlar yaratgan, ona tili bo`yicha darsliklar e’lon qilgan yirik va sermahsul olim.
«O`zbek tilidagi sodda gaplarda semantik va sintaktik asimmetriya» (1984), «Yozuv tarixidan qisqacha lug`at – ma’lumotnoma» (1990), «Til va ma’naviyat» (hamkor, 1992), «O`zbek tilining mazmuniy sintaksisi» (hamkor, 1992), «Turkcha – o`zbekcha, o`zbekcha – turkcha lug`at» (hamkor, 1993), «O`zbek tilining nazariy grammatikasi. Sintaksis» (hamkor, 1995), «Til» (1998), «O`zimiz va so`zimiz» (1997), «Ma’rifat manzillarida» (2000), «O`zbek tilida ish yuritish» (hamkor, 2003), «Ona tili» (hamkor, 2004) kabi qator darslik va qo`llanmalar muallifi.
MALAY-POLINEZ TILLARI OILASI
Mazkur tillar oilasi ana’anaga ko`ra 4 guruhga bo`linadi: indonez, polinez, melonez va mikronez tillari. Mazkur tillar o`zagini malay, polinez tillari tashkil qiladi. Malay-polinez tillari oilasi avstronez tillari ham deb yuritiladi. Hozirgi tasniflarda Tayvan avstronez tillari qolgan avstronez tillariga qarama-qarshi qo`yiladi. Ulardan Okeaniya (sharqiy avstronez) shoxobchasi ajralib turadi.
Maqol – grammatik jihatdan gap holida shakllangan, xalq donishmandligi mahsuli bo`lgan barqaror birikma. To`g`ri o`zadi, egri ozadi. Ko`ngli qoraning yuzi qora. Maqollar yaxlit holda yashaydi va xalqning ma’naviy boyligi hisoblanadi. Maqolning aksariyati qo`shma gap shaklli bo`ladi: 1. O`zga yurtda shoh bo`lguncha, o`z yurtingda gado bo`l. 2. Bekorchining beti yo`q, qozon osar eti yo`q. 3. Bodom po`sti bilan, odam do`sti bilan. 4. Kamtar bo`lsang osh ko`p, manman bo`lsang, tosh ko`p. Sodda gap tipidagi maqol ham tilda ancha: 1. Bir tariqdan bo`tqa bo`lmas. 2. Arg`amchiga qil quvvat. 3. Beli og`rimaganning non yeyishini ko`r. To`liqsiz gap shaklli maqol ham ko`p uchraydi: 1. Arslon izidan qaytmas, yigit so`zidan (qaytmas). 2. Oltin o`tda bilinadi, odam mehnatda (bilinadi). Maqol tugal fikr bildirishi, ibora bir so`zga teng tushuncha anglatishi, matal esa ergash gapli qo`shma gap tarkibidagi sodda gapdek «chala» fikr ifodalashi bilan o`zaro farqlanadi. Mazmuni obrazli va ko`chma xarakterda bo`lishi bilan o`xshash.
Matal – barqaror birikma turi, to`g`ri ma’no ifodalamaydigan obrazli ifoda, tugal shaklga ega bo`lmagan hikmatli birikma. Mas., qizil qor yoqqanda, tuyaning dumi yerga yetganda, dumi xurjunda, ali desa vali deydi, berdisini aytguncha kabi. Matalga boshqa bir gap qo`shilishi bilan fikr to`liq ifodalanadi. Mas., Berdisini aytguncha jim tur. Tuyaning dumi yerga yetganda qarzini to`laydi kabi.
MAXSUS ENSIKLOPEDIK LUG`AT
Maxsus ensiklopedik lug`at – fan-texnika, san’at va madaniyatning ma’lum bir sohasiga oid tushunchalarni shu soha qiziquvchilari va mutaxassislari uchun mo`ljallab tavsiflaydi. Bunday lug`atlar sifatida soha ensiklopedik lug`atlari – «Meditsina ensiklopediyasi», «Физический энциклопедический словарь», «Лингвистический энциклопедический словарь» va qo`lingizdagi lug`atni misol qilish mumkin. Umumiy ensiklopedik lug`atdan farqli ravishda maxsus ensiklopedik lug`atlar tor sohaga doir tushunchani keng va batafsil sharhlaydi. Mas., rus tilida yaratilgan «Лингвистический энциклопедический словарь »da shunday deyiladi: «Bu lug`at turli ixtisosliklardagi filolog-tilshunoslar va ilmiy xodimlarning keng doirasiga, shuningdek, tilshunoslik bilan yaqin bo`lgan soha – psixologiya, mantiq, falsafa, etnografiya va adabiyotshunoslik sohalari mutaxassislariga mo`ljallangan.
MAXSUS FILOLOGIK LUG`AT
Похожие:
Документы 1. /Ona tili va adabiyot/ona tili.pdf |
Документы 1. /ONA TILI/1168 ONA TILI.pdf |
Xonqa tumanidagi 34-sonli umumiy o`rta ta`lim maktabining ona tili va adabiyoti fani o’qituvchisi Soolayeva Bekposhshaning 9-sinfda ona tili fanidan 1 soatlik | Xonqa tumanidagi 34-sonli umumiy o`rta ta`lim maktabining ona tili va adabiyoti fani o’qituvchisi Soolayeva Bekposhshaning 9-sinfda ona tili fanidan 1 soatlik |
Документы 1. /Uzbek tili/Ona tili va adabiyoti Variant.doc 2. /Uzbek. |
Ona-tili-9 |
Ona tili | 8- sinf ona tili va adabiyoti |
4- sinf. Ona tili. Mavzular. I-chorak | Reja ona tili darslariga qo’yiladigan talablar |
6-sinf uchun ona tili va adabiyot fanlaridan testlar |
Arab tili sarf darslik
Arab Tili Sarf Fani 22 Dars
Моя Любовь Алена Чукаленко
Suite Pour Le Luth In A Major I Entrée Walter Gerwig
Feathers Of Ark Fine
Roscoe Sushii Whywouldihopeinsomebeef Official Dance Video
Sagopa Kajmer Unut Dedi Hatıram
Lovely Shahrukh Khan
I Want It That Way Backstreet Boys Sax Cover Joel Ferreira Sax
Sonic Exe Кадиллак Песня
Dj Ricardo Morra
Elton Aura Blood Sweat Tears
Как Приручить Гаста Изменить Его Внешний Вид И Одеть В Одежду В
Папа Расскажи Мне Сказку
Stay With Me Diamond Eyes Christina Grimmie
Я Скучаю За Вами Родные Мои
Красивое Чтение Сура Ясин
Хватит Летать Такер Roman
Припев Припев Припев I M So Lucky
Музыка Для Тренировки
Carmen Costa Keep Breathing
მაგარი სიმღერა შენმა სიშორემ ძლიერ დამდაგა როცა მოვკვდები ერთი თხოვნა მაქვს
Graffiti 90S Oldschool Type Beat Underground Hip Hop Boom Bap Type
God Of This City Creation
More Than A Night Tribal Remix Miss Brown Helmut Kraft
Qiziqarli malumotlar
Arab Tili Sarf Fani 22 Dars