AQSH O‘zbekistondagi 10 mingta maktabni ingliz tili darsliklari bilan ta’minlaydi
AQSH davlat kotibi Entoni Blinken ishtirokida 1 mart kuni xorijiy va mahalliy OAV ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Diplomatning ta’kidlashicha, AQSH O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlikda 15 ming nafar ingliz o‘qituvchini malakasini oshirishga va 10 mingta maktabni ingliz tili darsliklari bilan ta’minlashga kirishgan. “O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan keyin boshlangan va keyingi yillarda yanada kengayib bormoqda. Bu yerdagi barcha aloqalarni mustahkamlashga intilish hissini sezdim. Bu hamkorlik mamlakat yoshlariga e’tibordan boshlanadi. Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘tgan yil davomida 25 mln dollar sarmoya kiritdi. Bugun men o‘zbekistonlik yosh o‘quvchilarni ingliz tili o‘rganayotgan darsida ishtirok etdim. Bu shunchaki ingliz tilini o‘rganish emas, balki o‘zbekistonliklarning yosh avlodini ish o‘rinlari bilan raqobatga tayyorlash, mintaqa bo‘ylab ingliz tilida so‘zlashuvchilar bilan aloqa o‘rnatish, Qo‘shma Shtatlarda akademik liderlik almashinuv dasturlari eshiklarini ochishdir”, — deydi Entoni Blinken.
Oʻzbekiston taʼlim tizimi – tajriba uchun boqilayotgan quyon. mi? MMTVga murojaat
2023-yilga mo’ljallangan Davlat dasturi to’g’risidagi farmonning ta’lim tizimiga tegishli ayrim bandlarini tahlil qilamiz. Bu bandlar ta’lim tizimini “ilg‘or xorijiy tajriba asosida isloh qilish” harakatlarining qay darajada tizimli ekanligi bo’yicha bir qator savollar uyg’otadi.
“8. Ta’lim sifatini oshirish, sohani ilg‘or xorijiy tajriba asosida isloh qilish maqsadida:
a) 2023 yil 1 sentyabrdan boshlab har bir tuman (shahar)ning bittadan umumiy o‘rta ta’lim muassasasida o‘quvchilarni ikkita xorijiy til va bitta kasb-hunarga o‘rgatish amaliyoti bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilsin”
E’tibor bersangiz, chinovniklarimiz “ilg‘or xorijiy tajriba” degan jumlani yaxshi ko’rishadi. Ta’lim sohasiga oid qaysi hujjat – davlat dasturi, konsepsiya, qaror, farmonni olib qaramang, shu jumlani uchratasiz. “Ilg‘or xorijiy tajriba” deganda o’zi nimani tushunyapmiz? (Masalan, o’tgan yili maktablarga “fin tajribasi”ni joriy qilish haqida qanchalik ko’p gapirgan bo’lsak, shunchalik tez uni unutdik.) Aniq maqsadimiz nima, borar manzilimiz qayer? Bu maqsadga erishish uchun, manzilning qancha qismini bosib o’tdik va qanchasi qoldi? Yoki O’zbekiston ta’lim tizimining peshonasiga muttasil “ilg‘or xorijiy tajriba” asosida isloh qilinish yozilganmi?
O’quvchilarga ikkita xorijiy til o’rgatish. Tilni o’zi nima maqsadda o’qitmoqchimiz? Agar o’quvchi hech bo’lmaganda shu til muhitiga tushganda o’zini yo’qotib qo’ymasligi, til egalari bilan muloqotga kirisha olishi, shu til orqali o’zining kundalik ehtiyojlarini qondira olishi va o’ziga kerakli ma’lumotlarni topib tushunishini istasak, demak, maktabni bitirayotgan o’quvchi CEFR bo’yicha hech bo’lmaganda B1 darajani egallashi kerak. Buning uchun esa, mutaxassislar fikricha, kamida 530-680 o’quv soati kerak. O’zbekiston o’quvchilarining o’quv yuklamalari boshqa davlatlarga nisbatan ko’pligi haqida yillar davomida bong urib kelinayotgan bir paytda, yana bitta qo’shimcha tilni o’rgatish uchun soatlar qayerdan olinadi?
Yana bir jihat. Maktablarda shundoq ham ona tilidan tashqari yana kamida ikkita til o’rgatilyapti: rus tili (u ham o’zbek bolasi uchun ona tili emas) va chet tili (ingliz, nemis, fransuz yoki boshqa). Bu tillar ustiga uchinchi til qo’shilishi qay darajada samarali natijalarga olib keladi?
Kasb-hunarga o’rgatish. Kasb-hunarga o’rgatish ham tizimli va vaqt talab qiladigan jarayon: tizim samarali ishlashi uchun maxsus o’quv dasturlari, kasbga o’rgatadiganlarning malakasiga qo’yiladigan talablar, bo’lajak ish muhiti bilan aloqa, kasbga o’rgatish tizimida sifat nazorati singari ko’p bir-biriga bog’liq masalalarni hal qilish kerak. Haftada bir kunni bo’shatib qo’yib, o’sha kuni o’quvchilarni ustaxonaga olib chiqish yoki darsdan charchab chiqqan o’quvchini to’garakda olib o’tirish bilan kasb-hunarga o’rgatib bo’lmaydi. Maktabning vazifasi ham “non pishirishni biladigan avlod” yetishtirish yoki “ikkita xorijiy tilni biladigan” “slesar, svarshik, tikuvchi” va hokazo kasb egalarini tayyorlash emas. “Ilg’or xorijiy tajriba” degan jumlani yaxshi ko’rar ekanmiz, qaysi “ilg’or xorijiy tajriba”da o’rta maktab tizimida kasb-hunarga o’rgatish samarali yo’lga qo’yilgan? Xalqaro tashkilotlar (masalan, OECD) kasb-hunar ta’limini tashkil qilish bo’yicha qanday tavsiyalar beradi va ularning qaysilarini bizning maktab sharoitida qo’llay olamiz?
Maktabda kasb-hunarga o’rgatadigan bo’lsak, nega “professional ta’lim tizimini ilg‘or xorijiy tajribalar asosida takomillashtirish, boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim bosqichlarini joriy qilish orqali mehnat bozori uchun malakali va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash maqsadida” kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlar tizimini joriy qildik, bu tizimni “YUNESKO tashkiloti tomonidan qabul qilingan Taʼlimning xalqaro standart tasniflagichi bilan uyg’unlashtirish”, “ilgʻor xorijiy tajribani oʻrgangan holda mutlaqo yangi professional taʼlim tizimini yoʻlga qoʻyish” haqida bong urdik?
Umuman, qaysidir bitta maktabda “ikkita xorijiy til va bitta kasb-hunarga o‘rgatishni yoʻlga qoʻyish” taklifining past-balandi ilmiy jihatdan tahlil qilindimi? Yoki har bir tuman (shahar)da bittadan tashkil qilinadigan bunday maktablar davlat rahbarining joylarga tashrifi paytida olib kirish uchun, “Potyomkin” uslubidagi “namunali-tomosha” maktabi (“образцово-показательная школа”) sifatida kerakmi? Bundan O’zbekiston ta’lim tizimi nimani yutadi-yu, nimani yutqazadi?
“b) 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab bosqichma-bosqich umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quvchilarni umuminsoniy va milliy qadriyatlar, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, shuningdek, ularda kommunikativ ko‘nikmalar, tanqidiy va kreativ fikrlash, jamoa bo‘lib ishlash, tadqiqotchilik kabi ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltirilgan ta’lim dasturlari amaliyotga kiritilsin.
umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 1-4-sinflarida o‘quvchilarni ilg‘or xorijiy tajriba asosida ishlab chiqilgan darsliklar bo‘yicha o‘qitish;
5-9-sinflarda o‘quvchilarga umumta’lim fanlaridan tayanch bilimlar berish;
10-11-sinf o‘quvchilarining qiziqish va qobiliyatiga mos bo‘lgan ixtisoslashgan dasturlar asosida bilim berish amaliyoti joriy qilinsin.”
2023/2024 o‘quv yilidan boshlab bosqichma-bosqich . ta’lim dasturlarini amaliyotga kiritish. Stop. Aniqlashtirib olaylik. Qaysi ta’lim dasturlari haqida gap ketmoqda?
2023-yilgi dastur, farmonning nomidan (“2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”) kelib chiqilsa, 2022-yilda tasdiqlangan “2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”ning bir qismi, to’g’rirog’i, shu umumiy strategiyani amalga oshirish maqsadida qabul qilngan, shundaymi? “2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”da esa “2026-yilga qadar o‘quv dasturlari va darsliklarni ilg‘or xorijiy tajriba asosida to‘la qayta ko‘rib chiqib, amalda joriy etish” maqsadida (42-maqsad) “Milliy o‘quv dasturiga asosan 2026-yilga qadar yangi darsliklar, mashq daftarlari, o‘qituvchi metodika kitoblari hamda mobil ilovalarni yaratish” vazifasi belgilangan. 2023-yil dasturida “ta’lim dasturlari” deganda Milliy o’quv dasturi nazarda tutilganmi?
Agar “ha” bo’lsa, “o‘quvchilarni umuminsoniy va milliy qadriyatlar, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, shuningdek, ularda kommunikativ ko‘nikmalar, tanqidiy va kreativ fikrlash, jamoa bo‘lib ishlash, tadqiqotchilik kabi ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltirilgan ta’lim dasturlari” degan balandparvoz va uzun jumlalar o’rniga oddiy va tushunarli qilib “Milliy o’quv dasturi” deyilsa bo’lmaydimi?
Agar “yo’q” bo’lsa, bu yangi dastur bo’ladimi? Soliq to’lovchilar va xalqaro donorlar puliga yaratilgan Milliy o’quv dasturi nima bo’ladi? (Milliy o’quv dasturi mohiyatan ta’lim standarti sifatida yaratilayotgan va 2017-yilda qabul qilingan, 2021-yilda bekor qilingan ta’lim standartlarining o’rnini egallashi kerak edi.) Qaysi “ilg’or xorijiy tajriba”da har ikki-uch yilda “bosqichma-bosqich” yangi ta’lim dasturlari joriy qilinganini ko’rgansiz? Oldin bitta ta’lim dasturini joriy qilishni oxirigacha yetkazib, uning baland-pasti, yutuq-kamchiliklarini tahlil qilib, keyin shu tahlillar asosida qaror qabul qilish kerak emasmi aslida?
1-4-sinflarda o‘quvchilarni ilg‘or xorijiy tajriba asosida ishlab chiqilgan darsliklar bo‘yicha o‘qitish. Yana o’sha savol. Qaysi darsliklar nazarda tutilmoqda? Milliy o’quv dasturi asosida davlat byudjeti va UNICEF ko’magida yaratilgan darsliklarmi? Bu darsliklarning 1-3 sinflarga mo’ljallanganlari yaratilgan va hozirda maktablarga ishlatilmoqda, 4-sinfga mo’ljallanganlari esa Prezident farmoniga ko’ra shu yil yaratilishi kerak edi. AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) mablag’lari evaziga yaratilgan darsliklar, shuningdek, Prezident Administratsiyasi rahbari o’rinbosari Komil Allamjonov puliga yaratilgan darsliklar ham bor. Bularning barchasi, bayonotlarga ko‘ra, xalqaro tajribaga asoslangan. Bu darsliklarning keyingi taqdiri nima bo’lishi haqidagi ilgari berilgan savollarning birontasiga 2023-yil dasturi aniqlik kiritmaydi.
2023-yil Davlat dasturining o’zida (farmon ilovasida) 42-maqsad “2026-yilga qadar o’quv dasturlari va darsliklarni ilg’or xorijiy tajriba asosida to’la qayta ko’rib chiqib, amalda joriy etish” tarzida berilgan, ya’ni, “Milliy o’quv dasturi” jumlasi ishlatilmagan. Bu Milliy o’quv dasturi va u asosidagi darsliklardan voz kechilishini bildiradimi? Agar “ha” bo’lsa, qaysi sabablarga ko’ra? Shu paytgacha yaratilgan 1-3, 6, 7, 10 sinflar darsliklari nima bo’ladi? Bu “2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”ga zid emasmi? Agar “yo’q” bo’lsa, 42-maqsadning bu tarzda berilishi nimani anglatadi?
2023-yilga mo’ljallangan Davlat dasturi, 42-maqsad.
Solishtirish uchun: “2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”, 42-maqsad.
Yana bir muhim jihat. Milliy o’quv dasturini yaratishda, u asosidagi darsliklarni, “O‘zbekistonda barkamollik uchun ta’lim” dasturi doirasida darsliklarni yaratishda xalqaro tashkilotlar, xalqaro donorlar ham ishtirok etgan. Masalan, birgina UNICEF 2020−2021-yillarda ushbu maqsadga 150 ming AQSh dollariga teng mablag‘ ajratganligi, jarayonda qatnashayotgan mutaxassislar uchun o‘nlab treninglar tashkil qilinganligi, xalqaro ekspertlar jalb qilinganligi haqida xabar bergan edi. Xalqaro loyihalarning samarasini baholashda barqarorlik (sustainability) va uzoq muddatli ta’sir (impact) muhim mezonlar ekanligini hisobga olsak, har ikki-uch yilda dasturlar va darsliklarni almashtirish O’zbekistonning xalqaro donorlar oldidagi obro’siga va ularning kelgusida O’zbekistondagi loyihalarga mablag’ ajratish, kuch sarflash ishtiyoqiga qanday ta’sir qilishi mumkin?
5-9-sinflarda o‘quvchilarga umumta’lim fanlaridan tayanch bilimlar berish. “Ta’lim to’g’risida”gi Qonunga muvofiq, “tayanch o‘rta ta’lim (5-9 sinflar) o‘quv dasturiga muvofiq ta’lim oluvchilarga bilim, malaka va ko‘nikmalarning zaruriy hajmini beradi, ularda mustaqil fikrlash va tahlil qilish qobiliyatini rivojlantiradi”. Shunday ekan, 2023-yil dasturiga bu bandni kiritishdan maqsad nima, u qanday ma’no yuki (смысловая нагрузка) tashiydi?
10-11-sinf o‘quvchilarining qiziqish va qobiliyatiga mos bo‘lgan ixtisoslashgan dasturlar asosida bilim berish amaliyoti joriy qilish. Agar ixtisoslashtirilgan dasturlar asosida ta’lim berish 10-11 sinflarda hamma maktablarda yo’lga qo’yiladigan bo’lsa, Prezident ta’lim muassasalari agentligi (hozirgi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi) tizimidagi 5 va 7 sinflardan qabul qiladigan ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarning vazifasi nima? 2023-yil dasturida nazarda tutilgan “ixtisoslashgan dasturlar asosida o’qitish” Xalq ta’limi vazirligi 2020-yilda “o‘quvchilarning o‘zi qiziqqan fanlarni chuqur o‘rganishiga sharoit yaratish” maqsadida joriy qilgan variativ o‘quv rejalaridan qanday farq qiladi?
Umuman, 2023-yilgi davlat dasturining loyihasini yozish, muhokama paytida bildirilgan takliflardan kelib chiqib qayta ishlash, kelishish, tasdiqlash jarayonida qatnashganlar ta’lim tizimida shu paytgacha bo’lgan jarayonlar, amalga oshirilgan ishlardan xabardormi, ularning natijasini tahlil qilib ko’rganmi? Tizimni “ilg‘or xorijiy tajriba asosida isloh qilish”da tizimli yondashilyaptimi o’zi? Yoki ta’lim tizimi har safar rahbarlar o’zgarganda hamma narsani “nol”dan boshlashga mahkummi? O’zbekiston ta’lim tizimining peshonasiga muttasil “Ilg‘or xorijiy tajriba” asosida isloh qilinish yozilganmi?
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligidan yuqorida ko’tarilgan savollarga javoblar va izohlarni kutib qolamiz.
AQSH O‘zbekistondagi 10 mingta maktabni ingliz tili darsliklari bilan ta’minlaydi
AQSH davlat kotibi Entoni Blinken ishtirokida 1 mart kuni xorijiy va mahalliy OAV ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Diplomatning ta’kidlashicha, AQSH O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlikda 15 ming nafar ingliz o‘qituvchini malakasini oshirishga va 10 mingta maktabni ingliz tili darsliklari bilan ta’minlashga kirishgan. “O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan keyin boshlangan va keyingi yillarda yanada kengayib bormoqda. Bu yerdagi barcha aloqalarni mustahkamlashga intilish hissini sezdim. Bu hamkorlik mamlakat yoshlariga e’tibordan boshlanadi. Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘tgan yil davomida 25 mln dollar sarmoya kiritdi. Bugun men o‘zbekistonlik yosh o‘quvchilarni ingliz tili o‘rganayotgan darsida ishtirok etdim. Bu shunchaki ingliz tilini o‘rganish emas, balki o‘zbekistonliklarning yosh avlodini ish o‘rinlari bilan raqobatga tayyorlash, mintaqa bo‘ylab ingliz tilida so‘zlashuvchilar bilan aloqa o‘rnatish, Qo‘shma Shtatlarda akademik liderlik almashinuv dasturlari eshiklarini ochishdir”, — deydi Entoni Blinken.
Mavzuga oid yangiliklar
Мактабларда дарслик тўпламлари ижара тўлов миқдори маълум бўлди
Ўқитувчилар томонидан мактаб ўқувчиларининг ота-оналарига тегишли нарх-наволар юборилиб, вилоят халқ таълими бошқармаларининг Telegram-каналларида ҳам эълон қилинди.
Дарсликлар тўплами учун ижара тўлови миқдори республика бўйича бир хил.
2022-2023 ўқув йили учун унинг нархи қуйидагича белгиланди:
- умумтаълим мактабларининг биринчи синф ўқувчилари учун – бепул;
- 2-синфлар учун 18 дона дарслик ва иш дафтарларидан иборат тўплам ижараси нархи – 102 700 сўм;
- 3-синф учун 18 та дарслик ва иш дафтарларидан иборат тўплам ижараси нархи – 102 700 сўм;
- 4-синф учун 12 та дарслик ва иш дафтарларидан иборат тўплам ижараси нархи – 68 500 сўм;
- 5-синфлар учун 15 та дарслик ва иш дафтарларидан иборат тўплам ижараси нархи – 85 600 сўм;
- 6-синф учун 13 та дарслик ва иш дафтарларидан иборат тўплам ижараси нархи – 74 200 сўм;
- 7-синф учун 18 та дарслик ва иш дафтарларидан иборат тўплам ижараси нархи – 102 700 сўм;
- 8-синф учун 19 та дарслик ва иш дафтарларидан иборат тўплам ижараси нархи – 108 400 сўм;
- 9-синф учун 19 та дарслик ва иш дафтарларидан иборат тўплам ижараси нархи – 108 400 сўм;
- 10-синф учун 18 та дарслик ва иш дафтарларидан иборат тўплам ижараси нархи – 102 700 сўм;
- 11-синф учун 21 та дарслик ва иш дафтаридан иборат тўплам ижараси нархи 119 800 сўм.
Аввалроқ Молия вазирлиги ижара тўлови миқдори кадрлар тайёрлаш ихтисослигига қараб ўзгариши мумкинлигини маълум қилганди.
Эслатиб ўтамиз, 5 сентябр куни Ўзбекистон таълим муассасаларида янги ўқув йили бошланади.
Qiziqarli malumotlar
AQSH O‘zbekistondagi 10 mingta maktabni ingliz tili darsliklari bilan ta’minlaydi