Anginani davolashda qo‘shimcha muolajalar haqida malumot

Anginani davolashda qo‘shimcha muolajalar haqida malumot

Angina (o‘tkir tonzillit) infeksion kasallik bo‘lib, asosan sovuq va nam xavo kunlarida tez-tez uchrab turadi. Stafilokokk, streptokokk va pnevmokokk infeksiyalari bu kasallikni keltirib chiqaradi. Anginaning uch xil – kataral (shilliq pardalarining qizarib yallig‘lanishi), follikulyar va lakunar ko‘rinishlari mavjud. Kataral anginada bodomcha bezlar shishgan va qizargan, follikulyarda yiringlagan va lakunar anginada bodomcha bezlar butunlay yiring bilan berkilib qolgan bo‘ladi.

Umumiy xolsizlanish, yutinganda tomoq og‘rishi, tana haroratining ko‘tarilishi, bosh og‘rig‘i bu xastalikning ilk belgilaridir. Anginaning dastlabki kunlarida asosiy davoga qo‘shimcha sifatida xalq tabobatining quyidagi sinalgan usullaridan foydalanish mumkin.

Qirg‘ichdan o‘tkazilgan 1 stakan xom lavlagi ustiga 1 oshqoshiqda sirka (uksus) solib tinitish kerak. Keyin suvini siqib olib, og‘iz va tomoq chayib turiladi.

Kasallikning birinchi 4 kunida kuniga 4 marta tomoqni 50 ml dan tarvuz suvi bilan g‘arg‘ara qilish kerak.

Tomoqni anor sharbati bilan chayish ham foyda beradi.

Angina boshlanishida o‘rtacha kattalikdagi yarimta limonni (iloji bo‘lsa parraklab) po‘chog‘i bilan sekin chaynab yeyiladi. 2-3 soatdan keyin qolgan yarmi ham iste’mol qilinadi, 1 soat o‘tgunga qadar hech narsa yeyilmaydi. Bu muolaja bemor tuzalgunga qadar davom ettiriladi.

Yangi siqib olingan limon sharbatining 100 ml ni 200 ml suv bilan past olovda qaynating. Shu suvni 5 daqiqa oralatib, 1 choy qoshiqdan ichib turiladi.

Yangi siqib olingan limon sharbatining 1 oshqoshig‘ini ichib, ustidan moychechakli issiq choyni ichib, o‘ranib yoting.

Limonni siqib sharbatini teng miqdordagi suv bilan aralashtirib, so‘ng tomoq chayiladi.

Tuzsiz suvda karam barglarini yumshagunicha qaynating, biroz vaqt tursin, so‘ng dokada suzing. 200 ml qaynatmaga 3 choy qoshiqda asal solib, kuniga 4 marta ovqat oldidan 100 ml dan ichish kerak. Bu muojala tomoq og‘rig‘i qolguncha bajariladi.

Qaynatilgan karam suviga moychechak damlamasidan teng miqdorda qo‘shib tomoq chayiladi.

Kartoshka po‘choqlarini tozalab yuvib, ozroq suvda qaynating. Suv kamayib bug‘ chiqadigan holga kelsin. 10-15 daqiqa shu bug‘dan og‘iz orqali va burun bilan nafas olib, keyin o‘ranib yotish lozim.

Bir dona piyoz va bir dona olmani qirg‘ichdan chiqazib, asal qo‘shing, hammasini aralashtirib, kuniga 2 marta 2 choy qoshiqdan iste’mol qiling.

Qirg‘ichdan o‘tkazilgan piyozga teng miqdorda asal qo‘shib aralashtiring, kuniga 3-4 mahal ovqatdan 15-20 daqiqa oldin 1 choy qoshiqdan yeyish kerak. Piyoz bo‘tqasi o‘rniga suvi bo‘lsa, undan ham yaxshi.

200 ml suvda 3 choyqoshiq maydalangan piyoz po‘choqlarini qaynatib, 4 soatcha tiniting, keyin shu qaynatma bilan tomoqni chaying.

Bir nechta piyozni mayda qirg‘ichdan o‘tqazib, boshni qalin sochiqda berkitib, ko‘zni yumib, piyoz hidida 10-15 daqiqa nafas olish kerak. Bu muolajani bir kunda bir necha marta o‘tkazish lozim.

200 ml yangi sabzi suviga 2-3 ta sarimsoq bo‘laklarini qirg‘ichdan o‘tkazib qo‘shing. Kuniga shu aralashmadan 2 marta bir piyola miqdorda ovqatdan 40 daqiqa oldin ichiladi va o‘ranib yotish lozim.

100 ml qaynoq suvga 100 g maydalangan sarimsoqni solib, yopiq idishda 5 soat tinitish kerak. Suzib olib, iliqligida sekin qultumlab ichish zarur.

Qabul qilinadigan qaynatmalar miqdori (dozasi) bemorning yoshiga qarab taqsimlanadi. Masalan, katta yoshdagilarga belgilangan miqdorning 1 yoshgacha bo‘lgan chaqaloqlarga 1/12 -1/8 dozasi, 1 yoshdan 2 yoshgacha 1/8-1/6 dozasi, 3 yoshdan 4 yoshgacha 1/6-1/4 dozasi, 4 yoshdan 7 yoshgacha 1/3 dozasi va 7 yoshdan 14 yoshgacha ½ dozasi beriladi.

Muolajalarni qo‘llashdan avval albatta shifokor bilan maslahatlashing!

© «Sihat-salomatlik» jurnali.

Kasalliklar
Anginani davolashda qo‘shimcha muolajalar