Allergik kasalliklarda parhez haqida malumot

Allergik kasalliklarda parhez haqida malumot

Turli allergik kasalliklarda eng avvalo bemorning immunitetini ko‘tarish zarur. Buning uchun xasta odam 4-5 kun davomida tabiiy sharbat ichishi kerak. Undan so‘ng ham immunitetini ko‘tarish maqsadida qisqa muddatli sharbatli parhez kunlari tavsiya etiladi. Sarxil sariq sabzi, ko‘k va sariq olma, oq uzumning barcha turlari, nok, qovun (mag‘zi oq turi), sariq pomidor, bodring, xom qovoqcha (kabachka)dan tabiiy sharbat tayyorlash mumkin. Bananni mikserda maydalab bo‘tqa (pyure) holatida bolalarga berish zarur. Sap-sariq pishgan oshqovoqdan ham tabiiy sharbat tayyorlasa bo‘ladi. Sariq gilos va shu rangdagi olcha va o‘rikning tabiiy sharbati ham allergiyaga moyil bemorlar uchun quvvatbaxsh ichimlik hisoblanadi.

Ko‘pincha bemorlarda oziq-ovqat mahsulotlari va turli hayvonlar yungi va ayrim hasharotlarning ajralmalari, po‘stlari va tuklariga nisbatan sezuvchanlik yuqori bo‘ladi.

Mabodo bemorda mushuk yungiga nisbatan allergiya bo‘lsa va xasta kishini tumov va yo‘tal qiynasa tarkibida cho‘chqa va mol go‘shti bo‘lgan mahsulotlardan boshqa barcha parhezbop oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilishi mumkin. Agar bemorda uy changi va undagi kanalarga nisbatan allergiya aniqlangan bo‘lsa barcha turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini va meva-sabzavotlarni iste’mol qilishi mumkin. Faqat krevetka, chig‘anoq, sakkizoyoq, qisqichbaqa, dengiz molyuskasi kabi dengiz mahsulotlarini tanovul qilishdan tiyilish zarur. Pistani esa o‘simliklar changiga allergiyasi bo‘lmagan odamlar chaqishi mumkin.

Sut va uning mahsulotlariga nisbatan sezuvchanligi yuqori bo‘lgan xasta insonlarga ham barcha turdagi oziq-ovqat mahsulotlari ruxsat etiladi. Faqat sut va uning mahsulotlarini tanovul etish man etiladi. Sut o‘rniga suyuq damlangan kofe, choy, shuningdek, tabiiy sharbat, kompot va mineral suvlarni ichish mumkin. Glyuten moddalariga allergiyasi mavjud bemorlar xamirli taomlar, suli bo‘tqasi, tariq va bug‘doy, shuningdek, un mahsulotlaridan parhez qilishi zarur. Boshqa barcha turdagi mahsulotlarni iste’mol qilishga ruxsat etiladi. Un o‘rniga guruch, makkajo‘hori, grechixa yoki javdar unini ishlatish mumkin.

Har bir allergiyasi mavjud bemor allergelog bilan bamaslahat ish tutishi zarur. Shunda xastalikdan tez forig‘ bo‘ladi. Yana allergik xastalikning ma’lum turiga doir parhezga ham bemor qat’iy amal qilishi shart. Shundagina bu kasallik yanada avj olib, asorat qoldirishining oldi olinadi.

Qaysi mahsulotlarni ushbu xastalikda iste’mol qilish mumkin?

Kasallik qo‘zg‘aganda bemor kundalik taomnomasiga jiddiy e’tibor berishi lozim. Allergik xastalikka mo­yil bemorlarning organizmi fiziologik jihatdan ayrim oziq-ovqat mahsulotlari, hayvon va hasharotlarning yung va qazg‘oqlariga nisbatan yuqori sezuvchanligi irsiy yoki noto‘g‘ri ovqatlanish sababli, shuningdek, ba’zi xastaliklarning asorati sifatida namoyon bo‘ladi. Ayniqsa, xastalik xuruj qilgan payti bemorning organizmi o‘ziga xos giperreaktiv (giper-yuqori, reaktiv-sezuvchan) holatda bo‘ladi. Ushbu holatda xasta odam dudlangan, marinadlangan, turli tuzlamalar, sirka solingan mahsulotlar, go‘shtli sho‘rvalar, qovurilgan ovqatlar, dengiz mahsulotlari, tuxum, mayonez, qo‘ziqorinlar, yong‘oqlar, sitrus mevalar, reza mevalarni iste’mol qilish, gazlangan va turli sun’iy bo‘yoqli ichimliklarni ichish bemorlarga man etiladi. Oziq-ovqat mahsulotlariga allergiyasi mavjud bolalar va shuningdek, kattalarga ham shokolad, asal, zefir, tort, keks, sous, shirinliklar, shokoladli pastalarni tanovul etish, kakao, kofe, sitrus mevalar, sarxil va qizil rangli meva-sabzavotlar sharbatlari, achitqi (xamirturush), konservant mahsulotlar, yeryong‘oq, baliq mahsulotlari, geni o‘zgartirilgan mahsulotlarni(GO‘M–bu mahsulotlar hatto, sog‘lom odamlar uchun zarar) tanovul etish ruxsat etilmaydi. Yana xastalik xurujining oldini olish maqsadida xonadonda junli gilamlar, yumshoq o‘yin­choqlar, par yostiqlardan voz kechish kerak. Uning o‘rniga tabiiy ipak yoki sun’iy toladan to‘qilgan gilam, sholcha, tabiiy tolali matolardan tayyorlangan yumshoq o‘yinchoqlar, paxta solingan yostiqlardan foydalanish darkor.

 Gulchehra SHIRINOVA, mutaxassis.

«Sog‘lom avlod» gazetasi.


Avitsenna.uz sayti orqali mavzuga aloqador quyidagi maqolalarni ham o‘qishingiz mumkin:

 

Kasalliklar
Allergik kasalliklarda parhez