Andorra knyazligi

Andorra knyazligi
andorra knyazligi 65cb33b6662da

andorra 640x400 1

Andorra knyazligi

Mundarija скрыть
Andorra knyazligi
DO`STLARGA ULASHING:

DO`STLARGA ULASHING:

Maydoni: 468 kv. km.
Aholisi: 76 000 dan ortiq.
Poytaxti: Andorra la Velya shahri.
Boshqaruv shakli: parlamentli knyazlik.
Davlat boshligʻi: knyazlar.
Maʼmuriy tuzilishi: 7 ta jamoa (parrokiy)­ga boʻlinadi.
Pul birligi: yevro.
Jugʻrofiy oʻrni, tabiati. Yevropa janubi-gʻarbida, Fransiya va Ispaniya oʻrtasida, Pireney togʻliklarining sharqiy qismida joylashgan. Mamlakat nomi basklar tilidagi “andurrial” – “boʻsh yer” soʻzidan kelib chiqqan.
Poytaxt Andorra la Velya shahri dengiz sathidan 1029 metr balandlikda. U Yevropaning eng yuqori joyidagi shahar sanaladi.
Andorra hudu­dida yuksak qoyali togʻlar koʻp, ularni kichik vodiylar ajratib turadi. Oʻlkada temir rudasi va qoʻrgʻoshin konlari bor.
Iqlimi – moʻtadil. Qishi sovuq va qorli; yozi esa, salqin va quruq boʻladi. Yillik oʻrtacha harorat +9°C.
Andorra togʻlarida muzli koʻllar koʻp. Eman, qoraqayin, kashtan, qaragʻay va qoraqaragʻay kabi daraxtlar oʻsadi. Togʻ yonbagʻirlari va adirliklar oʻtloqlar bilan qoplangan.
Tarixiy sanalari. Andorra – mustaqil suveren davlat. Milodiy 790 yili Fransiya qiroli Karl davrida mustaqillikka erishgan. Oʻsha paytdan to birinchi konstitutsiya qabul kilinguncha 1278 yil shartnomasida belgilanganidek, Fransiya va Seode-Urxel shahri (Ispaniya) yepiskopining ikki yoqlama boshqaruvida boʻldi. 1993 yil 14 martda umumxalq ovoz berishi yoʻli bilan mamlakatning birinchi konstitutsiyasi maʼqullandi. Unga koʻra, Andorra “parlamentli knyazlik” hisoblanadi, “xalq suvereniteti tamoyili”ga asoslanadi. Sobiq hukmdorlar – Fransiya prezidenti bilan Seode-Urxel yepiskopiga aniq vakolatli “konstitutsion davlat boshliqlari” martabasi, jumladan, ularga ichki xavfsizlik va mudofaa, hududiy va chegara huquqlari, yuridik sohalarda hamkorlik qilishga doir xalqaro shart­nomalarni tayyorlashda qatnashish huquqi berildi. Davlat boshliqlari rasman Fransiya prezidenti va Urxel yepis­kopi hisoblanadi. Ular mamlakatni birgalikda boshqaradi, Andorrada oʻrinbosarlari – vigyelar doimiy faoliyat yuritadi. Biroq asosiy boshqaruv parlament ixtiyorida.
Iqtisodi. Mamlakat yalpi ichki mahsuloti­ning sakson foiz ulushi sayyohlik sohasiga tegishli. Har yili Andorraga toʻqqiz millionga yaqin sayyoh keladi. Xususiy tadbirkorlikka keng imkoniyatlar yaratilgan. Soliq imtiyozlari sabab bank sohasi keng rivojlangan. Qishloq xoʻjaligi taraqqiy etmagan. Sababi umumiy yer maydonining ikki foizigina dehqonchilikka yaroqli. Bu sohada aholining bir foizigina band. Asosan kartoshka va tamaki, ozroq miqdorda arpa va javdar yetishtiriladi.
Andorra soliqsiz savdo hududi hisoblangani bois turli mahsulotlarni bu yerda Yevropaning boshqa mamlakatlariga nisbatan 25–40 foizgacha arzon narxda sotib olish mumkin.
Aholisi. Aholisining asosiy qismi – 45 foizdan ortigʻi andorraliklardan iborat. Ispanlar (26 foiz) va portugallar (14 foiz) ham koʻpchilikni tashkil etadi. Tubjoy aholi togʻli hududlarda qadimdan yashab kelayotgan katalon dehqonlaridir. Rasmiy til – katalon tili. Unda aholining uchdan bir qismi soʻzlashadi. Shuningdek, fransuz va ispan tili ham keng qoʻllanadi.
Dini. Mamlakat aholisining 90 foizdan ziyodi katoliklar.
Maʼlumotlarga koʻra, Andorrada ikki mingdan ortiq musulmon yashaydi. Ularning koʻpchiligi Shimoliy Afrikadan ish axtarib kelganlardir. Bundan tashqari, marokashliklar, pokistonliklar va turkiyaliklar ham bor.
Mamlakatda Islom madaniyat markazi tashkil etilgan, unda ellikka yaqin talaba saboq oladi.
Orifjon MADVALIYEV tayyorladi.
oriftolib.uz
“Hidoyat” jurnalining 2014 yil 10-sonida chop etilgan.

Andorra knyazligi