AMIR TEMUR MAQBARASI haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
AMIR TEMUR MAQBARASI haqida malumot bilib oling.

AMIR TEMUR MAQBARASI, Goʻri Amir — Samarqanddagi meʼmoriy yodgorlik (14-a. oxiri — 1405 i.). Xalq orasida Goʻri Amir yoki Goʻri Mir (Mir Sayyid Baraka) deb nomlanib kelinadi. Maqbaraga temuriylar sulolasiga mansub kishilar (Amir Temur, uning piri Mir Sayyid Baraka, oʻgʻillari Umarshayx, Mironshoh va Shohrux, nabi-ralari Muhammad Sulton, Ulugbek va b.) dafn etilgan. Boburning taʼkidlashicha, dastlab Temurning nabirasi Muhammad Sulton Mirzo Samarqand qalʼasi jan. da Toshqoʻrgʻon — chaqarda Madrasa qurdirgan. Muhammad Sulton halok boʻlgach (1403), Amir Temur uning xotirasiga maqbara qurish haqida farmon berdi. Maqbara Madrasa hovlisining toʻriga bunyod etilgan.

Bizgacha, asosan, peshtoqli darvozasi bor hovli va maqbara binosi saqlangan. Arxeologik tadqiqotlar natijasida maqbara hovlisining ikki yonidan Muhammad Sulton qurdirgan Madrasa va xonaqoh qoddiqlari topilgan. Madrasa va xonaqoh chorsi hovlining sharqiy va gʻarbiy tomonlarini egallagan. Hovlining jan. da gumbazli maqbara joylashgan. Maqbaraga jan. dan, Ulugʻbek qurdirgan dalon (1424) orqali kiriladi. Maqbaraning chortoq tarhli ziyoratxonasi baland toqi — ravoqli, tepasi yozuv hoshiyalari va ichki gumbaz bilan qoplangan. Tashki gumbazi 64 qobirgʻali, baland poygumbaz (diametri — 15 m, bal. 12,5 m)ga oʻrnatilgan.

Ziyoratxona oʻrtasidagi marmar panjara bilan oʻralgan murabba xazira sahniga qator qabrtoshlar qoʻyilgan. Yuqorisi (toʻri)da Amir Temurning harbiy yurishlarida unga hamroh boʻlgan va uning yuksak hurmatini qozongan Mir Sayyid Baraka sagʻanasi joylashgan. Sayyid Baraka qabrining oyoq tomoniga Amir Temurning oʻzi dafn qilingan. Uning uch tomonida Muhammad Sulton, Mironshoh, Umarshayx qabrlari bor. Keyinchalik bu yerga Temurning nabiralari va evaralarining qabr toshlari qatʼiy tartibda joylashtirilgan. Temur sagʻanasiga qoʻyilgan koʻk nefrit qabrtoshini Ulugʻbek Moʻgʻulistonga qilgan yurishi vaqtida olib kelgan. Toshdagi lavhada Temurni ulugʻlaydigan soʻzlar, uning shajarasi hamda marsiyalar oʻymakori yozuvlarda bitilgan. Hamma sagʻanalar Ulugʻbek tomonidan yaxlit oʻyma marmar panjara bilan oʻralgan. Ziyoratxonaning sharqiy qismidagi ravoqdan zina orqali ostki qavatidagi goʻrxonaga tushiladi. Goʻrxona sakkiz qirrali. Undagi sagʻanalar yuqrri qavatda qanday joylashgan boʻlsa, bu yerda ham shu tartibda joylashgan. Ziyoratxonadagi qabrtoshlarning har biri yuksak sanʼat asaridir. Ziyoratxona serhasham bezaklarga boy. Boʻrtma bezak kundallar zaminiga lojuvard rang gullar ishlangan. Izorasi yashil toshdan girih shaklida terilgan. Toʻrtta chuqur ravoqlardagi darchalarga oʻsha vaqtda rangli oyna oʻrnatilgan. Oltin va kumush qandillardagi shamlar yonganda ziyoratgoh ichkarisi ulugʻvor va afsonaviy tus olgan. Tashqarisi sirkor gʻishtchalar bilan bezatilgan. Gumbaz va uning poyidagi bezaklar, turli arabiy yozuvlar alohida koʻzga tashlanadi. Maqbara darchalarida yogʻochdan ishlangan nafis panjaralar, eshiklarida esa murakkab qoʻsh zaminli oʻymakor bezaklar boʻlgan. Maqbaraning gʻarbiy tomoniga baland peshtoq yondashgan. Taxminlarga koʻra bu peshtoq qoldiklari 17-a. ga mansub.

Maqbaraning mutanosiblik nisbati, naqshlari, turli bezaklari katta mahorat bilan bajarilgan. Tashqi peshtoq darvozasining tepasida meʼmorusta «Muhammad binni Mahmud al-banno Isfaxoniy» nomi saqlangan. Keyinchalik maqbara bir necha bor taʼmirlandi, gumbazi qayta tiklanib, xonaqoh va Madrasa qoldiqlari kavlab topildi, ichki va tashqi bezaklar taʼmir etildi. 1941-y. da musulmon odatiga zid ravishda Amir Temur va Ulugʻbek qabrlari ochib tekshirilib, ular ruhlari bezovta etildi.

Ensiklopediya.uz
AMIR TEMUR MAQBARASI