ANBAR OTIN haqida malumot bilib oling.
ANBAR OTIN Farmonqul qizi (1870 — Qoʻqon — 1906) — oʻzbek shoirasi. Otasi Uvaysiyning jiyani. Onasi Ashurbibi oddiy kosib qizi. Anbar Otin Dilshod otin maktabida tahsil olgan. Anbar Otin sheʼrlar ijod qilish bilan birga mahal-lasidagi yosh qizlarga taʼlim va tarbiya bergani tufayli Otin nomiga ega boʻladi. Anbar Otin oʻzbek va tojik tillarida ijod qilgan. Ijodda koʻproq Uvaysiyga ergashgan. Navoiyni birinchi ustoz hisoblagan. Zamondoshlari Muqimiy, Furqat, Zavqiylar bilan tanish boʻlgan. Sheʼrlarida ularga murojaat qilgan, ular bilan bahslashgan. Oʻzbekcha sheʼrlari (48 ta)dan devon tuzgan. Undan 41 gʻazal, 4 muxammas, 1 qitʼa, 1 masna-viy, 1 mustazod oʻrin olgan (1905). 70-y. larning boshida shoiraning 40 ga yaqin sheʼrdan iborat yana bir qoʻlyozma devoni, «Qarolar falsafasi» risolasi, 160 misralik «yakka bayt»lari topildi, tojikcha gʻazallaridan devon tuzish niyati boʻlgan, ammo bor-yoʻqligi hoz. nomaʼlum. AO. sheʼrlari aksariyat ijtimoiy mavzuda. Zamona adolatsizligidan, mehnatchi xalqogʻir ahvolidan soʻz ochadi, maʼrifatni ulugʻlaydi. «Qarolar falsafasi» asarida ayollarning ogʻir qismati haqida hikoya qilinadi. Anbar Otin asarlari qoʻlyozmasi Oʻzbekiston FA Sharqshunoslik in-ti fondida saqlanadi (inv. № 1647).
As: Sheʼrlar, T., 1963; Sheʼrlar, riso-la, T., 1970.
Ad:. Qayumov L., Husainova F., Demokrat shoira Anbar Otin, T., 1964; Qodirova M., XIX asr oʻzbek shoiralari ijodida inson va xalqtaqdiri, T., 1977; Oʻzbek adabiyoti tarixi, 5 jildli, 5-jild, T., 1981; Karimov F., Oʻzbek adabiyoti tarixi, 3-kitob, 3-nashri, T., 1987.
Begali Qosimov.
Ensiklopediya.uz
ANBAR OTIN