AHMAD DONISH haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
AHMAD DONISH haqida malumot bilib oling.

AHMAD DONISH Maxdum ibn Nosir (taxallusi Kalla; 1826 — Buxoro — 1897) — yozuvchi, rassom, xattot, olim, maʼrifatparvar. 19 – a. da Buxoro taraqqiyparvar muhitining yuzaga kelishida muhim oʻrin tutgan. Tojik tilida ijod qilgan. Mudarris oilasida tugʻilgan. Ahmad Donish boshlangʻich savodni onasidan olgan, soʻng maktabda, madrasada tahsil koʻrgan. Adabiyot, tarix, falsafa, tibbiyot, mat., astronomiya ilmini mustaqil oʻrgangan. Xattotlik, rassomlik va naqqoshlikni yaxshi bilgan, munajjimlikdan yaxshi xabardorligi b-n Nasrumaxon nazariga tushgan. 1857, 1869, 1873-y. larda Buxoro amiri elchilarining mirzasi boʻlib, Rossiya (Peterburg) ga borgan. Safar taassurotlari asosida «Navodir ul-vaqoeʼ» («Nodir voqealar») va «Tarjimai ahvoli amironi Buxoro» («Buxoro amirlarining tarjimayi hollari») kabi asarlar yozgan. Ularda amirlik tuzumini isloh qilish masalasini koʻgargan. Ahmad Donish amir Muzaffar taklifi bilan «Manozir ul-kavokib» («Sayyoralarning joylashishlari») nomli astronomiya (ilmi nujum)ga oid kitob yozgan (1865). 1870 — 73 ylarda islohot haqida «Risolai dar nazmi tamaddun va taovun» («Madaniyat va jamiyat tartibi haqida risola») asarini yaratgan. Biroqundagi fikrlar amirga yoqmagan va uni saroydan uzoqlashtirgan (1874). Ahmad Donish maʼlum muddat Buxoro tumanlarida qozi lavozimida ishlagan. Amir Muzaffar vafotidan soʻng Buxoroga qaytgan, madrasalardan birida mudarrislik qilgan.

Ahmad Donish «Nodir voqealar» asarida fan, texnika yangiliklari, tabiat hodisalari, geogr., insonning uzoq umr koʻrishi, koinotning kelib chiqishi, Oy va Quyosh tutilishi, zilzila haqida fikr yuritgan, Yevropa ilm-fanini oʻrganishga daʼvat etgan. «Risolai tarixiy» nomi b-n mashhur boʻlgan «Taʼrixi saltanati xonadoni mangʻitiya» asarida mangʻitlar sulolasining 100-yillik hukmronligi taxlil va tadqiq qilingan.

Ahmad Donish chizgan ayrim rasmlar saqlangan. «Maktab» nomli miniatyurasida xotinqizlarni oʻqitish gʻoyasi ilgari surilgan. 15 – a. miniatyura sanʼati uslubida chizilgan «Shoir va darvish» miniatyurasi, «Majnun sahroda» nomli 2 miniatyurasi, bangining hajviy rasmi, oʻzi koʻchirgan va bezagan Bedil asarlari Oʻzbekiston FA Sharqshunoslik in-ti (inv. № 373) va Oʻzbekiston davlat sanʼat muzey i da saqlanadi. Toshkentdagi koʻchalardan biriga Ahmad Donish nomi berilgan.

Ad.: Moʻminov I., Oʻzbekiston ijtimoiy-falsafiy tafakkuri tarixidan, T., 1964.

Ensiklopediya.uz
AHMAD DONISH