Abu Jandal ibn Suhayl
Abu Jandal ibn Suhayl
DO`STLARGA ULASHING:
Bu sahobiy Islomning avvalgi davridayoq Makkada musulmon bo‘lgan edilar. Otalari o‘g‘lim hijratga ketib qolmasin, deb zanjirband qilib qo‘ygani uchun hijrat qila olmay Makkada qolib ketgan edilar. Hudaybiyya sulhiga imzo chekilganidan keyin Abu Jandal musulmonlar tomoniga o‘tib ketdilar.
Bu zotning musulmonlar tomoniga o‘tishlari katta g‘avg‘oga aylanib ketdi. Chunki bu musulmonlar va mushriklar o‘rtasida tuzilgan sulh shartnomasiga zid bo‘lib, Hudaybiya sulhida musulmonlardan kim mushriklar tomoniga o‘tsa qaytarilmasligi, lekin mushriklar tomonidan biror kishi o‘tsa, qaytarib berilishi ko‘zda tutilgan edi.
Abu Jandal ming mashaqqat bilan tutqunlikdan qutulib, zanjirlarini sudraganicha musulmonlardan panoh so‘rab kelganlarida ota o‘g‘lining qaytarilishini Rasululloh sollalllohu alayhi vasallamdan qattiq talab qilib turib oldi: «Sulh shartlariga muvofiq sizdan birinchi bo‘lib so‘raydiganim shudir, agar berilmasa, sulh buziladi». Rasuli akram sulh hukmidan Abu Jandalning istisno qilinishini xohlagan edilar. Biroq otasi Suhaylning qaysarligini ko‘rib sulhni qutqarib qolishni o‘yladilar va valiysining istagiga ko‘ra Abu Jandalni topshirishga rozi bo‘ldilar. Bechora Abu Jandal bu holdan qattiq qayg‘urib, xafa bo‘lib qoldilar:
– Men musulmon bo‘lganim uchun shunday zulmlarga, azoblarga uchragan edim. Yana meni qaytadan zulm ichiga otmoqchimisizlar? Yana mushriklar qo‘liga topshirmoqchimisizlar? – U titrab-qaqshab hammaga javdirab qarar, badanidagi yaralarni ko‘rsatib, iztirobli ahvolini tushuntirmoqchi bo‘lar, musulmonlarning marhamatidan umidvor edi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga tasalli berishga urinib ko‘rdilar. «Biz shu narsaga bitim tuzganmiz. Bu bitimni bajarishga majburmiz. Sen sabr qilgin, Allohdan umidingni uzma, Alloh O‘zi yaqinda seni va sen kabilarni ro‘shnolikka chiqaradi», dedilar. Abu Jandal Yana o‘sha kishanlar ichida Makkaga qaytishga majbur bo‘ldilar.
O‘sha paytda vaziyat o‘ta nozik, asablar taranglashgan edi. Abu Jandalga tatbiq qilingan muomala musulmonlarni g‘alayonga keltirdi. Abu Jandalning takroran zolimlar qo‘liga topshirilishi chidab bo‘lmas bir manzara edi. Hatto Hazrati Umar ham bu holga chiday olmadilar. Rasuli akramning huzurlariga borib:
– Siz Allohning Payg‘ambari emasmisiz, da’voyingiz haq da’vo emasmidi, bu zalolatni nega qabul qilyapsiz, – deya ta’na qilishgacha bordilar. Shunda Payg‘ambar alayhissalom unga:
– Muhaqqaq, men Allohning Payg‘ambariman. Allohga isyon qilganim ham yo‘q. Bizdan ularga ketganlarni (ya’ni Islomdan chiqqanlarni) Alloh bizdan uzoq qilsin. Ulardan bizga kelganlar uchun esa Alloh, albatta, biror chora yaratadi, – dedilar.
Abu Jandal ko‘p o‘tmay makkalik mushriklar iskanjasidan qutuldilar. Madinaga borsam, yana mushriklar janjal ko‘taradi, degan fikrda o‘ziga o‘xshab mushriklar tazyiqidan qochib yurgan Abu Basir izidan Makka va Shom yo‘li oralig‘idagi Is degan joyda o‘rnashib qoldilar. Bu yer betaraf va xavfsiz bir chegara bo‘lib, qurayshiylarning Shom tijorat karvoni shu yerdan o‘tar edi.
Lekin Abu Jandalga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tiriklik paytlarida g‘azotga chiqish nasib qilmadi. Keyinchalik u kishi Shom shahriga mujohid bo‘lib chiqib ketdilar. Va Avomis vabosi sababli hijratning 18-yili o‘sha yerda vafot etdilar.
Ahmad Muhammad tayyorladi | Siyrat.uz
Abu Jandal ibn Suhayl